Jahon | 14:30 / 19.11.2025
4667
9 daqiqa o‘qiladi

Oq uydagi Bin Salmon, Livanga yana zarba bergan Isroil hamda AQSh va Rossiyaning maxfiy rejasi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

MBS Oq uyda

18 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonni katta dabdaba bilan qabul qildi. Kutilganidek, uchrashuvda jurnalistlar 2018 yilda Jamol Qoshiqchining saudiyalik agentlar tomonidan o‘ldirilishi yuzasidan savollar berdi. Tramp bin Salmon hech narsadan xabardor bo‘lmaganini aytib, valiahd shahzodani keskin himoya qildi. Aslida uning gaplari AQSh razvedkasining bahosiga zid.

Bundan tashqari, Tramp Qoshiqchi haqidagi savolni bergan muxbirni «mehmonni noqulay vaziyatga solish»da aybladi va MBSni inson huquqlari borasida «ajoyib» ish qilayotganlikda maqtab qo‘ydi.

Bin Salmonning o‘zi esa Qoshiqchining o‘limi haqida eshitish «og‘riqli» bo‘lganini aytdi, ammo uning hukumati «tekshiruvning barcha to‘g‘ri bosqichlarini bajarganini» bildirdi.

Bin Salmon nafaqat Qoshiqchining o‘ldirilishi, balki Saudiyaning ichidagi noroziliklarni bostirish bo‘yicha ham inson huquqlari guruhlari tomonidan keskin tanqid qilinib keladi.

Shuningdek, uchrashuvda Tramp Saudiya Arabistonining Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishiga doir istiqbollardan «ijobiy signal» olganini aytdi. Ammo valiahd shahzoda, Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishni istayotgan bo‘lsa ham, Isroil Falastin davlatiga yo‘l ochishi kerak degan talabida qat’iy ekanini bildirdi.

Oq uyda bo‘lib o‘tgan tantanali tushlikda Tramp AQShning Saudiya bilan harbiy hamkorligi — NATOda bo‘lmagan ittifoqchi darajasiga ko‘tarilganini aytdi. Bu maqom Saudiyaga harbiy va iqtisodiy imtiyozlar beradi, biroq xavfsizlik bo‘yicha AQShga majburiyat yuklamaydi.

Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar «Yaqin Sharqda to‘sqinlik kuchini mustahkamlovchi» Strategik Mudofaa Bitimini imzolagan. Oq uy shuningdek, Tramp F-35 qiruvchi samolyotlarining kelajakdagi yetkazib berilishini ma’qullaganini va Saudiya 300 ta amerikalik tank sotib olishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi. Hozirgacha Yaqin Sharqda F-35ga ega yagona davlat — Isroil edi.

Tomonlar, shuningdek, fuqaro yadro energetikasi bo‘yicha muzokaralar yakunlanganlik haqidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

Bin Salmon Saudiyaning AQShdagi investitsiyasini avvalgi 600 milliard dollardan 1 trillion dollarga oshirishga va’da berdi, ammo batafsil reja yoki muddat aytmadi.

AQSh va Rossiya maxfiy reja tuzmoqda — OAV

AQSh va Rossiya rasmiylari Ukraina bo‘yicha tinchlik va xavfsizlik kafolatlariga oid to‘rt yo‘nalishni qamrab olgan maxfiy reja ustida ishlamoqda.

Bu haqda xabar bergan Axios nashriga ko‘ra, Tramp administratsiyasi urushni to‘xtatishga doir yangi reja bo‘yicha Rossiya rasmiylari bilan maxfiy muzokaralar olib bormoqda.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, gap AQShning 28 banddan iborat rejasi haqida ketmoqda. Loyihada to‘rt yo‘nalish ko‘rib chiqiladi: Ukrainada tinchlik, xavfsizlik kafolatlari, Yevropada xavfsizlik va Vashingtonning Moskva hamda Kiyev bilan kelajakdagi munosabatlari.

AQSh prezidentining maxsus elchisi Stiv Uitkoff hujjat ustida ish olib bormoqda va uni Rossiya prezidenti maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan batafsil muhokama qilgan.

Dmitriyev 24–26 oktabr kunlari Mayamiga tashrif buyurgan va Uitkoff hamda Tramp jamoasining boshqa a’zolari bilan uch kun davomida muzokaralar o‘tkazganini aytgan. Shuningdek, tomonlar AQSh va Rossiya keyingi mahbus almashinuvini muhokama qilganini bildirgan.

Axios tinchlik rejasining tafsilotlarini ham, Ukraina hududiy masalalari bo‘yicha pozitsiyalarini ham keltirmagan.

Isroil Livanga yana zarba berdi

Isroil seshanba kuni kechqurun Livanning janubidagi zich aholi yashaydigan falastinlik qochqinlar lageriga aviazarba uyushtirdi. Natijada kamida 13 kishi vafot etdi hamda bir necha kishi yaralandi, deya xabar berdi Livan rasmiylari.

Bu — Hizbulloh bilan urushni tugagach, sulh kuchga kirganidan beri Isroil amalga oshirgan eng halokatli zarbalardan biri bo‘ldi.

Isroil harbiylari o‘z bayonotida Hamasga tegishli o‘quv majmuasini nishonga olganini va «Hamasning Livandagi infratuzilmasiga qarshi harakat qilayotganini» bildirdi.

