O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Saudiya–Yaman mojarosi keskinlashmoqda

Xalqaro tan olingan Yaman hukumatining kuchlari Erondan husiylar delegatsiyasini olib kelayotgan samolyotning qo‘nishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun 13 iyul kuni Sano aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagini bombardimon qildi.

Yaman mudofaa vaziri avvalroq hukumat kuchlari havo hududini buzgan har qanday «dushman samolyotiga barcha mavjud vositalar bilan» javob berishini aytgandi.

«Husiy guruhlari Yaman milliy samolyotlarining poytaxt Sano aeroportiga qo‘nishiga to‘sqinlik qildi. Shuningdek, Eron samolyotining Yaman havo hududini buzib kirishini talab qildi. Shuning uchun aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi nishonga olindi», deyiladi hukumatning dushanba kunidagi bayonotida.

Zarbalarga qaramay, kun oxiriga kelib Tehrondan husiylar delegatsiyasini olib qaytayotgan samolyot Hudaydaga qo‘ndi.

Sano aeroportiga berilgan zarbalardan keyin husiylar hujumda Saudiya Arabistonini aybladi va bunga munosib javob qaytarishlarini bildirdi. Eron ham ushbu zarbalarni qoraladi. Saudiya Arabistoni rasmiylari esa hech qanday munosabat bildirmadi.

Shundan so‘ng, dushanba kuni kechqurun Yamandagi Saudiya boshchiligidagi kuchlar husiylar tomonidan otilgan ballistik raketalarni tutib qolganini ma’lum qildi.

Husiylarning o‘zi esa Saudiya Arabistoni janubidagi Abha xalqaro aeroportini nishonga olib, ballistik raketalar va dronlar yordamida harbiy operatsiya o‘tkazganini ma’lum qildi. Hozircha Saudiyadagi aeroportga yetkazilgan zarar bo‘yicha tasdiqlangan ma’lumotlar yo‘q.

Abha mintaqasi – Saudiya Arabistoni janubidagi tog‘li va Yaman bilan chegaradosh bo‘lgan, saudiyaliklar yozgi issiqdan qochish uchun boradigan hudud hisoblanadi.

Husiylar harbiy matbuot kotibi Yahyo Sariy barcha aviakompaniyalarni Saudiya Arabistoni havo hududi uzra uchmaslikdan ogohlantirdi.

Ushbu hujumlar 2022 yildagi norasmiy sulhdan keyin qirollikka qarshi amalga oshirilgan birinchi rasmiy tasdiqlangan hujum bo‘ldi va mintaqada keskinlikni oshirmoqda.

AQSh–Eron urushi qayta boshlandi