Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kundalik fosh qilgan qotillik – Qozog‘istondagi shov-shuvli jinoyat ishida hukm o‘qildi
23 yoshli Yana Legkodimovaga nisbatan qotillik ishi qo‘shni Qozog‘istonda katta rezonans keltirib chiqardi. 2024 yil 18 oktyabrda Atirau shahrida o‘ldirib ketilgan qizning jasadi oradan 8 oy o‘tib Ural daryosi qirg‘og‘idan topilgan. Huquq-tartibot xodimlari Yananing kundaligi tufayli gumonlanuvchilarning iziga tushib, ularni qo‘lga olgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Atirau viloyati ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudi Yana Legkodimovaning o‘ldirib ketilishi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqardi. Zakon.kz saytining yozishicha, 24 jilddan iborat jinoyat ishini ko‘rib chiqish sudya Zarema Xamidullina raisligida qariyb ikki oy davom etgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Yana Legkodimova u bilan yaqin munosabatda bo‘lgan 24 yoshli Rizuan Xayrjanov hamda uning 25 yoshli do‘sti Altinbek Katimov tomonidan 2024 yil 18 oktyabrda o‘ldirilgan.
Qiz Rizuan Xayrjanovning qo‘ng‘irog‘idan keyin uyidan chiqib ketgan. Oxirgi marta kuni Xayrjanovning mashinasida ko‘rishgan. Xayrjanov Yanani mashinada bo‘g‘ib o‘ldirgan, Altinbek Katimov esa qiz chiqib ketmasligi uchun eshikni yopib turgan. Shundan so‘ng ular Yananing jasadini Taldikol qishlog‘i yaqinidagi daryoga olib borib tashlashgan.
Yana o‘ldirilganidan 2 kun o‘tib, 2024 yil 20 oktyabrda xizmat safaridan Atirauga qaytib kelgan uning onasi qizi bedarak yo‘qolgani haqida politsiyaga ariza topshirgan. Huquq-tartibot idoralari Yananing kundaligi tufayli gumonlanuvchilarning iziga tushgan. Chunki qiz o‘z kundaligida R. bilan bo‘lgan munosabatlari, ruhiy kechinmalari haqida yozgandi. Kundalikdagi R. bu Rizuan Xayrjanov edi.
2024 yil 22 oktyabrda Rizuan Xayrjanov va Altinbek Katimov qotillikda gumonlanib qo‘lga olingan. Yana Legkodimovaning jasadini 8 oydan so‘ng, 2025 yil 20 iyunda dam oluvchilar Ural daryosi qirg‘og‘idan topgan.
Sud hukmi bilan 24 yoshli Xayrjanov va 25 yoshli Katimov bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib odam o‘ldirish va bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish bo‘yicha aybdor deb topilgan. Ularga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, sudlanuvchilardan jabrlanuvchi tomonga 15 mln tenge miqdorida ma’naviy zarar to‘lashi belgilangan.
Xayrjanov va Katimov sudda jinoyatni oldindan til biriktirib, sodir etishganini tan olgan, biroq batafsil ko‘rsatma berishdan bosh tortgan.
“Bu ishda faqat bitta haqiqat bor: Xayrjanov va Katimov til biriktirib, Yanani o‘ldirib, uning jasadini daryoga tashlab yuborishgan. Ular Yananing o‘lik ko‘zlari yordamida telefonini qulfdan chiqarishga muvaffaq bo‘lishgan. So‘ngra xabarlarni o‘chirib, telefonni yo‘q qilishgan. Sudlanuvchilarning aybi jabrlanuvchi, guvohlar va qisman o‘zlarining ko‘rsatmalari, yozishmalari bilan to‘liq isbotlangan. Ular 10 kun davomida qotillikning turli usullarini muhokama qilishgan. Sud jinoyatni ular sodir etganiga shubha qilmadi. Inson vafot etganida uning jasadi tuproqqa qo‘yilishi kerak. Yanadan nima qolganini ko‘ring: jag‘ining pastki qismi yo‘q, tanasini hayvonlar parchalab tashlagan, qo‘llari, oyoqlari, tos suyagi yo‘q. Qolgan tana a’zolari qayerda? Shuning uchun sud sizga qattiq jazo tayinladi”, degan sudya Zarema Xamidullina qiz jasadining topilgan qoldiqlari fotosuratini ko‘rsatib.
Yana Legkodimovaning onasi Galina Legkodimova sudning hukmi adolatli bo‘lganini ma’lum qilgan.
“Men sudga boshidanoq yutqazgan holda keldim. Chunki menga hech kim bolamni qaytarib bermaydi. Lekin men sudga ular jazolanishi hamda qizimning nomini oqlash uchun keldim”, degan u.
Qayd etilishicha, sud hukmi hali kuchga kirmagan. Tomonlar hukm ustidan 15 kun ichida apellyatsiya shikoyati kiritishlari mumkin.
Mavzuga oid
20:48 / 09.12.2025
Bir yilda dunyoda 67 nafar jurnalist o‘ldirildi – RSF
15:40 / 07.12.2025
Qozog‘istonda avtobusdagi YTH oqibatida ikki o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
07:20 / 06.12.2025
Rossiya–Qozog‘iston, Argentina–Chili: dunyodagi eng uzun chegaralar ro‘yxati
19:30 / 04.12.2025