Hamas esa Isroil harbiylarining bayonotini rad etib, uni «mutlaq soxtalik va yolg‘on» deb atadi. Guruhning aytishicha, «nishonga olingan joy — lagerdagi yoshlar tashrif buyuradigan ochiq sport maydoni bo‘lgan». «Livandagi falastinliklar lagerlarida hech qanday harbiy obektlar yo‘q», dedi Hamas.

G‘azo ortidan Livanda boshlangan urush — so‘nggi o‘n yilliklar ichidagi eng halokatli mojaro bo‘lib, taxminan 4 ming kishining hayotiga zomin bo‘ldi. O‘tgan yili noyabr oyida ikki tomon urushni tugatishga kelishgan edi.

Sulh kuchga kirganidan beri Isroil Livanda deyarli har kuni aviazarbalar uyushtirib, yuzlab tinch aholini o‘ldirdi. Shuningdek, tomonlar bir-birini kelishuv shartlarini buzishda ayblab kelmoqda.

Tramp ayrim bojlarni bekor qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp 200 dan ortiq mahsulotlarga, jumladan, qahva, mol go‘shti, banan va apelsin sharbatiga joriy etgan oshirilgan bojlarni bekor qildi.

Reutersʼning yozishicha, bu qaror AQSh aholisi orasida oziq-ovqat narxining oshayotgani tufayli kuchaygan xavotirlar fonida qabul qilingan. Bojlarning bekor qilinishi Tramp siyosatidagi keskin burilish bo‘lib, u uzoq vaqt davomida o‘zi joriy qilgan tariflar inflatsiyaga hissa qo‘shmasligini ta’kidlab kelgandi.

AQSh prezidenti bojlar «ba’zi hollarda» narxlar o‘sishiga olib kelishi mumkinligini tan oldi. Biroq, u AQShda «deyarli inflatsiya yo‘q» deb hisoblaydi,

O‘z navbatida Oq uy rahbari oshirilgan bojlardan tushgan mablag‘ hisobidan keyingi yil kam yoki o‘rta daromadli har bir amerikalikka 2000 dollardan to‘lash niyatida ekanini qayd etgan.

Iste’mol narxlari indeksi ma’lumotlariga ko‘ra, amerikaliklar iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlarining umumiy bahosi sentabr oyida 2,7 foizga ko‘tarildi.

Zelenskiy urushni tugatishni muhokama qiladi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z mamlakatidagi urushni tugatish uchun Rossiya bilan diplomatik jarayonni «qayta faollashtirishga» harakat qiladi.

«Bu jarayon davom etar ekan, orqangda doimiy qo‘llab-quvvatlov borligini his qilish muhim,» dedi Zelenskiy Madridda Ispaniya bosh vaziri bilan birga o‘tkazgan matbuot anjumanida.

Keyinroq u Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan Ukraina uchun «odil tinchlik»ni qanday ta’minlash masalasini muhokama qilishini aytdi.

Turkiya 2022 yil bahorida ham, joriy yil boshida ham ukrainalik va rossiyalik vakillar o‘rtasidagi muzokaralarga mezbonlik qilgan edi. Biroq bu uchrashuvlar janglarni tugatishga olib kelmagan.

«Uchrashuv — mazmunli muhokama uchun yetarli bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bizda AQShdan ba’zi pozitsiyalar va signallar bor, ertaga ko‘ramiz,» dedi Zelenskiy, tafsilot bermagan holda.

Hisobot: Isroilga genotsid davrida neft yetkazib berish to‘xtamagan

Oil Change International nodavlat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotga ko‘ra, 25 ta davlat G‘azo sektoridagi urush davomida Isroilga neft yetkazib bergan.

Tashkilot buni «genotsidni kuchaytirayotgan va iqlim inqirozini yomonlashtirayotgan» qazilma yoqilg‘i tizimi deb qoralaydi.

Braziliyadagi COP30 sammiti doirasida e’lon qilingan hisobotda aytilishicha, 2023 yil noyabrdan 2025 yil oktyabrigacha bo‘lgan davrda Isroilga yuborilgan xom neft yuklarining 70 foizini Ozarbayjon va Qozog‘iston ta’minlagan.

Rossiya, Gretsiya va AQSh esa Isroilga qayta ishlangan neft mahsulotlarini eksport qiluvchi yetakchi mamlakatlar qatoriga kiradi.

AQSh, shuningdek, Tel-Avivga JP-8 turidagi harbiy aviatsiya yoqilg‘isini yetkazib berayotgan yagona davlat hisoblanadi.

Oil Change Internationalning aytishicha, mazkur mamlakatlar «Isroil G‘azoda genotsid sodir etayotganini» to‘liq bilgan holda buni amalga oshirgan. Shu bois tashkilot qazilma yoqilg‘ini global bosqichma-bosqich tugatishga chaqiradi.

Tashkilot bu ishtirokni «javobgarlikni ta’minlash uchun» hujjatlashtirishini bildirgan.

Tadqiqot davrida xom neft va qayta ishlangan mahsulotlarning jami 21,2 million tonna hajmdagi 323 ta yuk tashuvi aniqlangan. 

Mavzuga oid