Jahon | 21:27 / 24.11.2025
7790
5 daqiqa o‘qiladi

Jyenevadagi muzokaralarda AQSh tinchlik rejasiga tuzatishlar kiritilgan

Marko Rubio bu Tramp urushni to‘xtatishga urinishlarini boshlaganidan buyon «eng samarali» uchrashuv bo‘lganini aytdi.

Foto: Fabrice Coffrini / AFP / Scanpix / LETA

Jyenevada AQSh, Ukraina va Yevropa davlatlarining Donald Trampning tinchlik rejasi muhokamasiga bag‘ishlangan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Muzokara ishtirokchilarining OAV uchun izohlarida ijobiy kayfiyat hukmron. Xususan, AQSh davlat kotibi Marko Rubio bo‘lib o‘tgan uchrashuv Tramp urushni to‘xtatishga urinishlarini boshlaganidan buyon «eng samaralisi» bo‘lganini aytdi. Ukraina delegatsiyasiga rahbarlik qilgan prezident ofisi rahbari Andrey Yermak ham muloqotni «juda samarali» deb atadi.

Uchrashuv ishtirokchilaridan hech biri unda erishilgan kelishuvlar haqida aniq gap aytmadi. «RBK-Ukraina» manbalariga ko‘ra, muzokaralarda delegatsiyalar Amerika rejasining dastlabki versiyasidagi aksariyat bandlar bo‘yicha kelishib olishga va munozarali masalalarning «sezilarli qismi»ga tuzatishlar kiritishga muvaffaq bo‘lgan, ular orasida Zaporijjya atom elektr stansiyasi kelajagi va Ukraina qurolli kuchlari hajmi masalasi ham bor. Nashr ushbu tuzatishlar mohiyatiga aniqlik kiritmagan.

Nashrning yozishicha, delegatsiyalar hududiy masalalar va Ukraina va NATOning kelgusidagi munosabatlari masalasini Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy o‘zaro muhokama qilishi uchun qoldirishga qaror qilgan. Ular shu yoki keyingi haftada uchrashuv o‘tkazishi mumkin – bu haqda hali rasman e’lon qilinmadi.

Jyenevadagi muzokaralarda Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya tomonidan tayyorlangan muqobil tinchlik rejasi ham taqdim etildi – uni The Telegraph gazetasi va Reuters agentligi e’lon qildi. Dastlab, ikkala nashrning versiyalari bir-biridan sezilarli darajada farqlangan, ammo keyinchalik The Telegraph o‘z materialini tahrirladi va bu versiya Reuters nashridagiga maksimal darajada yaqinlashgan.

Umuman olganda, Yevropa takliflari Tramp rejasiga asoslanadi, ammo bir qator muhim farqlarni o‘z ichiga oladi. Xususan, undagi hududlar bo‘yicha muzokaralarni o‘t ochish to‘xtatilganidan so‘ng, frontning hozirgi chizig‘iga asoslangan holda olib borish taklif qilinmoqda, Ukrainaning NATOga qo‘shilishi esa to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlanmaydi, balki «alyans a’zolarining konsensusiga bog‘liq bo‘ladi». Yevropa rejasida Ukraina qurolli kuchlaridagi harbiylar sonini 600 emas, balki 800 ming kishi chegarasiga oshirish taklif qilingan.

Muzokaralarda ishtirok etgan mamlakatlar yetakchilari bugun dastlabki izohlarni berishdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina «hal qiluvchi pallada» ekanini aytdi. «Biz Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tugashini yaqinlashtirishi va barchaga haqiqiy xavfsizlik olib kelishi mumkin bo‘lgan qadamlarni aniqlab olish uchun Qo‘shma Shtatlar, yevropalik hamkorlar va boshqalar bilan juda yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz», – dedi u milliy telemarafon efirida.

Tramp esa «qandaydir yaxshi ish ro‘y berishi mumkinligi»ni aytdi. «Nahotki Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida katta o‘sishga erishilgan bo‘lsa? Ko‘rmaguningizcha ishonmang, ammo qandaydir yaxshi ish sodir bo‘lishi mumkin», – deb yozdi AQSh prezidenti o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida.

Financial Times nashrining muhokamalar jarayonidan xabardor manbalari Jyenevadagi muzokaralarda tinchlik rejasi sezilarli darajada qayta ko‘rib chiqilgani, undan to‘qqizta band olib tashlanib, 28 banddan 19 bandga qisqartirilganini xabar qildi. Qaysi bandlar olib tashlanganiga aniqlik kiritilmagan, biroq bu Kiyev va uning yevropalik ittifoqchilari hujjatdagi bir qator talablarni nomaqbul deb topgani ortidan ro‘y berdi.

«Hamma ko‘rgan 28 bandli tinchlik rejasi endi mavjud emas. Ba’zi bandlar olib tashlandi, ba’zilari o‘zgartirildi», deb tasdiqladi Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Oleksandr Bevz. Uning ta’kidlashicha, «Kiyevning birorta e’tirozi e’tiborsiz qoldirilmagan».

Moskvadagilar hamon Tramp rejasi ustida olib borilayotgan ishlarga munosabat bildirishdan tiyilmoqda. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun Rossiya rasmiy kanallar orqali Jyenevadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha AQShdan hech qanday ma’lumot olmaganini aytdi. Shu bilan birga, Peskov Kreml «albatta, OAVdagi xabarlarni juda diqqat bilan kuzatib borishi»ni qo‘shimcha qildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid