O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh–Eron urushi davom etmoqda

AQSh va Eron kuchlari o‘rtasida yakshanba kuni ham shiddatli raketa va dron hujumlari davom etdi. Bu galgi zarbalar sur’ati va ko‘lami jihatidan keskinlashuvi bilan ajralib turdi.

Tehron shanba kuni kechqurun ruxsat etilmagan yo‘nalishda harakatlanayotgan kemaga qarata ogohlantiruvchi o‘q uzdi va Ho‘rmuzni yopdi. Yakshanba kuni esa ikkinchi kemani ham safdan chiqardi.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi o‘z bayonotida Eronga qarshi qo‘shimcha zarbalar berish boshlanganini, bu choralar «ularning Ho‘rmuzdan o‘tayotgan kemalariga hujum qilish qobiliyatini zaiflashtirish» maqsadida ekanini ma’lum qildi.

Shuningdek, Centcom rasmiysi AQSh samolyotlari Eronning qanotli raketasi va kamikadze dronini urib tushirganini aytdi. AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga berilgan zarbalarga to‘xtalib: «Biz ularni tor-mor qilyapmiz», dedi Reutersʼga bergan qisqa izohida.

Eron ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, bo‘g‘ozda harbiy obektlar joylashgan Sirik va Bandar-Abbos port shaharlari hamda Qishm orolida raketa hujumlari va portlashlar sodir bo‘lgan.

AQSh hujumlariga javoban Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Iordaniyadagi qo‘mondonlik-nazorat markazi va dron angarlarini yo‘q qilganini bildirdi. Shuningdek, Kuvaytdagi AQSh radari va raketa uchirish tizimlari, Ummondagi AQSh aviatashuvchilarini qo‘llab-quvvatlash va yonilg‘i quyish platformalariga hujum qilingan. Eron Qatardagi samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi va qo‘mondonlik obektini ham vayron qilganini da’vo qildi.

«Bir tomonlama kelishuvlar davri tugadi. Biz sizga aytgan edik: va’dangiz ustidan chiqing yoki badal to‘lang. Haqiqat eshik qoqmoqda», deb yozdi Eron bosh muzokarachisi Muhammad Boqir G‘olibof.

Qatar portlash parchalari tushishi natijasida uch kishi, jumladan, bir bola jarohatlanganini ma’lum qildi. Rasmiy Doha ushbu hujum uchun «to‘liq huquqiy javobgarlik» Eron zimmasida ekanini ta’kidladi. Umuman olganda, Eronning so‘nggi javob hujumlarida 6 ta davlat — Iordaniya, Qatar, BAA, Ummon, Bahrayn va Kuvayt hujumlar to‘lqini haqida xabar berdi.

Ukrainada bosh vazir almashadi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bosh vazir Yuliya Sviridenkoni bir yillik faoliyatidan so‘ng almashtirishni rejalashtirmoqda.