Jahon | 14:42 / 15.11.2025
3473
8 daqiqa o‘qiladi

Kashmirda yirik portlash, Yaponiyaga tahdid qilgan Xitoy va G‘azoda yomonlashgan humanitar ahvol – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azoda chodirlar yomg‘ir suvlariga to‘ldi

Kuni kecha G‘azoda kuchli yomg‘ir yog‘di. Yomg‘ir suvlari yuzlab chodirlar va boshpanalardan oqib o‘tib, ikki yillik urush davomida keskin yomonlashgan humanitar vaziyatni yanada og‘irlashtirdi.

Anadolu nashrining yozishicha, hech qanday infratuzilma bo‘lmagani sababli lagerlarda joylashgan oilalar uxlash joylarini yerdan ko‘tarishga harakat qilmoqda. Buning uchun ular chodirlarga tosh va qum tashib kirishga majbur bo‘lgan.

Ko‘chirilgan tinch aholi asosan eskirgan chodirlarga tayanadi. G‘azo hukumati media idorasiga ko‘ra, barcha chodirlarining qariyb 93 foizi — 125 ming chodir yashashga yaroqsiz bo‘lib qolgan.

Ikki yillik urush davomida o‘n minglab chodirlar Isroil havo hujumlari oqibatida shikastlangan. Yana minglab chodirlar esa tabiiy sabablarga ko‘ra — jazirama yoz issig‘i va kuchli shamollari tufayli vayron bo‘lgan.

Shunday og‘ir sharoitlar ichida qolgan Abu A’lo o‘z chodirini suv bosganidan so‘ng nima qilishini bilmasligini aytgan. Uning G‘azoning shimolidagi uyi vayron bo‘lgan. Isroil armiyasi unga vayron bo‘lgan uyiga qaytishga ham ruxsat bermaydi.

Eng birlamchi ehtiyojlarini ham qoplanmaslik orqali G‘azo aholisi — ikki yillik urush va genotsidning og‘ir oqibatlari har kuni o‘z tanasida his qilmoqda.

Yaponiya va Xitoy diplomatik mojarosi

Agar Yaponiya Tayvan masalasiga aralashish uchun kuch ishlatadigan bo‘lsa, «yakson qiladigan» harbiy mag‘lubiyatga uchraydi. Bunday tahdidona ogohlantirish juma kuni Xitoy tomonidan yangradi.

Yaponiya bosh vaziri Sanae Takayichi o‘tgan hafta parlamentdagi chiqishida agar Xitoy Tayvanga hujum qilsa, bu «orolni xavf ostiga qo‘yuvchi vaziyat» bo‘lishi va Tokiodan harbiy javobni keltirib chiqarishi mumkinligini aytgandi. Shu bilan Tokio va Pekin o‘rtasida diplomatik tortishuv boshlangandi.

Shundan so‘ng, Xitoyning Osakadagi bosh konsuli Xue Szyan «o‘zini suqib kirgan bu iflos bo‘yin kesib tashlanishi kerak» deya Yaponiya bosh vaziriga «javob berdi. Keyin bu xabarini o‘chirib tashladi.

Yaponiya bu bayonotlarni «juda noo‘rin» deb atadi va Pekindan «mos choralar ko‘rishni» so‘radi.

Xitoy Mudofaa vazirligi vakili Yaponiya bosh vazirining so‘zlarini nihoyatda mas’uliyatsiz va xavfli deb atadi.

«Agar yapon tomoni tarixdan saboq olmaslikka, tavakkal qilishga jur’at qilsa yoki hatto Tayvan masalasiga aralashish uchun kuch ishlatishga urinsa, u po‘latdek irodali Xitoy armiyasi tomonidan yakson qilinadigan mag‘lubiyatga uchraydi va og‘ir narxni to‘laydi», dedi Xitoy rasmiysi.

Shuningdek, Xitoy tashqi ishlar vazirligi Yaponiya elchisini ham chaqirib, Takayichi bayonotiga nisbatan «qattiq norozilik» bildirdi.

Xitoyning fikricha, Yaponiyaning yadro suvosti kemalarini qo‘lga kiritish ehtimolini istisno qilmasligi — siyosatda yirik «salbiy» burilishni ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, juma kuni kechga yaqin vazirlik Xitoy fuqarolariga yaqin orada Yaponiyaga bormaslikni tavsiya qildi.

