Jamiyat | 18:03
313
2 daqiqa o‘qiladi

3 oyda bolalar kontentiga oid 1068 ta qonunbuzilish aniqlandi

Bolalarning sog‘ligi va ruhiyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan qonunbuzilish holati aniqlangan OAVlar ogohlantirilib, ko‘rsatmalar yuborilgan.

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda 2026 yilning birinchi choragida internet nashrlari, telekanallar, bosma OAV va nashriyot mahsulotlarida bolalarning sog‘ligi hamda ruhiyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborot mahsulotlariga oid 1068 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. Ularning aksariyati kontentni yoshga qarab tasniflash va markirovka qilish talablariga rioya etilmagani bilan bog‘liq.

Bu haqda 23 iyun kuni Axborotlashtirish va kommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi o‘tkazgan «Raqamli davrda bolalarning axborot xavfsizligi: OAV mas’uliyati, kiberhimoya va etik mezonlar» mavzusidagi treningda ma’lum qilindi.

Inspeksiya boshlig‘i maslahatchisi Asad Xo‘jayevning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan sub’yektlarga nisbatan hozircha jazo choralari qo‘llanmagan.

«Bu qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan sub’yektlarga nisbatan biz ko‘rsatma xatlari yubordik. Xatda har bitta holatni mutaxassislar ishtirokida tahlil qilib, takrorlanmasligi uchun profilaktika ishlari olib borishlarini so‘radik. Hozircha bu masalada jazolash bo‘yicha biror chora ko‘rmadik.

Maqsadimiz — bu zararli kontentlarni to‘g‘ri baholay oladigan ekspertlar hamjamiyatini shakllantirish va malakasini oshirish. Agar shundan keyin ham shunday holatlar kuzatiladigan bo‘lsa, ularga nisbatan chora ko‘rishga majbur bo‘lamiz», dedi Asad Xo‘jayev.

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid