Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Senator Grem Rossiyaga qarshi «halokatli» sanksiyalar qonuni Kongressda ko‘rib chiqilishini aytdi
Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar Rossiya nefti, gazi, urani va boshqa mahsulotlarini sotib oluvchi mamlakatlardan importga 500 foizlik boj joriy etishni nazarda tutadi.
Foto: Getty images
Rossiyaga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi Kongressda «prezident Trampning roziligi bilan» ilgari suriladi, deb yozdi «halokatli» sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi muallifi senator Lindsi Grem ijtimoiy tarmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi Trampga Ukrainadagi mojaroni to‘xtatish uchun ko‘proq vosita beradi va uni «munosib, adolatli, uzil-kesil va butunlay» yakunlash imkoniyatini yaratadi.
Aprel oyida senatorlar Grem va Richard Blyumental Rossiyaga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini taklif qildi. U agar Rossiya Ukraina bilan uzoq muddatli sulhga rozi bo‘lmasa, Rossiya nefti, gazi, urani va boshqa mahsulotlarini sotib oluvchi mamlakatlardan importga 500 foizlik boj joriy etishni nazarda tutadi.
Senator so‘zlariga ko‘ra, gap Rossiya neftining eng yirik xaridorlari bo‘lgan Xitoy va Hindiston haqida ham bormoqda. Gremning aytishicha, qonun loyihasini Senatning 100 a’zosidan 80 nafari qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Senatorlar 2025 yil iyun oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tadigan G7 sammitigacha ushbu choralarni ko‘rishni rejalashtirgan edi, biroq Trampning Rossiya va Ukraina mojarosini hal qilish haqidagi bayonotlari fonida qonun loyihasining ilgari surilishi vaqtincha to‘xtatildi va 4 avgust kuni Kongressning yuqori palatasi ta’tilga chiqdi.
Oktabr oyida yuqori palatadagi respublikachilar yetakchisi Jon Tyun Rossiyaga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini senatda ko‘rib chiqish prezidentlar Tramp va Vladimir Putin uchrashuvigacha qoldirilganini aytgandi. 16 oktabr kuni yetakchilar Budapeshtda yaqin ikki hafta ichida uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldi. Biroq 23 oktyabrga o‘tar kechasi Tramp uni bekor qildi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv qoldirilgan.
Tyun «juda kuchli signal» bo‘ladigan qonun loyihasini qabul qilish istagini bildirdi, chunki «yevropaliklar ham Qo‘shma Shtatlardan yetakchilikni kutmoqda».
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov yangi cheklovlar kiritish tahdidlariga javoban Rossiya «yetarlicha uzoq vaqt davomida ko‘p sonli sanksiyalar ostida yashayotgani» va unda «muayyan immunitet» shakllanganini aytdi.