Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Afv so‘ragan Netanyahu, Ukrainaga norozilik bildirgan Qozog‘iston va Janubi-Sharqiy Osiyodagi dahshatli bo‘ronlar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Netanyahu Isroil prezidentidan rasmiy afv so‘radi
30 noyabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu unga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha mamlakat prezidentidan rasmiy afv so‘rab iltimosnoma topshirdi.
Prezident Isaak Gersog idorasi bayonotida aytilishicha, ushbu so‘rov Adliya vazirligining Afv etish boshqarmasiga xulosa tayyorlash uchun yuboriladi. Shundan so‘ng prezidentning yuridik maslahatchilari uni ko‘rib chiqadi va Gersog yakuniy qaror chiqaradi.
So‘rovnomada Netanyahuning advokati imzolagan batafsil maktub hamda Netanyahuning o‘zi imzolagan yana bir maktub mavjud. Bayonotga ko‘ra, ushbu maktublarni «bu noodatiy so‘rov va uning oqibatlari muhimligi sababli» ommaviy ravishda e’lon qilishga ruxsat berilgan.
Netanyahu ishi 2020 yil 24 mayda boshlangan. U Isroil tarixida ayblanuvchi sifatida guvohlik berishga majbur bo‘lgan amaldagi birinchi bosh vazirdir. U korrupsiya bo‘yicha uchta alohida ishda ayblanmoqda. Netanyahu bu ayblovlarning barchasini rad etadi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp ham Isroil prezidentidan bir necha bor Bibini afv etishni so‘ragandi.
Isroil bosh vaziri, shuningdek, Xalqaro jinoiy sud tomonidan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ham ayblanmoqda. XJS 2024 yil noyabr oyida G‘azodagi dahshatli jinoyatlar uchun unga nisbatan hibsga olish orderi chiqargan.
Tramp Maduro bilan suhbatlashganini tasdiqladi
30 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela prezidenti Nikolas Maduro bilan suhbatlashganini tasdiqladi, biroq ikki yetakchi nimalarni muhokama qilgani haqida tafsilotlarni aytmadi.
«Bu haqda izoh bermoqchi emasman. Javob — ha», dedi Tramp Air Force One bortida jurnalistlarga.
«Men buni yaxshi yoki yomon bo‘ldi deb aytmayman, bu shunchaki bir telefon qo‘ng‘irog‘i edi», dedi Tramp suhbatga izoh berarkan.
New York Times xabariga ko‘ra, Tramp ushbu oy boshida Maduro bilan telefon orqali gaplashgan va AQShda uchrashuv o‘tkazish ehtimolini muhokama qilgan.
Ushbu qo‘ng‘iroq haqidagi ma’lumot – Tramp Venesuela borasida keskin ritorika ishlatishda davom etayotgan, biroq diplomatiya ehtimolini ham ko‘rib chiqayotgan bir paytda ma’lum bo‘ldi.
2 kun oldin esa Tramp Venesuela osmoni va uning atrofidagi havo hududi «butunlay yopiq» deb hisoblanishi kerakligini aytdi. Lekin bunga ham batafsil izoh bermadi. Bu bayonot Maduro hukumatiga bosimni kuchaytirmoqda. Rasmiy Karakasda esa xavotir va tushunmovchilikka sabab bo‘lgan.
Tramp ma’muriyati amerikaliklarni o‘ldirayotgan giyohvand moddalarni yetkazib berishda Maduro «rol o‘ynayapti» deb hisoblaydi. Sotsialist prezident Maduro esa noqonuniy giyohvandlik savdosiga aloqadorlikni inkor etgan. U — AQShni Venesuelaning milliy boyliklariga “ko‘z olaytirish“da ayblagan.
OAVda AQShning Maduroni hokimiyatdan ag‘darish rejalari ham borligi haqida xabar berilgan. So‘nggi oylarda AQSh Karib dengizida juda katta harbiy kuch jamlangan.
Qozog‘iston Ukrainaga norozilik bildirdi
Qozog‘iston Ukrainadan Kaspiy quvur konsorsiumining Qora dengizdagi terminaliga hujumlarni to‘xtatishni so‘radi. Bu chaqiriq, Ukrainaning yirik dengiz dron hujumi — Qora dengizdagi Rossiya hududida joylashgan terminalning shvartov qurilmasiga zarar yetkazgach yangradi. Hujum oqibatida portdagi operatsiyalar to‘xtatilgandi.
Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi bu dron hujumlarini «xalqaro huquq me’yorlari bilan himoyalanadigan, butunlay fuqaroviy obektga» qilingan uchinchi shunday hujumlar seriyasi deb atadi.
«Biz sodir bo‘lgan voqeani Qozog‘iston va Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga zarar yetkazuvchi harakat deb bilamiz. Ukraina tomonidan kelgusida shunday hodisalarning oldini olish uchun samarali choralar ko‘rilishini kutamiz», deyiladi Qozoziston tomoni bayonotida.
Ukraina esa uning harakatlari Qozog‘istonga yoki uchinchi tomonlarga qaratilmaganini, balki «Rossiyaning to‘liq ko‘lamli tajovuziga» qarshi mudofaa ekanini bildirdi. «Ukraina tajovuzkorga zarba beradi», — dedi Ukraina tashqi ishlar vazirligi.
Ushbu Kaspiy quvur konsorsiumi — Rossiya, Qozog‘iston va AQSh aksiyadorlariga tegishli. Bu terminal orqali — Qozog‘istonning neft eksportining juda katta qismi o‘tadi. Shuningdek, bu terminal — Rossiya ishlab chiqaruvchilarining neftini ham qabul qiladi.
Ukraina bu yili – Rossiya urushining muhim daromad manbasini zaiflashtirish maqsadida neft zavodlari va terminallariga hujumlarni kuchaytirdi.
Janubi-Sharqiy Osiyodagi dahshatli bo‘ronlar
Janubi-Sharqiy Osiyodagi uch davlat bo‘ylab kuchli jala yomg‘irlari keltirib chiqargan toshqinlar va ko‘chkilar oqibatida halok bo‘lganlar soni 600 nafardan oshdi. Bu haqda xabar bergan rasmiylarga ko‘ra, minglab ko‘chirilgan aholiga yordam yetkazish ishlari dam olish kunlari ham davom etdi.
Indoneziya, Malayziya va Tailand — bir hafta davomida kuchli yomg‘ir va shamollarga sabab bo‘lgach tropik bo‘ron oqibatida keng ko‘lamli vayronagarchilikka duch keldi. Indoneziyada 435 kishi, Tailandda 170 kishi va Malayziyada uch kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
Suvlar chekinayotgani va o‘n minglab odamlar ko‘chirilganiga qaramay, hali ham to‘silgan yo‘llar va bevosita yetib borish mushkul bo‘lgan aholi punktlari bor. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 4 milliondan ortiq odam zarar ko‘rgan — shundan deyarli 3 millioni Tailand janubida, 1,1 millioni Indoneziya g‘arbida.
Janubiy Osiyodagi sodir bo‘lgan alohida bo‘ron esa — Shri-Lankada 153 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, 191 kishi bedarak yo‘qolgan, yarim milliondan ortiq aholi esa zarar ko‘rgan.
Turkiya uchuvchisiz qiruvchisining yangi natijasi
Turkiyaning uchuvchisiz qiruvchisi — Bayraktar KIZILELMA sinov paytida nishondagi samolyotga ko‘rish masofasidan tashqaridagi havo-havo raketasi bilan zarba bergan ilk dron-samolyot bo‘ldi.
U mahalliy ishlab chiqarilgan GO'KDOG'AN havo-havo raketasini uchirgan va yuqori tezlikdagi reaktiv nishon-samolyotni aniq urgan. Nishon mahalliy ishlab chiqarilgan radar orqali aniqlangan.
Anadolu'ning yozishicha, bu operatsiyasining barcha qurilmalari — uchuvchisiz qiruvchi samolyot, uning radari va havo-havo raketasi ham Turkiyada ishlab chiqarilgani bilan ajralib turadi.
Muvaffaqiyatli zarba KIZILELMA'ni dunyodagi tasdiqlangan havo-havo jangovar qobiliyatiga ega yagona uchuvchisiz platforma sifatida qayd etgan. Sinov doirasida beshta F-16 qiruvchisi ham dron yonida saf parvozlarini amalga oshirdi.
Mavzuga oid
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025
Putinning Yevropaga tahdidi, AQShda yangi migratsion cheklovlar, Janubiy Osiyodagi suv toshqinlari va Kremldagi muzokaralar – kun dayjesti
15:56 / 02.12.2025
«Muddati» tugayotgan Maduro, Pokrovsk egallanganini aytgan rus qo‘mondonlari va Xitoyga kelayotgan Makron – kun dayjesti
14:58 / 29.11.2025