Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
2026 yilda 4,5 million tonna paxta yetishtirish maqsad qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 dekabr kuni kimyo sanoatida ishlab chiqarish va eksportni oshirish hamda tannarxni pasaytirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, kelgusi yilda 4,5 million tonna paxta yetishtirish maqsad qilingan. Buning uchun fosforli o‘g‘itlarning yetarli zaxirasini tayyorlash, o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarga yetarli miqdorda sulfat kislotasini yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.
Kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va raqamlashtirish bo‘yicha aniq strategiya qabul qilingan. 2030 yilgacha tarmoq hajmini kamida ikki barobarga oshirish, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni 1,5 barobarga ko‘paytirish va eksport hajmini 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Prezident Gulistondagi gaz portlashida jabrlanganlar holidan xabar oldi
Ikki kun oldin Guliston shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida gaz balloni portlashi oqibatida 29 nafar fuqaro jarohat olgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida shifoxonaga borib, jabrlanganlar bilan uchrashdi, ularning ahvoli va davolash choralari bilan tanishdi.
Davlat rahbari jarohat olganlar bilan suhbatlashib, ularga ma’naviy ko‘mak bildirdi, har bir bemorning ahvoli bo‘yicha shifokorlardan atroflicha ma’lumot oldi. Shuningdek, jabrlanuvchilarning yaqinlari bilan gaplashib, ularni ruhan qo‘llab-quvvatladi.
Prezident mutasaddilarga jabrlanganlarga zarur tibbiy yordamni to‘liq ko‘rsatish, davolanish jarayonini doimiy nazoratda ushlash hamda ularning oilasiga barcha tomonlama ko‘mak taqdim etish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Maktab va bog‘chalar qurilishini moliyalashtirish mahalliy budjetlarga o‘tkaziladi
2026 yildan akademik litseylar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablar qurilishi, rekonstruksiyasi va kapital ta’miri uchun xarajatlar respublika darajasidan mahalliy budjetlar ixtiyoriga o‘tkaziladi. Shu maqsadda mahalliy budjetlarga 19,7 trln so‘m budjetlararo transfertlar yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Ushbu o‘zgarishlar mahalliy hokimiyat organlarining ta’lim infratuzilmasini rivojlantirishdagi mas’uliyati va mustaqilligini oshirish, maktab va bog‘cha qurilishi hamda ta’mirida hududlarning ehtiyoj va ustuvorliklarini inobatga olish imkonini berishi ta’kidlanmoqda.
Markaziy bank voyaga yetmaganlarning kartadan foydalanishi tartibi bo‘yicha izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan shaxslarga bank kartalarini ochish va ularni tijorat banklari hamda to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalariga biriktirishda biometrik identifikatsiya (Face-ID) talabi tufayli muammolar kuzatilayotgani bo‘yicha chiqishlardan so‘ng Markaziy bank mazkur masalaga oydinlik kiritdi.
Qayd etilishicha, Markaziy bank tomonidan banklar va to‘lov tashkilotlariga xatarlarni boshqarish siyosati asosida voyaga yetmaganlar uchun mobil ilova orqali elektron to‘lov imkoniyatini taqdim etish, biroq yuqori xatarli amaliyotlar uchun qo‘shimcha identifikatsiya mexanizmlarini saqlab qolish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborilgan.
Markaziy bank qisqa muddat ichida voyaga yetmagan shaxslar banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalari orqali o‘z bank kartalaridan to‘liq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.
Toshkentda yo‘llarni ifloslagan yuk mashinalari bo‘yicha reydlar kuchaytirildi
Toshkent shahar IIBB YHXB axborotiga ko‘ra, yuk tashish qoidalari bo‘yicha olib borilayotgan targ‘ibot ishlariga qaramasdan, ortilgan yukni to‘g‘ri yopmasdan harakatlanib yo‘l qoplamasini ifloslayotgan haydovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida jarimalar qo‘llanmoqda.
Qonunchilikka ko‘ra, MJtKning 147-moddasida yo‘l qoplamasini ifloslantirish, shuningdek yo‘llarni saqlash qoidalarini buzish fuqarolarga – bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, mansabdor shaxslarga – bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari (4 mln 120 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Mavzuga oid
21:02 / 12.12.2025
«Metan zapravka»larda cheklovlar va Farg‘ona vodiysiga ko‘chma konteynerda gaz – mahalliy dayjest
21:54 / 11.12.2025
Uy-joy va avtomobil savdosida naqd puldan voz kechilishi va inson a’zolari savdogarlariga jazo – mahalliy dayjest
22:32 / 10.12.2025
800 ta paxta terish mashinasi va Piskentdagi daraxtkushlik – mahalliy dayjest
22:46 / 05.12.2025