Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Filippinda yangi to‘fon, Ukrainadagi «og‘ir tun» va muvaffaqiyatsizlikka yuz tutayotgan Saudiya megaloyihalari – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQShda «shutdown» yakunlanishi mumkin
9 noyabr kuni AQSh Senati federal hukumatni qayta ochish va 40 kundan buyon davom etayotgan «shutdown»ni tugatishga qaratilgan chorani ilgari surdi.
Senatorlar muhokama jarayonida Vakillar palatasi tomonidan qabul qilingan qonun loyihasini oldinga surdi. Agar Senat bu loyihani ma’qullasa, Vakillar palatasi tomonidan qayta tasdiqlanib, prezident Donald Trampga imzo uchun yuborilishi kerak. Bu jarayon bir necha kun davom etishi mumkin.
Reutersʼning muzokaralar bilan tanish manbasiga ko‘ra, o‘z partiyasi rahbariyatiga qarshi chiqqan bir necha demokratlar respublikachilar bilan kelishgan. Respublikachilar dekabr oyida «Obamacare» dasturi bo‘yicha subsidiyalarni uzaytirish yuzasidan ovoz berishga rozi bo‘lishgan.
Kongressdagi bahslar davom etayotganda Tramp yakshanba kuni «Obamacare» subsidiyalarini bekor qilib, ularning o‘rniga to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqarolarga to‘lovlar yo‘naltirish taklifini yana ilgari surdi. «O‘ylaymanki, biz «shutdown» yakuniga juda yaqinmiz», - dedi Tramp Oq uyda ovoz berishdan avval jurnalistlarga.
Agar hukumat faoliyati tez orada qayta tiklanmasa, AQSh iqtisodiy o‘sishi to‘rtinchi chorakda manfiy ko‘rsatkichga o‘tishi mumkin, deb ogohlantirdi Oq uy iqtisodiy maslahatchisi Kevin Hassett.
Yakshanba kuni AQShda hukumat yopilganiga 40 kun to‘ldi. To‘xtalishlar sababli AQShda minglab federal xodimlar ishsiz qolgan, oziq-ovqat yordami kechikkan va havo qatnovi izdan chiqqan.
Ukrainaning ko‘plab hududlari elektrsiz qoldi
Rossiya Qurolli kuchlarining «Tsentrenergo» tashqi issiqlik elektr stansiyalari va boshqa energetik infratuzilmalarga hujumidan keyin Ukraina bo‘ylab elektr ta’minoti bo‘yicha ommaviy muammolar qayd etildi. «Ukrenergo»ning 9 noyabrdagi bayonotiga ko‘ra, yakshanba kuni mamlakatning ko‘p mintaqalarida elektr ta’minotidagi tanaffuslar 16 soatgacha bo‘ldi.
Xususan, Kiyevda o‘chirishlar davomiyligi sutka davomida 9,5-13,5 soat oralig‘ida bo‘lishi mumkin. Mahalliy pabliklarda ayrim obektlar qorong‘ilikka cho‘mgani aks etgan kadrlar e’lon qilinmoqda. Biroq ko‘plab do‘kon va dorixonalar generatorlar va muqobil ta’minot manbalariga ulangan.
Xarkivda qisman blekaut kuzatilgan. «Xarkivda elektr energiyasi yetishmovchiligi sezilarli. ʼUkrenergoʼ majburiy avariyaviy o‘chirishlarni joriy etmoqda», — deb yozdi mer Igor Terexov. Terexovga ko‘ra, metro panohgoh rejimida ishlayapti.
«Butun mamlakat bo‘ylab — Lvivdan Sumgacha, Odessadan Chernixovgacha — energetiklar navbatdagi Rossiya zarbalari oqibatlarini bartaraf etmoqda», - dedi u.
Poltava viloyati harbiy ma’muriyati raisi Vladimir Kogut ham shaharda elektr, suv va issiqlik ta’minotida uzilishlar borligini ma’lum qildi. Aholi kamida 10 soat elektrsiz qolishi mumkin.
Ukraina energetika vaziri Svetlana Grinchuk Rossiyaning tungi havo hujumidan so‘ng, 8 noyabrga o‘tar tun – 2022 yil fevraldan beri «eng og‘ir tunlardan biri» bo‘lganini ta’kidladi.
Britaniya Belgiyaga harbiylarini yubordi
Buyuk Britaniya Belgiyaga dronlar bilan bog‘liq xavf va parvozlar uzilishiga qarshi kurashishda yordam berish uchun mutaxassislar hamda texnik jihozlar yubormoqda.
«Belgiya Qurolli kuchlari rahbari bizdan yordam so‘radi, o‘tgan haftaning oxirida mudofaa vaziri bilan birgalikda biz odamlarimiz va jihozlarimizni Belgiyaga yuborishga qaror qildik», - dedi Britaniya qurolli kuchlari boshlig‘i Richard Nayton.
