Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sanksiyalar, IShIDga qarshi koalitsiya, Isroil bilan munosabatlar va Trampning maqtovi. Ash-Shar’aning Oq uyga tashrifi qanday o‘tdi?
Donald Tramp Oq uyga ilk marta kelgan Ahmad ash-Shar’ani «juda kuchli yetakchi» sifatida ta’rifladi va «Suriyaning muvaffaqiyati uchun barcha ishni qilishi»ni aytdi. AQSh, shuningdek, Suriyaga nisbatan barcha sanksiyalarni bekor qilish va Vashingtonda elchixona ochilishiga va’da berdi. Shar’aning o‘zi esa «Suriya endi tahdid emas, balki geosiyosiy ittifoqchi sifatida» ko‘rilishini aytmoqda.
10 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’ani qabul qildi. Bu – Suriya prezidentlarining Oq uyga qilgan birinchi tarixiy tashrifi bo‘ldi.
Ash-Shar’aning Oval kabinetdagi uchrashuvi matbuot uchun yopiq tarzda o‘tkazildi. Suriya prezidenti Oq uyga, odatda xorijiy yetakchilar foydalanadigan asosiy kirish yo‘lagidan emas, yon eshikdan kirdi. U ikki soatlik muzokaralardan so‘ng Oq uydan chiqib, tashqarida to‘plangan suriyalik vatandoshlari bilan salomlashdi.
«Juda kuchli yetakchi»
Tramp uchrashuvdan so‘ng Shar’ani «juda kuchli yetakchi» sifatida ta’rifladi va «biz Suriyaning muvaffaqiyatga erishishi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz,» dedi.
«Odamlar aytadi, u og‘ir o‘tmishga ega. Biz hammamizda shunday davrlar bo‘lgan. Ammo agar u bunday o‘tmishga ega bo‘lmaganda, bugun bu imkoniyat ham bo‘lmasdi. Menga u yoqdi. Men Suriyaning yangi prezidenti bilan yaxshi til topishdim,» — deya Donald Trampning so‘zlarini keltirmoqda New York Times.
US President Trump said he has a good relationship with Syrian President Sharaa and is confident in his ability to do the job https://t.co/1x5NOAKV5M pic.twitter.com/Gy6wVQuFgn
— Reuters (@Reuters) November 11, 2025
Shuningdek, Tramp Suriyaning Yaqin Sharqdagi qo‘shnilari bilan munosabatlariga ham to‘xtaldi.
«U – prezident Erdo‘g‘an bilan juda yaxshi munosabatda. Erdo‘g‘an esa Suriyada sodir bo‘layotgan jarayonlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Suriya Yaqin Sharqning katta qismi. Men sizga aytaman – hammasi juda yaxshi ishlayapti. Biz Isroil bilan ham Suriyaning bir-biri bilan til topishishi ustida ishlayapmiz va bu muvaffaqiyatli bo‘lyapti,» — dedi AQSh yetakchisi.
Tramp yaqin kunlarda Suriyaga oid e’lonlar bo‘lishini aytdi, biroq tafsilot keltirmadi. Shuningdek, Tramp keyinchalik o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida Suriyalik yetakchi bilan yana uchrashish va suhbatlashish rejalashtirilayotganini bildirdi.
Ash-Shar’a esa Tramp bilan Suriya iqtisodiyotiga kelajakdagi investitsiyalar haqida gaplashganini aytdi:
«Suriya endi xavfsizlik tahdidi sifatida emas, balki geosiyosiy ittifoqchi sifatida ko‘riladi. Va bu AQSh katta investitsiyalar kiritishi mumkin bo‘lgan joy, ayniqsa gaz qazib olish sohasida,» – dedi u.
Suriya tashqi ishlar vazirligi bayonotida uchrashuv «do‘stona va konstruktiv» deb ta’riflandi.
Shar’a nimalarga erishdi?
AP nashrining yozishicha, Ash-Shar’a uchrashuvga o‘zining asosiy talablarini ham olib kelgan. U Asad davridagi inson huquqlari buzilishlari sabab joriy etilgan sanksiyalarni butunlay bekor qilishni istaydi. Tramp hozircha «Tsezar qonuni» bo‘yicha sanksiyalarni vaqtincha to‘xtatib turgan, biroq ularni doimiy bekor qilish uchun Kongress qarori talab etiladi.
Qonunchilar esa, sanksiyalar bo‘yicha ikki variant muhokama qilishmoqda: biri sanksiyalarni hech qanday shartlarsiz bekor qilishni taklif qiladi. Ikkinchisi esa sanksiyalarni bekor qilishni olti oyda bir marta qayta ko‘rib chiqish sharti bilan amalga oshirishni istaydi.
Ammo huquq himoyachilarining fikricha, shartli bekor qilish har qanday xorijiy kompaniyani Suriyaga sarmoya kiritishdan tiyadi. Chunki ular keyinchalik sanksiyalarga duch kelishdan qo‘rqadi.
AQSh Moliya vazirligi tashrif kunida «Tsezar qonuni» bo‘yicha sanksiyalarni bekor qilish muddatini yana 180 kunga uzaytirdi.
Tramp ma’muriyati rasmiysining aytishicha, Suriya IShIDga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilishga ham rozi bo‘lgan. Suriya tomoni hozircha buni tasdiqlamadi.
Shuningdek, AQSh Suriyaga Vashingtondagi elchixonasini qayta ochish imkonini beradi. Bu orqali ikki davlat terrorizmga qarshi kurash, xavfsizlik va iqtisodiy masalalarda yaxshiroq hamkorlik qila oladi.
Isroil bilan munosabatlar va IShID haqida
Suriya prezidenti uchrashuvdan so‘ng Fox News’ga bergan intervyusida hozircha Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha bevosita muzokaralarga kirishishni rad etdi.
Syrian President Ahmed Al-Sharaa tells @GillianHTurner how he believes the U.S.–Syria relationship has changed — and addresses questions about his past ties to Al-Qaeda.
— Special Report (@SpecialReport) November 10, 2025
“We talked about the investment opportunities and the future in Syria. So that Syria is no longer looked at… pic.twitter.com/URKTfAs5C0
Shar’a, Isroil Jo‘lan tepaliklarini bosib olganini tilga oldi. Bu hudud 2024 yilda Asad rejimi qulaganidan so‘ng yanada kengaytirilgan edi. U Damashqning holati boshqa mamlakatlar holatidan farq qilishini aytdi:
«Menimcha, Suriyaning holati "Ibrohim kelishuvlari"ga qo‘shilgan boshqa mamlakatlarnikidan farq qiladi. Suriya Isroil bilan chegaradosh, va Isroil 1967 yildan beri Jo‘lan tepaliklarini bosib olgan. Biz hozircha bevosita muzokaralarga kirishmaymiz. Ehtimol, Tramp prezidentligi davridagi AQSh ma’muriyati bizga bunday muzokaralarga erishishda yordam berar,» — deya qo‘shimcha qildi u.
Tramp ilgari Suriya va Saudiya Arabistoni ham ushbu normallashtirish bitimlariga qo‘shilishiga umid bildirgan edi.
Suriyaning IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shilish ehtimoli haqida so‘ralganda, Shar’a AQSh harbiylarining Suriyada qolishiga sabablar borligini tan oldi. Biroq bu «endi Suriya hukumati bilan muvofiqlashtirilgan holda» amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi.
«Biz bu masalalarni muhokama qilishimiz kerak, IShID haqida gaplashib, kelishuvga erishishimiz kerak,» — dedi Shar’a.
TIV yetakchilarining uchrashuvi
Suriya tashqi ishlar vazirligining bayonotiga ko‘ra, AQSh davlat kotibi bilan ham alohida uchrashuvlar o‘tkazilgan. Xususan, AQSh davlat kotibi Marko Rubio Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy va Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan uchrashdi.
Ular mart oyida rasmiy Damashq va kurdlar o‘rtasida tuzilgan bitimni amalga oshirishni davom ettirishga kelishgan. Bu bitimga ko‘ra SDF, yangi Suriya armiyasiga integratsiyalashishi kerak edi. Biroq bu jarayon tomonlar o‘rtasidagi ziddiyatlar sabab bir necha bor to‘xtab qolgan. Dushanba kungi uchrashuvda qanday aniq qadamlar kelishilganligi hozircha noma’lum.
Suriya TIV bayonotida shuningdek, «Amerika tomoni Isroil bilan xavfsizlik bitimiga erishishni qo‘llab-quvvatlashini» bildirgani aytilgan. Biroq Suriya bu taklifga qanday javob bergani haqida ma’lumot berilmagan.
