Jahon | 23:09 / 17.11.2025
2295
2 daqiqa o‘qiladi

«Balqash» - Qozog‘istonda birinchi AES nomi ovoz berish orqali tanlandi

Mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasiga nom berish bo‘yicha umumxalq tanlovi yakunlandi.

Foto: Orda.kz

Qozog‘istonda birinchi atom elektr stansiyasi nomi umumxalq tanlovi orqali aniqlandi. Ovoz berish jarayoni 2025 yil 25 sentabrdan 10 oktyabrgacha eGov Mobile platformasida bo‘lib o‘tdi.

Tanlov komissiyasining yakuniy yig‘ilishi natijalariga ko‘ra, fuqarolardan eng ko‘p taklif olgan «Balqash» atom elektr stansiyasi» nomi g‘olib deb topildi. Tanlangan nom atom elektr stansiyalarini geografik joylashuviga ko‘ra nomlash bo‘yicha xalqaro amaliyotga ham mos keladi. AES aynan Balqash ko‘li qirg‘og‘idagi Ulken qishlog‘i yaqinida quriladi.

Tanlovda 16 yoshdan oshgan 27 mingdan ortiq qozog‘istonlik ishtirok etdi. Har bir ishtirokchi bitta nomni taklif qilishi mumkin edi.

Barcha kelib tushgan arizalardan 10 mingdan ziyod noyob variant tanlab olindi. Ishlov berishda turli yozuv shakllari - kirill, lotin, shuningdek, sinonim so‘zlar hisobga olindi.

Tanlov komissiyasi yig‘ilishida eng ommabop 100 nom ko‘rib chiqildi. «Balqash» atom elektr stansiyasi» nomini 882 nafar fuqaro taklif etdi va u ommaboplik bo‘yicha yakuniy reytingda birinchi o‘rinni egallab, tanlov g‘olibiga aylandi.

Shuningdek, Tanlov komissiyasi rus va ingliz tillaridagi nomni ham aniqladi:

- Atomnaya elektrostansiya «Balxash»

- Balkhash Nuclear Power Plant

Mavzuga oid