Jahon | 17:48
2082
8 daqiqa o‘qiladi

Isroil politsiyasi BMT tashkilotining Sharqiy Quddusdagi binosiga bostirib kirdi

Isroil politsiyasi va Quddus shahar hokimiyati vakillari BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi binosiga bostirib kirib, mol-mulklarni musodara qildi. Shuningdek, bo‘sh turgan binodagi BMT bayrog‘i o‘rniga Isroil bayrog‘i qadaldi. Rasmiylar ushbu reyd soliq qarzdorligini undirish maqsadida o‘tkazilganini aytdi. BMT esa Isroilni o‘z binolari daxlsizligini darhol tiklashga chaqirdi.

BMT bayrog‘i o‘rniga ilingan Isroil bayrog‘i. Foto: Mahmud Illean / AP Photo

8 dekabr – dushanba kuni tong saharda Isroil politsiyasi Sharqiy Quddusda joylashgan BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi binosiga kuch bilan bostirib kirdi. Bu Isroil hududida faoliyati taqiqlangan BMT agentligiga qarshi olib borilayotgan kampaniyani yanada keskinlashtirdi.

BMT agentligi bayonotida tashkilotning bo‘sh turgan binosiga Isroil politsiyasi shahar hokimiyati vakillari bilan birga kirgani ma’lum qilingan.

«Majmuaga – politsiya mototsikllari, shuningdek, yuk mashinalari va forkliftlar (yukni ko‘taruvchi va taxlovchi kichik mashina) olib kirildi. Barcha aloqa vositalari uzib qo‘yildi. Mebel, IT uskunalar va boshqa mol-mulklar musodara qilindi. BMT bayrog‘i tushirilib, uning o‘rniga Isroil bayrog‘i ilib qo‘yildi.

Mazkur harakat Isroilning BMTga a’zo davlat sifatidagi tashkilot binolari daxlsizligini himoya qilish va hurmat qilish majburiyatlariga ochiqdan ochiq bepisandlik ekanini anglatadi», deyiladi UNRWA bayonotida.

Associated Press fotografi olgan suratlarda politsiyaning majmua ichida Isroil bayrog‘ini o‘rnatayotgani va ko‘chada politsiya mashinalari turgani aks etgan.

Foto: Flash90

UNRWA xodimlari nashrga taqdim etgan tasvirlarda esa majmua ichida bir guruh isroillik politsiya xodimlari ko‘rinadi.

BMT va UNRWA izohi

Tashkilot bosh komissari Flippi Lazzaranining ta’kidlashicha, Isroil qonunchiligi tufayli joriy yil boshida UNRWA xodimlari majmuani tark etishga majbur bo‘lgan. Lekin «mazkur majmua BMT obekti maqomini saqlab qoladi va har qanday aralashuvdan xoli» hisoblanadi.

«Isroil BMTning imtiyozlari va daxlsizligi to‘g‘risidagi Konvensiyaga a’zo hisoblanadi. Ushbu Konvensiyaga ko‘ra, BMT binolari daxlsiz — ya’ni tintuv va/yoki musodara qilishdan xoli, BMTga tegishli mol-mulk va aktivlar esa har qanday huquqiy jarayonlardan himoyalangan. Hech qanday istisno bo‘lishi mumkin emas», deydi bosh komissar.

Bunga yo‘l qo‘yilishi xalqaro huquq uchun yangi va xavfli chaqiriqdir. Chunki u dunyoning istalgan nuqtasida – BMT mavjud bo‘lgan boshqa hududlar uchun ham o‘ta xavfli pretsedent yaratadi.

Sharqiy Quddusdagi BMT agentligi binosi / Foto: AP

BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh ham majmuaga ruxsatsiz kirib borishni keskin qoralashini bildirgan.

«Guterresh – Isroilni BMT nizomi hamda xalqaro huquq bo‘yicha majburiyatlariga muvofiq ravishda binolar daxlsizligini darhol tiklash, saqlash va hurmat qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, bosh kotib BMT obektlariga nisbatan har qanday keyingi harakatlardan tiyilishga chaqirdi», deyiladi BMT bosh kotibi vakili Stefan Dujarrikning bayonotida.

«Soliqlardan qarzdorlik»

New York Times nashrining Isroil rasmiylarga tayanib yozishicha, reydlar – shahar soliqlari bo‘yicha qarzlarni undirish maqsadida o‘tkazilgan. Bu Isroil va BMT munosabatlaridagi taranglikni keskin kuchaytirdi.

Quddus shahar hokimiyati ham reydlarni – «ko‘p marotaba ogohlantirishlardan keyin amalga oshirilgan odatiy qarz undirish chora-tadbiri» bo‘lganini bildirdi. Bayonotda aytilishicha, UNRWAʼning uzoq vaqt davomida to‘lanmagan qariyb 3,4 million dollar miqdoridagi mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorligi bor.