U yuboriladigan texnika turi yoki harbiylar soni haqida aniq ma’lumot bermadi.
Nayton shuningdek, dronlar kim tomonidan boshqarilayotgani hali noma’lumligini aytib, Rossiya so‘nggi yillarda «gibrid urush» uslublarini qo‘llab kelayotganini eslatdi. Rossiya esa bu hodisalarga aloqadorligini qat’iyan rad etdi.
So‘nggi haftalarda Belgiyada aeroportlar va harbiy bazalar ustida noma’lum dronlar paydo bo‘ldi. Bu hodisalar Yevropaning turli hududlarida yuz bergan katta uzilishlarning davomi sifatida baholanmoqda.
Saudiya megaloyihalari
Saudiya Arabistonining Neom kabi futuristik megaloyihalari neft iqtisodiyotidan raqamli iqtisodiyotga o‘tishdagi to‘xtovsiz taraqqiyoti ramziga aylanishi kerak edi. Biroq loyiha ilgarilagan sari reallikka duch kelmoqda.
The Line — saudlarning Neom loyihasi markaziy elementi bo‘lib, 170 kilometr uzunlikdagi, faqat piyodalar va jamoat transporti uchun mo‘ljallangan chiziqsimon shahar sifatida loyihalashtirilgandi.
Gorizontal osmono‘par bino sifatida mo‘ljallangan loyiha me’morlari bunday inshootni rejadagiday barpo etish mumkinmi yoki yo‘qmi, degan shubhalarni bildirdi. Qiymat oshdi, muddatlar surildi, Ar-Riyod umid qilgan chet el investitsiyalari esa kelmadi.
Bugunga kelib, kamida 50 milliard dollar sarf etilganiga qaramay, qurilish ishlari sahroda qator havozalar o‘rnatish bilan cheklandi, manzara bo‘ylab chuqur xandaqlar tortilgan.
Financial Times nashri bilan suhbatlashgan ko‘plab insayderlar: me’morlardan tortib muhandislar va sobiq top-menejerlargacha — g‘oyaning fizika qonunlari, narx-navo va siyosiy realliklar bosimida amalda muvaffaqiyatsizlikka yuz tutganini qayd etdi.
Kelajakda balandligi bir kilometrga yetishi rejalashtirilgan Jeddah Tower minorasi qurilishi esa shu yil qayta tiklandi va haftasiga bir qavat sur’atiga chiqdi. Hozirda 76-qavat barpo etilmoqda.
Filippinda yangi to‘fon
«Fung-wong» to‘foni yakshanba kechasi shimoliy Filippinni vayron qilib o‘tdi, kamida ikki kishining o‘limiga sabab bo‘ldi va ayrim shaharlarni tashqi dunyodan uzib qo‘ydi. Dushanba tongida aholining ko‘pi uyqusiz kechadan so‘ng zarar miqdorini baholashga kirishdi.
Tayfun sababli qariyb bir million kishi xavfsiz joylarga ko‘chishga majbur bo‘lgan. Hukumat vakillarining ma’lumot berishicha, ob-havoning yomonlashishi oqibatida ishxona va ta’lim muassasalari vaqtinchalik yopilgan. Mamlakatning markaziy va janubi-sharqiy qismlarida eng yuqori – beshinchi darajadagi xavf e’lon qilingan.
Davlat ob-havo agentligi xabariga ko‘ra, tayfun hozir Janubiy Xitoy dengizi ustida harakatlanmoqda va Tayvanga qarab shimoli-sharqqa burilishi kutilmoqda.
Fuqarolik aviatsiya boshqarmasining ma’lum qilishicha, yakshanbadan beri 400 dan ortiq reys bekor qilingan.
«Fung-wong» bu yil Filippinga zarba bergan 21-bo‘ron bo‘lib, o‘tgan haftada kelgan Kalmaegi to‘foni esa Filippinda 224 kishi, Vetnamda esa yana 5 kishining hayotiga zomin bo‘lgandi. Aslida hali bu to‘fon oqibatlari ham hali bartaraf etilmagandi.
Mavzuga oid
14:30 / 05.06.2026
Putinga ochiq xat yo‘llagan Zelenskiy va Sining Shimoliy Koreyaga tashrifi – kun dayjesti
14:39 / 04.06.2026
Sankt-Peterburgga dronlar hujumi va yadro quroliga ega bo‘lmaslikka «rozi bo‘lgan» Eron – kun dayjesti
16:10 / 03.06.2026
Eron Kuvayt va Bahraynni urdi, AQSh yadro qurolini Polshaga joylashtirmoqchi – kun dayjesti
15:15 / 02.06.2026