Jahon | 08:33 / 22.11.2025
6174
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Zelenskiydan AQShning «tinchlik rejasi»ni ma’qullashni talab qildi

Volodimir Zelenskiy Ukrainadagi urushni to‘xtatishga qaratilgan, Vashingtonda ishlab chiqilgan «tinchlik rejasi»ni 27 noyabrdan kechiktirmay ma’qullashi kerak. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp juma, 21 noyabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida bildirdi.

Foto: REUTERS

«Biz tinchlikka erishish yo‘lini topganimizga ishonamiz. U (Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy – tahr.) buni ma’qullashiga to‘g‘ri keladi. U nimagadir rozi bo‘lishiga to‘g‘ri keladi», – dedi Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Zelenskiyga AQSh tashabbusi yoqmasa, u holda Ukraina «shunchaki urushni davom ettirishi kerak» bo‘ladi. «Menda ko‘p dedlayn bo‘lgan, ammo agar ishlar yaxshi ketayotgan bo‘lsa, muddatlar, odatda, suriladi. Biroq payshanba (27 noyabr – tahr.) — dedlayn», – dedi Oq uy rahbari.

AQSh Ukraina hukumati Vashington ishlab chiqqan urushni tartibga solish rejasini ma’qullamasa, Kiyevni razvedka ma’lumotlari va qurol-yarog‘dan mahrum etishi mumkinligi haqida ilgari Reuters agentligi manbalariga tayanib xabar bergan edi.

Zelenskiy esa «tinchlik rejasi»ga izoh berar ekan, mamlakat fuqarolariga yo‘llagan murojaatida kelasi hafta «juda og‘ir» va «hodisalarga juda boy» bo‘lishini aytdi. «Ukraina juda mushkul tanlov oldida qolishi mumkin: yoki qadr-qimmatni yo‘qotish, yoki eng muhim hamkordan ayrilib qolish xavfi. Yoki murakkab 28 band (Trampning «tinchlik rejasi» – tahr.), yoki o‘ta og‘ir qish, eng og‘ir qish va keyingi xavflar», – dedi prezident.

Ukrainadagi urushni to‘xtatishga oid Tramp rejasi haqidagi ma’lumot shu hafta ma’lum bo‘ldi. Loyihadan qisman iqtiboslar keltirgan nashrlarga ko‘ra, Ukraina, jumladan, Rossiyaga muayyan yon bosishi kerak bo‘ladi, AQSh va Yevropa esa mamlakatni tiklashni moliyalashtirish majburiyatini oladi. Shuningdek, rejaga ko‘ra, Rossiyaga nisbatdagi sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi, Moskva va Vashington uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolaydi.

Reja Yevropada ham, ukrainlar orasida ham ijobiy qabul qilinmadi. Yevropa yetakchilari orasida bu hujjatni Tramp bilan birinchi bo‘lib Germaniya kansleri Fridrix Mers muhokama qildi. U AQSh prezidenti bilan telefonda bo‘lib o‘tgan suhbatni «yaxshi va maxfiy» deb atadi.

Germaniya hukumatidagi manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa ittifoqchilari hozir o‘zining «vositachilik hujjati» ustida ish olib bormoqda, u hali kelishuv bosqichida. G20 sammiti doirasida, 22–23 noyabr kunlari Yoxannesburgda keyingi muzokaralar o‘tkaziladi. Ularda Mersdan tashqari Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ham qatnashishi kutilmoqda.

Mavzuga oid