Jahon | 15:40 / 04.12.2025
1421
5 daqiqa o‘qiladi

NATO davlatlari Kiyev uchun 4 mlrd dollarlik qurol sotib oladi

NATOga a’zo davlatlarning uchdan ikki qismi AQSh qurollarini Ukraina uchun sotib olish maqsadida yil oxiriga qadar milliardlab dollar ajratishga va’da berdi. NATO bosh kotibi Mark Ryuttega ko‘ra, 2026 yilda bu maqsadlar uchun har oy kamida 1 mlrd dollar yo‘naltirib borish lozim.

Foto: Andreas Stroh/Zumapress

Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha ehtimoliy tinchlik kelishuvi haqidagi uzoqqa cho‘zilgan muzokaralar fonida qator NATO davlatlari Kiyev uchun qo‘shimcha AQSh qurol-yarog‘ paketlarini xarid qilishini e’lon qildi. NATO bosh kotibi Mark Ryutte chorshanba kuni, 3 dekabrda, Bryusselda tashqi ishlar vazirlari uchrashuvidan keyin aytishicha, alyansga a’zo davlatlarning uchdan ikki qismi bu maqsadda jami 4 mlrd dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltiradi.

Ushbu mablag‘lar 2025 yil yozidan beri NATO va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi kelishuv asosida amal qilayotgan PURL dasturi (Prioritised Ukraine Requiremens List — «Ukraina uchun ustuvor ehtiyojlar ro‘yxati») doirasida ajratiladi. Bu xaridlarda ilk bor NATO sherik-davlatlari — Avstraliya va Yangi Zelandiya ham ishtirok etadi. Jumladan, taxminan 1 mlrd dollar Ukraina havo mudofaa tizimlari uchun Patriot boshqariluvchi raketalar va boshqa qurol-yarog‘larni sotib olishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Xususan, Germaniya yil oxirigacha Ukraina uchun AQSh qurollarini xarid qilishga qo‘shimcha ravishda 200 mln dollar (taxminan 172 mln yevro) ajratadi, deb ma’lum qildi GFR tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful. Norvegiya, Polsha, Niderlandiya va Kanada ham PURL doirasida millionlab dollar ajratishga va’da berdi.

PURL mexanizmi ishga tushirilgandan beri Germaniya oktyabr oyida 500 mln dollarlik qurol-yarog‘ paketini moliyalashtirgan edi. Yangi 200 mln dollarlik paketdan tashqari, Germaniya NATO jamg‘armasiga yana 25 mln yevro o‘tkazadi, shunda «ukrain harbiylari aynan hozir, frontda muz va qor sharoitida, zarur qishki ekipirovka va yetarli tibbiy yordamga ega bo‘lishi» ta’minlanadi, dedi Vadeful.

NATO bosh kotibi Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi kafolatlarni «juda yaxshi yangilik» deb atadi. U NATOga a’zo sheriklar joriy yil oxiriga qadar PURL mexanizmi doirasida 5 mlrd dollar ajrata olishiga «ehtiyotkor optimizm» bilan umid bildirdi. U 2026 yil uchun esa taxminan 15 mlrd dollar, «ehtimol, bundan biroz ko‘proq» mablag‘ talab etilishi mumkinligini qayd etdi.

Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, kelasi yil NATO davlatlari har oy Amerika qurol-yarog‘i va o‘q-dorilariga kamida 1 mlrd dollar (taxminan 0,9 mlrd yevro) sarflashi kerak. Gap, jumladan, havo mudofaa tizimlari uchun tutib oluvchi raketalar va hujumkor tizimlarni o‘ziga qamrab olgan kritik jihatdan muhim uskunalar xaridi haqida ketmoqda.

Shu bilan birga, NATO bosh kotibi AQShning Rossiya-Ukraina urushiga chek qo‘yish bo‘yicha yangi diplomatik urinishlari hozircha natija bermayotganini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, NATO davlatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam Ukrainaning Rossiya bilan bo‘ladigan ehtimoliy muzokaralarga harbiy jihatdan imkoni boricha kuchli pozitsiyadan borishini ta’minlashga qaratilgan.

Ukrainaga ko‘rsatilayotgan keyingi harbiy yordamdan tashqari, NATO mamlakatlari Bryusseldagi uchrashuvda AQShning Ukrainadagi urushga chek qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishishga qaratilgan sa’y-harakatlarini ham muhokama qildi.

3 dekabr kuni NATOga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa ham ishtirok etishi kutilgandi.

Uchrashuvda AQSh davlat kotibi Marko Rubio qatnashmadi — u avvalroq aniq sabablarni ko‘rsatmagan holda tashrifini bekor qilgan. AQSh Davlat departamenti vakili faqat shunday izoh berdiki, Rubioning har bir uchrashuvda shaxsan hozir bo‘lishini kutish «umuman realistik emas». Dpa agentligi esa NATO davlatlari tashqi ishlar vazirlarining bunday rasmiy uchrashuvida AQSh tashqi siyosat idorasi rahbarining qatnashmasligini nihoyatda g‘ayrioddiy holat deb baholadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid