Jahon | 20:31 / 25.11.2025
1729
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp SI yordamida ilmiy taraqqiyotni tezlashtirish bo‘yicha «Genezis missiyasi»ni ishga tushirdi

Tashabbus ilmiy tadqiqotlarni o‘zgartirish uchun AQSh milliy laboratoriyalarining superkompyuterlarini mamlakatning yetakchi olimlari bilan birlashtiradi.

Foto: Getty images

Tramp sun’iy intellekt yordamida ilmiy yutuqlarni tezlashtirish bo‘yicha milliy dastur - «Genezis missiyasi»ni ishga tushirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deb xabar berdi Oq uy sayti.

Tashabbus «Apollo» dasturidan ilhomlangan va ilmiy tadqiqotlarni o‘zgartirish uchun AQSh milliy laboratoriyalarining superkompyuterlarini mamlakatning yetakchi olimlari bilan birlashtiradi.

Dastur umumdavlat yondashuvi va resurslarni safarbar qilishni nazarda tutadi. Energetika vazirligiga «jahon darajasidagi superkompyuterlar va ma’lumotlar bazalarini» sun’iy intellektga asoslangan yagona platformaga birlashtirish vazifasi yuklatildi. Ta’kidlanishicha, platforma eksperimentlarni ishlab chiqishni avtomatlashtiradi, simulyatsiyalarni tezlashtiradi va federal tadqiqotlar samaradorligini oshirish uchun prognoz modellarini yaratadi.

AQSh prezidentining fan va texnologiyalar bo‘yicha yordamchisi Maykl Krasios asosiy federal agentliklar, jumladan, Milliy ilmiy jamg‘arma, Standartlar va texnologiyalar milliy instituti va Milliy sog‘liqni saqlash institutlarini muvofiqlashtirishga rahbarlik qiladi. Sun’iy intellekt ilmiy kashfiyotlar uchun energetika, sog‘liqni saqlash va sanoat sohalaridagi ma’lumotlarni tahlil qilishi aytilmoqda.

Krasios shunday dedi: «Prezident Tramp Amerikani innovatsiyalarning oltin davriga olib chiqish uchun sun’iy intellekt kuchidan foydalangan holda ilmiy tadqiqotlarga inqilobiy yondashuvni qo‘llamoqda. «Genezis missiyasi» tibbiyot, energetika, materialshunoslik va boshqa sohalardagi yutuqlar uchun jahon darajasidagi ilmiy ma’lumotlarni Amerikaning eng ilg‘or sun’iy intellekti bilan bog‘laydi».

Mavzuga oid