O‘zbekiston | 16:47 / 10.11.2025
7273
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni Samarqandga taklif qilib, Registon suvenirini sovg‘a qildi

O‘zbek diplomatiyasi S5+1 formatidagi Markaziy Osiyo – AQSh prezidentlari sammitining navbatdagisini 2026 yil Samarqandda o‘tkazishga urinmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda AQSh prezidenti Donald Trampga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Oq uy matbuot xizmati e’lon qilgan suratlardan ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston yetakchisi Registon majmuasining kichik nusxasi va Trampning o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Kelishish san’ati” nomli kitobini sovg‘a qilgan.

Suratlar to‘plamida Markaziy Osiyo – AQSh muloqoti uchun Vashingtonga borgan mintaqaning boshqa yetakchilari mezbon prezidentga sovg‘a bergani ko‘rinmaydi.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbek diplomatiyasi Trampning Samarqandga tashrifini tashkillashtirishga intilib kelmoqda. Prezident Mirziyoyev amerikalik hamkasbi bilan har gal muloqot qilganida, uni O‘zbekistonga kelishga chaqiradi. 6 noyabr kungi sammitda ham Shavkat Mirziyoyev S5+1 formatidagi prezidentlar sammitining navbatdagisini 2026 yil Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi.

Ma’lumot uchun, AQSh prezidentlari hali biron marta Markaziy Osiyoga kelmagan.

Mavzuga oid