Jahon | 19:55 / 18.11.2025
2432
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralarni faollashtirish uchun Turkiyaga boradi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Turkiyaga tashrif maqsadi Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini qayta tiklashga erishish ekanini ma’lum qildi. U, shuningdek, harbiy asirlarni almashish jarayonini ham qayta yo‘lga qo‘yishni ko‘zlayapti.

Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini faollashtirish maqsadida Turkiyaga tashrif buyurishini ma’lum qildi.

«Ertaga — Turkiyada uchrashuvlar. Muzokaralarni faollashtirish ustida ishlayapmiz, hamkorlarga taklif qilish uchun qo‘limizda tayyorlangan yechimlar bor. Urushga yakun yasashni barcha imkoniyatlar bilan yaqinlashtirish — Ukrainaning birinchi darajali vazifasi. Asirlarni almashish va ularni vatanga qaytarish jarayonini ham qayta tiklash uchun ishlayapmiz», — deb yozdi u 18 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda.

Shundan ko‘p o‘tmay, Turkiyadagi manba Reuters agentligiga AQShning maxsus vakili Stiv Uitkoff 19 noyabr kuni Turkiyaga tashrif buyurib, Zelenskiy bilan u yerda rejalashtirilgan muzokaralarda ishtirok etishini ma’lum qildi. AFP agentligi esa ukrain manbaga tayanib, Ukraina prezidenti Anqarada turk hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashishini xabar qildi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya tomoni «Kiyevdan hech qanday ma’lumot olmagan». U, shuningdek, Zelenskiy Turkiyaga keladigan kunlarda bu yerda Rossiya vakillari bo‘lmasligini aniqlashtirdi.

Ukrainada urush boshlanganidan beri Turkiya o‘zini Kiyev va Moskva o‘rtasida vositachi sifatida taklif qilib kelmoqda. Rossiya va Ukraina delegatsiyalari 2025 yil may oyidan boshlab Istanbulda bir necha raund muzokaralar o‘tkazgan, ular chog‘ida asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvga kelingan, biroq o‘t ochishni to‘xtatishga oid jiddiy siljishga erishilmagan edi. So‘nggi asirlar almashuvi oktyabr oyi boshlarida bo‘lib o‘tgan, o‘shanda Moskva va Kiyev har tarafdan 185 nafardan kishini almashgan.

Ukraina tomoni bayon qilishicha, Rossiya bir necha bor urushni to‘xtatishga xohishi yo‘qligini ko‘rsatgan, Kiyev uchun qabul qilib bo‘lmaydigan talablar qo‘ygan — jumladan, qo‘shimcha hududlarni berish va Moskva oldida de-fakto taslim bo‘lishni nazarda tutuvchi shartlar.

Zelenskiy Yevropa bo‘ylab safarlar turnesini amalga oshirib, Rossiyaning Ukraina energetika tizimiga bergan zarbalari va mamlakatni qamrab olgan korrupsiya mojarosi sharoitida Kiyev uchun qo‘llab-quvvatlash izlamoqda. 18 noyabr kuni u Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches bilan uchrashdi. Bir kun oldin esa Ukraina rahbari Fransiya bilan kelishuvni imzolagan, unga ko‘ra Kiyev 100 tagacha jangovar samolyot va boshqa texnika, jumladan dronlar xarid qiladi.

11 noyabr kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Kislitsa Kiyev va Moskva o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari o‘zgarish yo‘qligi tufayli to‘xtatilganini ma’lum qilgan edi.

«Diktatura (Rossiyadagi — tahr.) sharoitida muzokarada ishtirok etuvchi guruhlar bilan samarali muhokama olib borish mumkin emas. Ular juda qattiq cheklangan mandatga ega va o‘zlariga aytilgan pozitsiyanigina himoya qilishi kerak», — degan edi o‘shanda Kislitsa.

Shu bilan birga, 16 noyabr kuni Kiyevda Rossiya bilan harbiy asirlar almashuvi bo‘yicha bilvosita muzokaralar yana olib borilayotgani ma’lum qilindi. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerovga ko‘ra, gap «Istanbul kelishuvlari» doirasida almashuvni qayta tiklash haqida bormoqda.

Asirlar almashuvi bo‘yicha muzokaralarda Turkiya va BAA (Birlashgan Arab Amirliklari) vositachi sifatida ishtirok etmoqda. «Yaqin vaqt ichida texnik maslahatlashuvlar o‘tkaziladi. Ular barcha tashkiliy jihatlarni mustahkamlab berishi kerak», — dedi Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid