Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Axios: AQSh ilk bor Ukrainaga NATOdagi kabi kafolatlarni taklif etdi
AQSh prezidenti Donald Tramp birinchi marta Kiyevga Vashington va Yevropa Ukrainaga qilingan hujumni butun «transatlantik hamjamiyat»ga qilingan hujum sifatida ko‘rib chiqishini kafolatlashga tayyor, deb yozadi Axios nashri.
Foto: AP
AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina uchun tinchlik rejasi Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga oladi, ular NATO Shartnomasining 5-moddasi asosida ishlab chiqilgan. Bu kafolatlar AQSh va Yevropa ittifoqchilarini Ukrainaga qilingan hujumni butun «transatlantik hamjamiyat»ga qilingan hujum deb qarashga majbur qiladi. Bu haqda 21 noyabr, juma kuni Amerikaning Axios portali qo‘lga kiritgan hujjat loyihasida aytiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hujjat 28 banddan iborat bo‘lgan rejani to‘ldiradi. U reja 20 noyabr kuni AQSh Quruqlik qo‘shinlari vaziri (armiya vaziri) Deniyel Driskoll tomonidan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga topshirilgan edi.
Nashr yozishicha, yangi hujjat Ukrainadan «og‘riqli yon bosish»ni talab qiladi, ammo shu bilan birga «katta va’da»ni ham o‘z ichiga oladi. Zelenskiyning tinchlik muzokaralaridagi asosiy maqsadi — AQSh va Yevropadan ishonchli xavfsizlik kafolatlarini qo‘lga kiritish, deb ta’kidlaydi Axios. Endi bu Oq uy rahbari birinchi marta bunday kafolatlarni taklif etishga tayyor bo‘layotgan holatdir.
Dastlabki 28 bandli kelishuvda shunchaki «Ukraina ishonchli xavfsizlik kafolatlarini oladi» deb yozilgan, lekin tafsilotlar berilmagan edi. Axios qo‘lga kiritgan yana bir loyihada esa, Rossiya tomonidan Ukrainaga qilingan har qanday kelgusi «sezilarli, qasddan va uzoq davom etuvchi qurolli hujum» «transatlantik hamjamiyat tinchligi va xavfsizligiga tahdid soluvchi hujum» sifatida ko‘rilishi aytilgan.
Matnda ta’kidlanishicha, AQSh va uning ittifoqchilari bunday holatda, jumladan, harbiy kuch ishlatish orqali ham javob qaytarishga tayyor. Shuningdek, xavfsizlik kafolatlari 10 yil davomida amal qiladi va keyinchalik o‘zaro kelishuv asosida uzaytirilishi mumkinligi qayd etilgan. Axios manbasi ta’kidlashicha, taklif hali Yevropadagi hamkorlar bilan muhokama qilinishi kerak, unga o‘zgartishlar kiritilishi mumkin.
Yangi hujjatda Ukraina, AQSh, YeI, NATO va Rossiyaning imzolari uchun alohida satrlar belgilangan. Oq uyning yuqori martabali rasmiysi RF bu haqda xabardor qilinganini, biroq Vladimir Putinning imzosi kerak bo‘ladimi-yo‘qmi, hali aniq emasligini aytgan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 21 noyabr kuni Moskvaga Zelenskiyning tinchlik rejasi bo‘yicha muzokara olib borishga rozi bo‘lgani haqida xabar kelmaganini ma’lum qildi.
Tramp ma’muriyati taklif qilinayotgan xavfsizlik kafolatini Zelenskiy va Ukraina uchun uzoq muddatli xavfsizlik borasidagi «katta yutuq» deb baholamoqda, deb qo‘shimcha qildi Axios suhbatdoshi.
Prezidentning maxsus elchisi Stiven Uitkoff 28 bandli reja ustidagi ishga rahbarlik qilgan shaxs sifatida, o‘tgan haftaning shanba–yakshanba kunlari (15–16 noyabr) Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov bilan taklif etilayotgan kafolatlar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan. Axios’ning yozishicha, 20 noyabr kuni bu kafolatlar Zelenskiyga yozma ravishda taqdim etilgan.
Avvalroq, 20 noyabr kuni AFP agentligi Tramp ma’muriyati ishlab chiqqan 28 banddan iborat yangi tinchlik rejasi doirasida Ukraina Rossiyaga ma’lum darajada yon bosishi kutilmoqda, deb xabar bergan edi.
Rejaning ikkinchi bandida aytilishicha, Ukraina, Rossiya va YeI «hamma tomonlama hujum qilmaslik to‘g‘risidagi kelishuv»ni imzolaydi, shu bilan oxirgi 30 yildagi barcha bahsli masalalar hal qilingan, deb hisoblanadi.
Hujjatga ko‘ra, Qrim yarimoroli, Donetsk va Luxansk viloyatlari de-fakto Rossiya hududi sifatida tan olinishi lozim. Xerson va Zaporijjya viloyatlari esa frontning hozirgi chizig‘i bo‘ylab Rossiya va Ukraina o‘rtasida bo‘linadi. Ikkala davlat kelgusida chegaralarni kuch ishlatish yo‘li bilan o‘zgartirmaslik majburiyatini oladi. NATO qo‘shinlari Ukraina hududiga joylashtirilmasligi kerak.
Tramp rejasi deb hisoblanayotgan hujjatga muvofiq, AQSh va Yevropa Ukrainani tiklashni moliyalashtirishi lozim. Shu maqsadda Rossiya Federatsiyasiga tegishli muzlatilgan 100 mlrd dollar aktiv ham shunga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, hujjatga ko‘ra, Rossiyaga nisbatdagi xalqaro sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi, Moskva va Vashington esa uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolaydi.
Trampning taxminiy rejasi, shuningdek, tinchlik kelishuvi imzolanganidan so‘ng darhol otashkesim e’lon qilinishi va harbiy asirlarni «hammani hammaga» formatida almashishni nazarda tutadi. AFP xabariga ko‘ra, kelishuv bajarilishi ustidan nazoratni Donald Tramp rahbarligidagi «tinchlik kengashi» amalga oshirishi kerak.
Mavzuga oid
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
09:00