Jahon | 23:20 / 06.12.2025
4123
2 daqiqa o‘qiladi

Ash-Shar’a Suriyada prezidentlik saylovi qachon o‘tkazilishini ma’lum qildi

13 mart kuni ash-Shar’a besh yillik o‘tish davri uchun huquqiy asos bo‘luvchi konstitutsion deklaratsiyani imzolagandi. Hujjatga ko‘ra, butun ijroiya hokimiyati davlat boshlig‘ining qo‘lida bo‘ladi.

Foto: Mohammed Ai-Rifai / EPA / TACC

Suriyada prezidentlik saylovi to‘rt yildan so‘ng yangi konstitutsiya asosida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a Doha forumidagi chiqishida ma’lum qildi.

"Biz milliy muloqot bo‘yicha keng qamrovli anjuman o‘tkazdik. Buning natijasida vaqtinchalik konstitutsion deklaratsiya qabul qilindi. Mazkur prezidentga hokimiyatda besh yil davomida qolish vakolatini berdi. Bu davr ichida ko‘plab qonunlar qabul qilinadi va davlat boshqaruvi uchun asos bo‘luvchi konstitutsiya ishlab chiqiladi. Biz to‘rt yildan so‘ng albatta saylov o‘tkazamiz", - dedi u.

Ash-Shar’aning qayd etishicha, o‘tish davri hukumati “mamlakatdagi murakkab vaziyatga qaramasdan” parlament saylovlarini tashkil qildi. 

13 mart kuni ash-Shar’a besh yillik o‘tish davri uchun huquqiy asos bo‘luvchi konstitutsion deklaratsiyani imzolagandi.

Hujjatga ko‘ra, butun ijroiya hokimiyati davlat boshlig‘ining qo‘lida bo‘ladi. Prezidentga Konstitutsion sud a’zolarini tayinlash va favqulodda holat e’lon qilish huquqi berildi.

10 noyabr kuni Ahmad ash-Shar’a Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazgandi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid