Jahon | 11:55
2061
4 daqiqa o‘qiladi

HAMAS qator shartlar bajarilsa, qurol tashlashga tayyorligini bildirdi

Falastinning HAMAS harakati, jumladan, Isroil askarlarini G‘azo sektori hududidan to‘liq chiqarish sharti bilan qurol tashlashga rozi ekanini ma’lum qildi, deb xabar berdi harakat yetakchisi eksklavda.

Foto: Yousef Masoud/Keystone Press Agency/Global Look Press

Yevroittifoq va AQShda terroristik tashkilot sifatida tan olingan XAMAS harakati qator shartlar bajarilgan taqdirda, jumladan, Isroil askarlarini G‘azo sektori hududidan to‘liq chiqarish sharti bilan qurol tashlashga rozi. Harakatning eksklavdagi yetakchisi Halil al-Xayyaning so‘zlarini yakshanba, 7 dekabr kuni AFP agentligi keltirdi.

«(Bizning — tahr.) qurolimiz mavjudligi okkupatsiya va tajovuz bilan izohlanadi. Agar okkupatsiya tugasa, bu qurol davlat nazoratiga o‘tadi», — dedi al-Xayya.

Uning ma’muriyati AFP agentligi so‘roviga javoban aniqlik kiritishicha, harakat yetakchisi Isroil harbiylari chiqarilgan taqdirda HAMAS qurolni topshirishi mumkin bo‘lgan suveren Falastin davlati tuzilishi tarafdori.

HAMAS rahbariyati, shuningdek, BMT qo‘shinlarini joylashtirish variantini ham qabul qilishini bildirdi, bu qo‘shinlar otishmani to‘xtatish shartlariga rioya etilishini nazorat qiladi va chegaralarni qo‘riqlaydi, deb qo‘shimcha qildi al-Xayya. Shu tariqa u harakatni qurolsizlantirish uchun xalqaro kuchlar joylashtirish g‘oyasini amalda rad etdi.

AFP eslatishicha, hozirga qadar HAMAS qurol topshirishdan bosh tortib kelgan.

G‘azo bo‘yicha muzokaralar Germaniya kansleri Fridrix Mersning Isroilga tashrifi paytida muhokama qilingan mavzulardan biri bo‘ldi.

O‘z navbatida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Mers bilan qo‘shma matbuot anjumanida G‘azoda otishmani to‘xtatish rejasining ikkinchi bosqichiga «yaqin vaqt ichida» o‘tilishi kutilayotganini aytdi.

«Biz yaqin orada AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining birinchi bosqichini yakunlaymiz, deyarli qisman maqsadga yetdik», — deya ta’kidladi Netanyahu. Uning so‘zlariga ko‘ra, dekabr oyi oxirida «ikkinchi bosqichni amalga oshirishni qanday ta’minlash mumkinligi» haqida juda muhim suhbatlar rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Netanyahu mustaqil Falastin davlati tuzilishini rad etdi. «Biz arab davlatlari bilan kengroq tinchlikka erishish yo‘li mavjud, deb hisoblaymiz, shuningdek, falastinlik qo‘shnilarimiz bilan barqaror tinchlikka yetishish yo‘li ham bor. Lekin biz o‘z ostonamizda faqat bizni yo‘q qilishga bel bog‘laydigan davlat tuzmaymiz», — dedi u.

Kelgusi qadamlar haqida gapirar ekan, Isroil bosh vaziri HAMASni qurolsizlantirish tinchlik yo‘lidagi dastlabki shart ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, otishmani to‘xtatish rejasining ikkinchi bosqichi birinchi bosqichga qaraganda ancha murakkab bo‘ladi.

Isroil bosh vaziri shuningdek, G‘azo sektorida yana bir garovga olinganning jasadi qolganini eslatdi.

Yevroittifoq va AQShda terroristik tashkilot sifatida tan olingan HAMAS harakatining 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilga qilgan hujumi Yaqin Sharqdagi mojaroning navbatdagi keskinlashuv nuqtasi bo‘ldi. O‘shanda jangchilar Isroilga raketa zarbalari yo‘lladi, uning hududiga kirib bordi va taxminan 1200 kishini o‘ldirdi. Shuningdek, taxminan 250 nafar odamni garovga olib, ularni G‘azo sektoriga olib ketdi. Keyinchalik garovdagilarning bir qismi almashtirildi yoki ozod etildi, bir qismi halok bo‘ldi.

Isroil bu hujumga javob tariqasida HAMASga urush e’lon qildi. Qurolli amaliyot va G‘azo sektoriga havodan berilgan zarbalar natijasida 70 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, yana 169 mingdan ortiq kishi yaralangan. 

Mavzuga oid