Keyinroq, Fidan ham turk OAVlariga intervyu berib, Tramp va ash-Shar’a uchrashuvi chog‘ida u ham ishtirok etganini bildirdi.
«Men ham u yerda edim. Biz prezidentimizning (R.T. Erdo‘g‘an) Trampga salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdik. Shundan so‘ng, Turkiyaning Suriya bo‘yicha umumiy qarashlarini, AQSh bilan hamkorlik imkoniyatlarini hamda Suriyaning taraqqiyoti va mintaqaviy xavfsizlik bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldik,» – deydi u.
Xalqaro maydonga qaytish
Al-Shar’aning bu tashrifi – 1946 yilda Fransiyadan mustaqillikka erishganidan buyon Suriya rahbarining Oq uyga qilgan birinchi tashrifi bo‘ldi. Bu, shuningdek, Asadlar oilasi hukmronligi davrida Suriyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar AQSh tomonidan bekor qilingach amalga oshirildi.
Ash-Shar’a 2024 yil dekabr oyida Suriya prezidenti Bashar al-Asadni ag‘darib tashlagan isyonchi kuchlarga rahbarlik qilgan. Joriy yil yanvarda mamlakatning muvaqqat rahbari etib tayinlangan edi.
Shundan beri ash-Shar’a o‘zini davlat arbobi sifatida ko‘rsatishga va Suriyani xalqaro maydonga qaytarish, uzoq yillik fuqarolar urushidan keyingi tiklanishni boshqarishga intilmoqda. U borada Turkiya va Fors ko‘rfazidagi qo‘shnilari yordamiga tayanmoqda.
Hokimiyatni egallaganidan beri ash-Shar’a xalqaro investitsiyalarni jalb etish maqsadida boy Fors ko‘rfazi davlatlariga safar qildi. Sentabr oyida esa u Nyu-Yorkka borib, so‘nggi 60 yilda BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zlagan ilk Suriya prezidenti bo‘ldi.
Keyingi oyda u Moskvaga tashrif buyurib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Putin ilgari Asad hukumatini ash-Shar’a isyonchilariga qarshi qo‘llab-quvvatlagan edi. Ular Suriyaning neft konlari hamda energetika, transport va turizm sohalaridagi loyihalarni rivojlantirishni muhokama qildi.
Vashingtonga kelishidan oldin ash-Shar’a Braziliyada o‘tgan BMT iqlim sammitida ham qatnashdi va qayta tiklanuvchi energiya sohasiga investitsiyalarni jalb etish rejalari haqida gapirdi.
AQSh bilan yaqinlashuv
Ash-Shar’a AQShga tashrif buyurishidan oldin BMT Xavfsizlik Kengashi ham Suriya prezidenti va boshqa hukumat amaldorlariga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga ovoz berdi. Bu unga ba’zi safarlar uchun ruxsat so‘ramasdan erkinroq harakatlanish imkonini beradi.
Ahmad ash-Shar’a ilgari «Al-Qoida» bilan aloqadorlikda ayblangan va AQSh tomonidan boshi uchun 10 million dollar mukofot e’lon qilingandi.
Dekabr oyida AQSh hukumati uning boshiga qo‘yilgan mukofotni bekor qildi, iyulda esa u ilgari boshchilik qilgan «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi.
Ash-Shar’a hokimiyatga kelgach Tramp bilan birinchi marta may oyida Saudiya Arabistonida uchrashgan edi. O‘sha paytda ham AQSh prezidenti uni maqtagan va Suriyaga nisbatan sanksiyalarni yechishni boshlagandi.
Tramp, shuningdek, Suriyaga yordam sifatida barcha sanksiyalarni to‘liq bekor qilishni va’da qildi.
IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shilish orqali ash-Shar’a Tramp ma’muriyati bilan aloqalarini yanada mustahkamlamoqda. IShID 2019 yilda Suriyada hududiy nazoratini yo‘qotgan bo‘lsa-da, mamlakatda hali ham mavjud. Tahlilchilarning ogohlantirishicha, agar ash-Shar’a mamlakatni barqarorlashtira olmasa va xavfsizlik kuchlarini birlashtira olmasa, guruh yana jonlanishi mumkin.
Mavzuga oid
14:35
AQSh «Lukoyl»ga joriy etilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40