Jahon | 09:39 / 02.12.2025
2790
5 daqiqa o‘qiladi

Tusk Mersni natsistlar qurbonlariga tovon to‘lashga chaqirdi

Germaniya hukumati ikkinchi jahon urushi davrida natsistlar rejimidan jabr ko‘rgan, hali hayot bo‘lgan polyak fuqarolariga imkoni boricha tezroq kompensatsiya to‘lashi kerak. Bu haqda Polsha bosh vaziri Donald Tusk Berlinda ma’lum qildi. GFR kansleri Fridrix Mers esa reparatsiyalar masalasini hal qilingan deb hisoblashini aytdi.

Foto: Lisi Niesner/REUTERS

Polsha bosh vaziri Donald Tusk Germaniya hukumatini ikkinchi jahon urushi davridagi nemis okkupatsiyasi jabrlanuvchilari bo‘lgan, hali tirik polyak fuqarolariga tez orada kompensatsiya to‘lashga chaqirdi.

«Agar rostdan ham bu ishni qilishni xohlasangiz, shunday jasorat ko‘rsatmoqchi bo‘lsangiz, shoshiling», — dedi u dushanba kuni, 1 dekabrda, Berlinda bo‘lib o‘tgan Germaniya–Polsha hukumatlararo maslahatlashuvlaridan keyin Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

Tuskning eslashicha, Polshada natsistlardan jabr ko‘rgan tirik fuqarolar soni kundan kunga kamayib bormoqda. 2024 yil iyun oyida, Mersdan avvalgi kansler Olaf Shols polyaklarga to‘lovlar bo‘lishini va’da qilgan paytda, Polshada nemis okkupatsiyasi jabrlanuvchilaridan taxminan 60 ming kishi tirik edi, hozir esa ular soni faqat 50 ming atrofida qolgan. Tusk agar Germaniya yaqin vaqt ichida kompensatsiyalarga oid aniq bayonot bermasa, Polsha ushbu to‘lovlarni o‘z mablag‘lari hisobidan qoplash haqida qaror qabul qilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Mers o‘z navbatida bu masala bo‘yicha aniq va’da berishdan tiyildi, biroq uning hukumati Polshaga nisbatan «tarixiy javobgarligini juda yaxshi anglashini» va muzokaralarni davom ettirayotganini ta’kidladi. «O‘tmish hech qachon tugamaydi», — dedi u. Biroq «Germaniya nuqtai nazaridan reparatsiyalar masalasi juda ko‘p yillar avval ham yuridik, ham siyosiy jihatdan hal qilingan», deya qo‘shimcha qildi nemis kansleri.

Tusk unga qarshilik bildirib, Berlin 1950-yillarda qabul qilingan kompensatsiyalarga oid rasmiy diplomatik aktga amal qilayotgani haqidagi pozitsiyadan xabardor ekanini aytdi. Shu bilan birga, 1953 yilda Polsha kommunistik rahbariyati tomonidan qabul qilingan reparatsiyalardan voz kechish qarori «polyak xalqi manfaatiga mos kelmaganini», chunki o‘sha paytda «polyak xalqining ovoz berish huquqi bo‘lmaganini» ta’kidladi. Shuning uchun Polshada «istisnosiz hamma» mamlakat ikkinchi jahon urushi davridagi talafot va jinoyatlar uchun hech qanday tovon olmagan, degan fikrda, deya qo‘shimcha qildi Tusk.

Shuningdek, Germaniya–Polsha maslahatlashuvlari mudofaa, iqtisodiyot va infratuzilma sohalarida munosabatlarni chuqurlashtirishga qaratildi. Tusk uchrashuv natijalarini «tarixiy o‘zgarishlar» deb atadi va ayniqsa «Yevropaning sharqiy chegarasini himoya qilishdagi keng qamrovli polyak–nemis hamkorligi»ni alohida ta’kidladi. Mers esa Germaniya va Polsha «almashtirib bo‘lmaydigan qo‘shni va sheriklar» ekanini bildirdi.

2026 yilda tomonlar qator sohalar bo‘yicha aniq loyihalarni belgilab beradigan bitimni imzolashni rejalashtirmoqda. U Germaniya–Polsha Yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik haqidagi shartnoma imzolanganiga 35 yil to‘lishi munosabati bilan tayyorlanadi.

Matbuot anjumanida Mers, shuningdek, Rossiya tajovuziga qarshi kurashayotgan Ukrainaga nisbatan siyosat masalasida birlikka chaqirdi. U tinchlikka erishish bo‘yicha muzokaralarda Yevropa hamkorlarining birdamligini ta’kidladi va Polsha tinchlik jarayonidan chetlatilayotgani haqidagi taxminlarni rad etdi.

Ikkinchi jahon urushi paytida Germaniyaning Polshaga nisbatan okkupatsiyasi uchun reparatsiyalar masalasini hal qilish atrofidagi bahs Varshava va Berlin o‘rtasidagi munosabatlarda hamon keskin mavzu bo‘lib qolmoqda. Polsha natsistlar rejimi yillarida yetkazilgan zarar uchun trillionlab yevro miqdorida reparatsiyalar to‘lash haqidagi talablarni ilgari surishda davom etmoqda. Oxirgi marta shunday bayonotlarni sentabrda Polsha prezidenti Karol Navrotskiy Berlinga tashrifi chog‘ida bergan edi.

Ham Mers, ham Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bu talablarni yana bir bor rad etdi.

Mavzuga oid