Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: Rossiya kosmosda nemis sun’iy yo‘ldoshlariga tahdid qilgan
Rossiya sun’iy yo‘ldoshlari kosmosda Bundesver yo‘ldoshlariga shunchalik yaqinlashganki, bu masofa signalni qo‘lga kiritish uchun yetarli bo‘lgan. Moskva, shuningdek, kamida bir nemis sun’iy yo‘ldoshining ishini buzgan, deyiladi WDR, NDR telekompaniyalari va Süddeutsche Zeitung gazetasi surishtiruvida.
Foto: Markus van Offern/IMAGO
Surishtiruvga ko‘ra, Rossiya sun’iy yo‘ldoshlari kosmosda Bundesver (Germaniya qurolli kuchlari) yo‘ldoshlariga yaqinlashgan. Moskva, shuningdek, kamida bir nemis sun’iy yo‘ldoshining ishini buzgan, deyiladi 18 noyabr kuni e’lon qilingan WDR, NDR va Süddeutsche Zeitung materiallarida.
OAV fransuzlarning kosmosni monitoring qilish bilan shug‘ullanuvchi Aldoria kompaniyasi ma’lumotlariga tayanadi. Unga ko‘ra, 2023 yil aprelidan beri Rossiya sun’iy yo‘ldoshlarining nemis yo‘ldoshlariga 140 kmgacha yaqinlashishi kabi shubhali holatlar bir necha bor qayd etilgan. Bunday masofada signallarni qo‘lga kiritish imkoni mavjud.
Bundan tashqari, 2024 yil avgustida Rossiyaning "Luch" ("Olimp") deb nomlangan razvedka sun’iy yo‘ldoshi Bundesver yo‘ldoshiga atigi 88 km masofagacha yaqinlashgan. Yoz boshlarida esa, nashrlar ta’kidlashicha, Rossiya yerdagi stansiyadan hujum uyushtirib, Germaniya armiyasining yana bir kosmik apparati ishini buzgan – signallar izdan chiqqan va soatlab aloqa uzilishi yuz bergan.
"Kosmos endilikda faqat (harbiy) operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchungina emas, balki alohida urush maydoni sifatida ham qo‘llanadi", deya ta’kidladi Myunxendagi Bundesver universitetidan Ante Nyotsold.
"Biz tahdid ostidamiz. Rossiya, haqiqatan ham, bizga kosmosda tahdid solish va jiddiy xalal berish imkoniyatlariga ega", — dedi Bundesver Kosmik qo‘mondonligi qo‘mondoni, general-mayor Mixael Traut.
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius 25 sentabrda Rossiya va Xitoy kosmosda urush olib borish imkoniyatlarini kengaytirayotgani, bu esa Germaniya va umuman Yevropa uchun fundamental (asosiy) tahdid ekanini aytgan edi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining razvedka sun’iy yo‘ldoshlari, jumladan Bundesver ham foydalanadigan IntelSat yo‘ldoshlarini kuzatib boradi. Xitoy kosmik apparatlari esa shunday "murakkab manyovrlar" amalga oshiryaptiki, agar gap samolyotlar haqida ketganida, bunday harakatlarni "harbiy mashqlar" deb atash mumkin bo‘lardi, deya qayd etgan Pistorius.
U Berlinning 2030 yilgacha kosmosda ham mudofaa, ham hujum qilish imkoniyatlarini rivojlantirish uchun taxminan 35 milliard yevro sarmoya kiritish rejasi borligini ma’lum qilgan. Erta ogohlantirish, razvedka va aloqa uchun yangi sun’iy yo‘ldoshlarni orbitaga chiqarish, shuningdek, Bundesver Kosmik qo‘mondonligi tarkibida harbiy yo‘ldoshlarni boshqarish uchun alohida markaz tashkil etish rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
16:30 / 04.12.2025
Berlin Ukrainaga qurol-yarog‘ yordamini 200 mln dollarga oshiradi
15:46 / 04.12.2025