Kashmirda yirik portlash

Hindiston nazoratidagi Kashmir hududida juma kuni kechqurun politsiya bo‘limida musodara qilingan portlovchi moddalar uyumi portlab ketdi. Natijada kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi va 29 kishi yaralandi. Bu voqea Nyu Dehlida sodir bo‘lgan avtomobil portlashidan bir necha kun o‘tib ro‘y berdi.

Halok bo‘lganlarning aksariyati politsiyachilar bo‘lib, ular orasida portlovchi moddalarni tekshirib ko‘rayotgan sud-tibbiy ekspertlar ham bor edi, dedi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan manba. Yaralanganlarning ba’zilari og‘ir ahvolda.

«Jasadlarni aniqlash ishlari davom etmoqda, chunki ayrimlari to‘liq kuyib ketgan. Portlash shunchalik kuchli bo‘lganki, ba’zi tana qismlari atrofdagi uylar ichidan — politsiya bo‘limidan 100-200 metr masofadan topilgan», - dedi Reuters manbalaridan biri.

Bundan avvalroq mahalliy politsiya rasmiysi Novgam politsiya bo‘limida portlash sodir bo‘lganini aytgan edi. Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in butun majmua bo‘ylab tarqalgan va yong‘in o‘chirish brigadalari hodisa joyiga yetib borgan.

Kashmir — yadro quroliga ega qo‘shnilar tomonidan o‘nlab yillar davomida to‘liq da’vo qilinadigan hudud. Bu yerda vaqti-vaqti bilan kichik to‘qnashuvlar bo‘lib turadi.

Telegram rekord darajada ko‘p kanallarni blokladi

Telegram messenjeri 13 noyabr kuni dunyo bo‘ylab 519 ming 645 ta kanalni blokladi, bu rekord darajada ko‘p hisoblanadi.

Yil boshidan beri Telegram ma’muriyati jami 35 millionga yaqin guruh va kanalni bloklagan, ulardan 856 mingdan ortig‘i bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sahnalari aks etgan materiallarni joylashtirgan. 207 mingdan ortig‘i esa terrorchi jamoalar bilan bog‘liqligi aytilmoqda.

Bunday statistika 2023 yil oxiridan beri yuritilmoqda. Telegram foydalanuvchilari nomaqbul kontent haqida shikoyat qilish imkoniyatiga ega. Agar kontent Telegram foydalanuvchisi kelishuvini buzsa, olib tashlanadi. Messenjer ichida mualliflik huquqi buzilishi, firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish, spam va boshqalar haqida shikoyat qilish mumkin.

Telegramʼdagi moderatsiyasi atrofidagi mojaro 2024 yilda Parijda Pavel Durov hibsga olinganidan keyin boshlangan edi. Hibsga olish kontentni yetarlicha moderatsiya qilmaslik va Fransiya huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortish bilan bog‘liq tergov doirasida amalga oshirildi.

Durov hibsga olinganidan so‘ng Telegram moderatsiya siyosati o‘zgartirildi.

Sankt-Peterburgda migrantlarga cheklovlar uzaytiriladi

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida migrantlarga taksi va kurerlik xizmatlarida ishlashga qo‘yilgan taqiq 2026 yilgacha uzaytiriladi. RIA Novostiga ko‘ra, gubernator Aleksandr Beglovning tegishli qarori loyihasi 13 noyabr kuni korrupsiyaga qarshi ekspertizaga yuborilgan.

Migrantlar uchun taksida ishlashga taqiq — shu yil iyul oyida, 2025 yil oxirigacha joriy etilgan edi. Shahar ma’muriyatiga ko‘ra, qaror «Rossiya fuqarolarini ish bilan ta’minlashga qaratilgan».

To‘liq taqiq 8 noyabrdan kuchga kirdi. Bozor ishtirokchilarining baholashicha, cheklovlar shaharda haydovchilar sonining 12 foizga qisqarishiga olib kelgan. Bundan tashqari, mahalliy pabliklar Peterburgda taksi narxi 20-30 foizga qimmatlagani haqida yozdi.

Rossiyada markaziy osiyolik mehnat migrantlariga nisbatan turli ksenofobik taqiqlar yildan yilga ortib bormoqda. Avvalroq ushbu shaharda migrantlarga kurer bo‘lib ishlash ham taqiqlangan edi.

Mavzuga oid