Foto: Reuters

Shahar amaldorlaridan biri, UNRWA faoliyati Isroilda taqiqlangach, uning majmuasi ham soliqlardan ozod etilish maqomini yo‘qotganini bildirdi.

Ammo bosh komissar Flippi Lazzarani bino faol foydalanilmayotgan bo‘lsa-da, u baribir xalqaro huquqqa ko‘ra tintuv, musodara yoki soliqqa tortishdan xoli bo‘lgan BMT hududi hisoblanishini ta’kidlagan.

UNRWA qanday tashkilot?

BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi (United Nations Relief and Works Agency for Palestine Refugees) – 1948 yilda tashkil qilingan. U dastlab, Isroil tashkil etilishi atrofidagi urush paytida – hozirgi Isroil hududidan qochgan yoki haydab chiqarilgan taxminan 700 ming falastinlikka yordam bergan.

Bugungi kunda agentlik – G‘azo, bosib olingan G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda yashovchi qariyb 2,5 million falastinlik qochqinga yordam ko‘rsatadi. Bundan tashqari, Suriya, Iordaniya va Livandagi yana 3 million qochqinga ham xizmat qiladi.

Foto: AP

UNRWA tarafdorlari – Isroil ushbu agentlikni yo‘q qilish orqali falastinlik qochqinlar masalasini butunlay «o‘chirib tashlash»ga intilayotganini aytadi. Mazkur reyd ham Isroilning ushbu agentlikka qarshi olib borayotgan kampaniyasidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.

2023 yil 7 oktyabrda boshlangan urushdan so‘ng agentlik oylar davomida G‘azo aholisi uchun asosiy «hayot yo‘lagi» bo‘lib xizmat qilgandi.

Urush davomida Isroil agentlikni Hamas bilan hamkorlikda ayblagan, biroq bunga dalillar keltirmagan. BMT bu ayblovlarni rad etgan. UNRWA esa qurolli guruhlarga ataylab yordam bermasligini va gumon qilingan shaxslar darhol ishdan chetlatilishini bildirgan.

Netanyahu va uning o‘ta o‘ngchi ittifoqchilari G‘azo urushi boshlangach, bir necha oy o‘tib, UNRWA’ning Isroil hududida faoliyat yuritishini rasman taqiqladi. Agentlikning eng yirik donori bo‘lgan AQSh esa 2024 yil boshida unga moliyaviy yordamni to‘xtatdi.

Shundan beri UNRWA G‘azodagi faoliyatini davom ettirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu bo‘shliqni BMTning boshqa agentliklari, jumladan, Butunjahon oziq-ovqat dasturi va UNICEF qisman to‘ldirmoqda.

Foto: AP

Isroil va AQSh bilan ziddiyatlarga qaramay, UNRWA xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Juma kuni BMT Bosh assambleyasi agentlik vakolatini yana uch yilga uzaytirish uchun ovoz berdi. 145 davlat uzaytirishni yoqlab ovoz berdi, 10 ta davlat — jumladan, Isroil va AQSh qarshi chiqdi, 18 ta davlat betaraf qoldi.

Joriy yil oktyabr oyida Xalqaro jinoyat sudi ham tavsiyasi tarzida Isroilni – G‘azo va G‘arbiy sohilda BMTning humanitar faoliyatiga hamkorlik qilishga chaqirdi. Shunga qaramay, UNRWA G‘azo bo‘yicha sulh muzokaralaridan chetlatilgan.

G‘azo sulhi borasida nimalar bo‘lyapti?

Hozircha G‘azoda Isroilga topshirilishi kerak bo‘lgan bitta garovga olingan shaxsning jasadi qolgan. Shu sababli arab va G‘arb rasmiylari yaqin haftalarda G‘azoni boshqaradigan xalqaro tuzilma e’lon qilinishini kutmoqda. Dushanba kuni Hamas jasadni izlash ishlari davom etayotganini bildirdi.

Foto: AP

AQSh vositachiligidagi kelishuvdagi eng murakkab masalalardan biri — Hamasni qurolsizlantirish talabi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda. Yakshanba kuni Hamas bu borada ma’lum darajada moslashuvchanlik ko‘rsatdi: ular o‘z qurollarini «muzlatib qo‘yish, saqlash yoki topshirish» variantlarini muhokama qilishga tayyor ekanini bildirgan.

Shu kunlarda AQShning BMTdagi elchisi Mayk Uoltz ham Yaqin Sharqqa safar qilmoqda. U Iordaniya va Isroil rasmiylari bilan uchrashib, BMT tasdiqlagan AQShning G‘azo bo‘yicha rezolyutsiyasiga doir masalalarni muhokama qilgan.

Mavzuga oid