Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jizzaxda avtosanoat uchun kadrlar tayyorlaydigan muhandislik maktabi ish boshladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax politexnika instituti qoshida tashkil etilgan Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishdi.
Bu yerda BYD Uzbekistan Factory va ADM Jizzakh korxonalari bilan malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Muhandislik maktabida transport sohasiga ixtisoslashgan to‘rt ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlari yangi yondashuv asosida tashkil etilgan. Ikkinchi kursni yuqori ko‘rsatkichlar bilan tamomlagan talabalar BYD zavodi talablari asosida ishlab chiqilgan zamonaviy o‘quv platformalarida ikki yillik dual ta’lim oladi. Ular zavod bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikda amaliy mashg‘ulotlar o‘tab boradi va bu orqali maxsus ishga yo‘llanma sertifikatiga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qisqa muddatli tayyorlov kurslarida avtomobil zavodiga ishga kirishni rejalashtirayotgan nomzodlar, zavod ishchilari va ishsiz yoshlarga o‘zlari qiziqqan kasblar o‘rgatiladi. Bu yerda BYD avtomobil ishlab chiqarish mini-konveyeri tashkil etilgan bo‘lib, unda payvandlash, bo‘yash, yig‘uv va sifat nazorati bo‘limlari mavjud.

Elektromobil va zaryadlash stansiyalari tuzilishi, elektromobillarga xizmat ko‘rsatish, sanoat va dasturlash muhandisligi, tannarx va revers muhandisligi kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashgan maxsus xonalar ham tashkil qilingan.
Dunyo avtomobil sanoatidagi muhim qoida – raqibni tahlil qilmagan kompaniya rivojlana olmaydi. Jizzaxdagi mazkur muhandislik maktabida ilk bor mahsulotni texnik-analitik solishtirish, xarajatlarni modellashtirish (cost modeling), ishlab chiqarishni optimallashtirish, jarayonlarni global standartlar bilan taqqoslash kabi ko‘nikmalar ham o‘qitilmoqda.

Muhandislik maktabi faqat talabalar uchun emas, balki sohada faoliyat yuritish istagidagi yoshlar va mutaxassislar uchun ham ochiq ta’lim maydoni sifatida ishlaydi. Bu yerda malaka oshirish dasturlari, boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kurslari va tadbirkorlar uchun amaliy o‘quv modullari tashkil etilgan. Ularda ilg‘or mutaxassislar va ishlab chiqarish korxonalarining tajribali muhandislari ishtirok etadi.
Maktabning asosiy maqsadi – talabani ish joyiga borishidan oldin real amaliyot muhitiga olib kirishdir. Natijada bitiruvchilar bozor talablariga javob beradigan, yetuk va raqobatbardosh mutaxassislarga aylanishi kutilmoqda.

Davlat rahbari maktabdagi mashg‘ulotlar jarayonini kuzatdi, mini-konveyerda ishlayotgan talabalar bilan suhbatlashdi va shu yerda respublika hamda viloyat faollari bilan muloqot qildi.

Prezident Jizzaxda sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda erishilayotgan natijalarni qayd etib, hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar borligini ta’kidladi:
– Jizzaxga kelib, yangi o‘sish nuqtalarini belgilab olishni maqsad qilganmiz. Asosiysi, aholi, xususan, yoshlarga munosib sharoit yaratish, yuqori daromadli ish bilan ta’minlash, – dedi davlat rahbari.
Taqdimotlar yakunida mutasaddilarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.
