Jahon | 08:36 / 21.11.2025
1598
3 daqiqa o‘qiladi

Oq uy: Ukraina va AQSh yangi tinchlik rejasi ustida birgalikda ishlayapti

AQSh prezidenti ma’muriyati fikriga ko‘ra, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatishga qaratilgan yangi reja «ikki tomon uchun ham qabul qilinadigan» bo‘lishi kerak, deb xabar berdi Oq uy.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan taklif qilingan va Rossiya hamda Ukraina bilan muhokama qilinayotgan tinchlik rejasi har ikki tomon uchun ham «yaxshi», deb ma’lum qildi Oq uyning rasmiy vakili Kerolayn Livitt 20 noyabr, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir oy davomida yangi tinchlik rejasi ustida prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff va davlat kotibi Marko Rubio «maxfiy ravishda» ish olib borgan. Ular ham Ukraina, ham Rossiya bilan muloqot qilgan. Tramp ma’muriyati fikricha, hujjat «ikki taraf uchun ham qabul qilinadigan» bo‘lishi lozim.

Livitt rejaning tafsilotlarini oshkor etmadi, chunki u hali ishlab chiqish bosqichida ekani va unga o‘zgartishlar kiritilishi mumkinligini qayd etdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kechki videomurojaatida Telegram-kanali orqali Ukraina va AQSh jamoalari «urushni yakunlash rejasining bandlari ustida ish olib borishini» ma’lum qildi.

Axios portali ma’lumotlariga ko‘ra, rejaning nusxasini Zelenskiyga 20 noyabr kuni Kiyevda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida AQSh armiyasi vaziri Deniyel Driskoll topshirgan. Reja nusxasi yuborilgani haqida avvalroq Ukraina prezidenti devoni ham xabar bergan edi. Manbaning qayd etishicha, tomonlar hujjatni «qisqa muddat ichida» tayyorlashga kelishib olgan.

Zelenskiy ofisining ma’lum qilishicha, uchrashuv paytida Ukraina rahbari mamlakat xalqi uchun muhim bo‘lgan «asoslar»ni bayon qilgan va muhokama yakunlari bo‘yicha tomonlar reja bandlarini «urushga munosib yakun berishiga erishish maqsadida» ishlab chiqishga kelishib olgan.

Oliy Rada deputati Aleksey Goncharenko 20 noyabr kechqurun 28 banddan iborat hujjatni e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, ushbu hujjat AQShning tinchlik rejasi hisoblanadi. Mazkur hujjatni bir necha ukrain OAV ham chop etdi. Shu bilan birga, bu haqiqatan ham Amerika tinchlik rejasi ekani to‘g‘risida hech qanday rasmiy tasdiq yo‘q.

Mavzuga oid