Jahon | 15:03 / 04.12.2025
1597
9 daqiqa o‘qiladi

Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

AQSh — Rossiya muzokaralari

AQSh prezidenti Donald Tramp Kremldagi uchrashuvdan so‘ng «Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari istiqboli hozircha noaniq» ekanini aytdi.

Tramp – vakillari Uitkoff va Kushner unga uchrashuv tafsilotlarini yetkazganini aytdi. AQSh vakillarining Putindan olgan taassurotlari «u kelishuvga erishishni xohlaydi». Ammo bundan keyin nima bo‘lishi hozircha noma’lum, dedi Tramp.

«Bu uchrashuvdan nima chiqishini sizga aytolmayman, chunki tango raqsini ikki kishi o‘ynaydi», dedi Tramp izoh bermasdan. U yana «Bizda (Ukraina bo‘yicha) anchagina ko‘p ishlab chiqilgan narsalar bor», deya qo‘shimcha qildi.

Oq uy rasmiylariga ko‘ra, endi Uitkoff va Kushner Mayamida ukrainaliklar bilan uchrashadi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham jamoasi AQShdagi uchrashuvlar uchun tayyorgarlik ko‘rayotganini va Tramp vakillari bilan muloqot davom etishini bildirdi.

«Faqatgina Ukraina manfaatlari inobatga olingandagina munosib tinchlik mumkin», dedi u.

Rasmiy Kreml chorshanba kuni AQShning ayrim takliflarini qabul qilgani va murosa yo‘lini izlashga tayyor ekanini aytgandi. Shunga qaramay Kremldagi muzokaralar aniq bir to‘xtamsiz yakunlangan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov buni normal ishchi jarayon deb atadi.

«Kecha birinchi marta bevosita fikr almashinuvi yuz berdi. Ba’zi narsalar qabul qilindi, ba’zilari qabul qilib bo‘lmaydigan deb belgilandi. Bu – murosa topishning normal ishchi jarayoni», dedi Peskov.

Bundan tashqari, u Trampning sa’y-harakatlaridan Rossiya minnatdor ekanini, ammo AQSh tomoni muzokaralar yuzasidan har qadamni izohlab borishi maqsadga muvofiq emasligini aytdi.

«Bu urush jinoyati bo‘lishi mumkin» — Guterrish G‘azodagi holat haqida

3 dekabr kuni Reuters nashriga intervyu bergan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish xalqaro maydonda sodir bo‘layotgan ko‘plab voqealarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, u Isroilning G‘azo sektorida o‘tkazgan harbiy operatsiyasi «asosiy jihatdan noto‘g‘ri» bo‘lgani aytdi.

«Menimcha, bu operatsiya olib borilishida nimadir tubdan noto‘g‘ri bo‘lgan — tinch aholining o‘limi va G‘azoning vayron qilinishiga to‘liq beparvolik bilan munosabatda bo‘lingan», dedi Guterrish.

«Operatsiyaning maqsadi Hamasni yo‘q qilish edi. G‘azo vayron bo‘lgan, ammo Hamas hali yo‘q qilinmagan. Demak, bu jarayon qanday olib borilgani borasida tubdan noto‘g‘ri narsa bor», dedi u.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning ikki yillik genotsidi davomida G‘azoda 70 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.

Urush jinoyatlari sodir etilganmi degan savolga Guterrish: «Bu ehtimol haqiqat bo‘lishi mumkinligiga juda kuchli asoslar bor», deb javob berdi.

Bunga javoban Isroilning BMTdagi elchisi Denni Danon «7 oktyabr voqealaridan keyin BMT bosh kotibini hamon Isroilga tashrif buyurmaganlikda aybladi. «Har bir imkoniyatda Isroil va isroilliklarni tanqid qilish uchun o‘z minbaridan foydalanmoqda», dedi Isroil vakili Guterrish haqida.

Biroq o‘tgan yilning oktyabrida o‘sha paytdagi Isroil tashqi ishlar vaziri (hozirgi mudofaa vaziri) Isroil Kats Guterrishni mamlakatga kiritishni taqiqlaganini aytgandi.

G‘azoda 10 oktyabrdan buyon zaif sulh amal qilmoqda, biroq Isroil G‘azoga zarbalar berishda davom etmoqda. HAMAS va Isroil bir-birini AQSh vositachiligida tuzilgan kelishuvni buzganlikda ayblamoqda.

Makron Xitoyga keldi

4 dekabr kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Pekinda Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashuv o‘tkazdi. Makronning dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyotga tashrifi davomida unga yirik biznes delegatsiyasi hamrohlik qilmoqda.

Xitoy tomoni bu tashrifga katta e’tibor qilayotgan bo‘lsa-da, Si Airbus samolyotlari buyurtmasini ma’qullashi kutilmayapti. Chunki Xitoyga ko‘ra, 500 ta Airbus samolyotini xarid qilish bo‘yicha majburiyat olishi uning AQSh va G‘arbga nisbatan muzokara kuchini pasaytiradi. Tashrif hali yana bir necha kun davom etadi.

Xitoy bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Fransiyaning yettinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi va yiliga qariyb 35 milliard dollarlik fransuz mahsulotlarini xarid qiladi. O‘z navbatida, Fransiya Xitoydan yiliga 45 milliard dollarlik tovar sotib oladi.

Isroil Rafah o‘tish punktini ochmoqchi

Isroil G‘azo va Misr o‘rtasidagi muhim Rafah o‘tish punktini yaqin kunlarda ochishini e’lon qildi. Bu sektorga yordam kirishi uchun emas, balki falastinliklarning hududdan chiqishiga qaratilgan qadamdir.

Isroil harbiy ma’muriyati — chiqishlar «Isroilning xavfsizlik roziligidan so‘ng Misr bilan muvofiqlashtirilgan holda va Yevropa Ittifoqi missiyasi nazorati ostida amalga oshirilishini» bildirdi.

Isroil xavfsizlik rasmiysining ta’kidlashicha, bu qaror HAMAS bilan yetti hafta avval boshlangan mavjud sulh rejimini qo‘llab-quvvatlash ramzi hisoblanadi. Biroq Misr Rafahni qayta ochish bo‘yicha Isroil bilan hamkorlik qilayotganini rad etdi.

«Agar o‘tish punktini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilsa, bu ikki tomonda — G‘azoga kirish va chiqish bo‘yicha bo‘ladi. Bu AQSh prezidenti Donald Tramp rejasi asosida amalga oshiriladi», dedi Misr davlat rasmiysi.

Trampning 20 banddan iborat G‘azo tinchlik rejasi «Rafahni ikki tomonga ochish yanvar oyidagi sulh kelishuvi mexanizmi bilan bir xil bo‘lishi kerak» deb belgilaydi.

Rafah 2024 yil may oyidan beri asosan yopiq. O‘sha paytda chegara punkti Isroil qo‘shinlari tomonidan egallab olingan edi. JSST ma’lumotiga ko‘ra, hozirda G‘azoda 16 500 dan ortiq og‘ir kasal yoki tan jarohati olgan odamlar bor va ular hayotni saqlab qolish uchun zarur davolanishni xorijda olish maqsadida evakuatsiyani kutmoqda.

Malayziya yo‘qolgan samolyot qidiruvini qayta boshladi

Kuala-Lumpurdan Pekinga MH370 reysini amalga oshirgan Malaysia Airlines aviakompaniyasining samolyoti qoldiqlarini qidirish ishlari 30 dekabrda — u g‘oyib bo‘lganidan 11 yil vaqt o‘tib qayta boshlanadi.

Malayziya hukumati ma’lum qilishicha, qidiruv operatsiyasi 55 kun davom etadi. Qidiruv aynan qayerda o‘tkazilishi ma’lum qilinmagan.

«So‘nggi voqealar Malayziyaning ushbu fojiadan jabr ko‘rgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga intilishini ta’kidlaydi», deb ma’lum qildi mamlakat transport vazirligi.

Qidiruv ishlarini Ocean Infinity kompaniyasi olib boradi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, agar layner bo‘laklari topilmasa, kompaniya hech qanday pul mukofoti olmaydi. Agar uning qoldiqlari topilsa, Ocean Infinity 70 mln dollar oladi.

MH370 reysini amalga oshirayotgan Boeing 777 samolyoti 2014 yil 8 martda g‘oyib bo‘lgandi. Bortida 227 yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan laynerning sirli g‘oyib bo‘lishidan so‘ng aviatsiya tarixidagi eng katta va qimmat qidiruv ishlari olib borildi.

2014 yilda boshlangan qidiruv ishlarida ko‘plab davlatlar: 26 mamlakatdan 60 ga yaqin kema va 50 ta samolyot jalb qilingan. 2015 yil iyul oyida Hind okeanidagi Reyunion oroli qirg‘og‘ida samolyotga tegishli deb taxmin qilinayotgan bir nechta katta bo‘lak topildi. Qidiruv ishlari faqat 2017 yil yanvar oyida yakunlandi. Lekin u ham, 6 oydan keyingi takroriy qidiruv ishlari ham samarasiz yakunlangan.

Laynerning g‘oyib bo‘lishi – uchuvchi samolyot halokatini ataylab uyushtirgan bo‘lishi mumkinligi yoki layner jinoyatchilar tomonidan havoda egallab olingani haqidagi taxminlarni keltirib chiqargan. Lekin bularning hech biri tasdiqlanmagan.

Mavzuga oid