Jahon | 19:19 / 28.11.2025
11956
5 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyning ofisi rahbari uyida tintuv o‘tkazildi

Tintuv keng ko‘lamli korrupsiya mojarosi fonida o‘tkazildi. Andrey Yermakning o‘zi tergovchilar bilan hamkorlik qilishini bildirgan.

Oleksandr Klymenko / Ukrinform / Future Publishing / Getty Images

Ukraina Milliy aksilkorrupsiya byurosi (NABU) va Ixtisoslashtirilgan aksilkorrupsiya prokuraturasi (SAP) xodimlari 28 noyabr kuni ertalab Kiyevning hukumat kvartalida Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermakning uyini tintuv qilish uchun kelishdi. Bu haqda birinchi bo‘lib «Ukrainskaya pravda» o‘z muxbiriga tayanib xabar berdi. Nashr jurnalistlariga ko‘ra, hukumat kvartali hududiga 10 ga yaqin xodimi kirgan.

Ko‘p o‘tmay, byuro va Yermakning o‘zi tintuv o‘tkazilganini tasdiqladi. Byuro xabarida tintuvlarga «sanksiya berilgan va tergov doirasida o‘tkazilayotgani» aytilgan. Gap qanday tergov haqida ketayotganiga aniqlik kiritilmadi.

Yermak o‘zining telegram-kanalida NABU va SAP uning uyida «protsessual harakatlar olib borayotgani» haqida yozgan. «Tergovchilarga hech qanday to‘siq yo‘q. Ularga kvartiraga to‘liq kirish imkoniyati berildi, huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan hamkorlik qiluvchi advokatlarim ham o‘sha joyda. Men tomondan – to‘liq hamkorlik qilinadi», – dedi Ukraina prezidenti ofisi rahbari.

Volodimir Zelenskiy tintuv yuzasidan hozircha izoh bermadi.

Keyinroq «Interfaks-Ukraina», «RBK-Ukraina» va «Ukrainskaya pravda» o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Andrey Yermakning uyida o‘tkazilgan tintuvlardan so‘ng tergovchilar hech kimga gumonlanuvchi deb topilgani haqida xabar bermagan.

Financial Times jurnalisti Kristofer Miller manbalarga tayanib, Yermaknikidagi tintuvlar energetika sohasidagi korrupsiya ishi bo‘yicha tergov bilan bog‘liqligini ma’lum qildi. Tintuvlarning bu ish bilan bog‘liqligi haqida «RBK-Ukraina» ham yozgan.

Noyabr oyi boshida Milliy aksilkorrupsiya byurosi Ukrainadagi barcha atom elektr stansiyalarini boshqaruvchi «Energoatom» kompaniyasida keng ko‘lamli o‘g‘irliklar fosh etilganini e’lon qilgandi. Gap kompaniyaning yuzlab million dollarlik xaridlaridan «otkat» olingani haqida ketmoqda. Aksilkorrupsiya idoralari versiyasiga ko‘ra, keng ko‘lamli o‘g‘irlik sxemasining yaratuvchisi va asosiy benefitsiarlaridan biri «Kvartal 95» studiyasining hammuassisi va Volodimir Zelenskiyning safdoshi Timur Mindich bo‘lgan, yuqori martabali amaldorlar ham ehtimoliy benefitsiarlar sifatida ko‘rsatilgan. 10 noyabr kuni tergovchilar tintuv uchun Mindichnikiga borishgan. «Ukrainskaya pravda» shundan bir necha soat oldin Isroilga jo‘nab ketgani haqida yozgan (unda ushbu mamlakat fuqaroligi bor).

Korrupsiya mojarosi fonida Andrey Yermak iste’foga chiqishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. «Ukrainskaya pravda» xabariga ko‘ra, Volodimir Zelenskiy atrofidagi odamlar unga prezident ofisi rahbarini ishdan bo‘shatishni maslahat bergan. 20 noyabr kuni Zelenskiy «Xalq xizmatkori» («Sluga naroda») fraksiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan va unda Yermakni ishdan bo‘shatmoqchi emasligini ma’lum qilgan.

Korrupsiya ishi tufayli adliya vaziri German Galushenko (u 2025 yil iyuligacha energetika vaziri bo‘lib ishlagan) va Ukrainaning amaldagi energetika vaziri Svetlana Grinchuk iste’foga chiqarildi. Zelenskiy Mindich va ishdagi yana bir figurant, tadbirkor Oleksandr Sukermanga (u ham Ukrainadan chiqib ketgan) qarshi sanksiyalar kiritdi. Mindich va Sukerman qidiruvga berilgan. Volodimir Zelenskiyning ishonchli vakillari doirasiga kirgan Oleksiy Chernishov ham korrupsiya ishi bo‘yicha hibsga olingan. U 2024-2025 yillarda bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Mindich ishi bo‘yicha Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Rustem Umerov ham ko‘rsatma berdi. Kengash bayonotiga ko‘ra, u «davlat arbobining faoliyatiga aralashish fakti bo‘yicha ochilgan jinoiy ishda guvoh sifatida ko‘rsatma berish uchun Milliy aksilkorrupsiya byurosiga chaqirilgan». Avvalroq Mindich Umerov mudofaa vaziri lavozimida ishlaganida unga «ta’sir o‘tkazishni tashkil qilgani» haqida xabar berilgandi. Umerovning o‘zi buni rad etgan.

Mavzuga oid