Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainani qo‘llayotgan Yevropa, BMT idorasiga bostirib kirgan Isroil va qayta boshlangan Tailand–Kambodja to‘qnashuvi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Yevropa Ukrainani qo‘llashda davom etmoqda
Dushanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Londonda Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya yetakchilari bilan uchrashdi. «Downing Street»dagi bosh vazir qarorgohida o‘tgan muzokaralar — AQSh prezidenti Donald Trampning sabri tobora kamayib borayotgan bir sharoitda Ukrainaning pozitsiyasini mustahkamlashga qaratildi.
Uchrashuvdan so‘ng Keir Starmer – Yevropadagi boshqa ittifoqchilari bilan bog‘lanib, Rossiyaga bosimni davom ettirishga chaqirdi.
«Barcha yetakchilar — Ukrainaga ko‘makni hamda Putinga iqtisodiy bosimni yanada kuchaytirishimiz kerakligiga kelishib oldik. Bu vahshiyona urushga yakun yasash zarur», - deyiladi Starmer idorasi bayonotida.
Dushanba kuni kechqurun jurnalistlarning savollariga javob bergan Zelenskiy – AQShning hozirgi tinchlik rejasi avvalgi variantlardan farq qilishini aytdi. U 28 banddan 20 bandgacha qisqartirilgan. Zelenskiy ta’biri bilan aytganda, ayrim «anti-ukrain bandlar olib tashlangan».
Yevropa yetakchilari har qanday sulhni — Rossiyaning yana hujum qilmasligi uchun mustahkam xavfsizlik kafolatlari bilan ta’minlanishiga intilmoqda. Tramp esa bu borada jamoatchilik oldida aniq kafolatlar bermagan.
Zelenskiy ham ayni shuni xohlaydi: «Urush tugaganidan keyin Rossiya yana tajovuz boshlasa, Ukraina nimaga tayana oladi?» dedi u. Shuningdek, u Ukraina – Yevropa va AQShning ko‘magiga birdek muhtoj ekanini ta’kidladi.
Bir kun oldin esa Tramp Zelenskiydan norozi ohangda gapirib, Ukraina yetakchisi «taklifni hali o‘qimagani»ni aytgandi.
Rejadagi asosiy kelishmovchiliklardan biri — Ukrainaning Donbass mintaqasi ustidan nazoratni Moskvaga topshirishga oid taklif bo‘lib turibdi.
Diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, Rossiya-Ukraina urushida havo hujumlar, xususan ikki tomondan ham dronlar hujumi davom etmoqda
Isroil politsiyasi BMT idorasiga bostirib kirdi
Dushanba tongida Isroil polisi Sharqiy Quddusdagi BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi joylashgan majmuaga kuch bilan bostirib kirdi.
BMT agentligi — UNWRA'ning bayonotida katta sondagi Isroil kuchlari, jumladan, mototsikllardagi politsiya xodimlari va yuk mashinalari bilan Shayx Jarroh mahallasidagi majmuaga kirgani aytiladi.
«Isroil xavfsizlik kuchlarining ruxsatsiz va kuch bilan kirib kelishi — BMT agentligining imtiyozlari va daxlsizligini mutlaqo qabul qilib bo‘lmas darajada buzishdir», - deyiladi bayonotda.
Mazkur reyd Isroilning ushbu agentlikka qarshi olib borayotgan kampaniyasidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Associated Press suratlarida politsiyaning majmua ichida Isroil bayrog‘ini o‘rnatayotgani aks etgan.
Politsiya bayonotida ular Quddus shahar hokimiyati tomonidan boshlangan «qarzni undirish jarayoni» doirasida kirganini aytiladi. Hokimiyat bu boradagi izoh bermadi.
BMT bosh kotibi Antóniu Guterresh majmuaga «ruxsatsiz kirib borishni keskin qoraladi». Guterresh Isroilni xalqaro huquq bo‘yicha majburiyatlariga muvofiq — UNWRA binolari daxlsizligini darhol tiklashga va har qanday keyingi harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
Agentlik – G‘azoda, bosib olingan G‘arbiy Sohilda yashovchi qariyb 2,5 million falastinlik qochqinga, Suriya, Iordaniya va Livanda yana 3 million qochqinga ham xizmat qiladi.
Isroil bu agentlikni Hamas bilan hamkorlikda ishlashini bir necha bor da’vo qilgan, lekin dalillar keltirmagan. Aslida agentlik ikki yillik urushda G‘azo aholisi uchun «hayot yo‘lagi»ga aylangan edi.
Tailand va Kambodja o‘rtasida yana to‘qnashuvlar boshlandi
Tailand va Kambodja o‘rtasidagi chegara mojarosi yana keskinlashdi. 8 dekabr kuni Tailand armiyasi qo‘shni mamlakatning bir necha mintaqasida joylashgan «harbiy obektlar»ga havo zarbalari berdi. Armiya rasmiysiga ko‘ra, zarbalar harbiy infratuzilma, qurol-aslaha omborlari, boshqaruv punktlari va logistika yo‘nalishlariga qaratilgan.
Tailand Kambodjani tay qo‘shinlarini o‘qqa tutish va bir harbiysining halok bo‘lishida ayblamoqda. Bundan tashqari, Tailand chegaraga yaqin tumanlardan 385 mingdan ortiq tinch aholini evakuatsiya qilishni boshlagan.
O‘z navbatida Kambodja esa Tailand armiyasini uning qo‘shinlariga hujum qilishda aybladi. Kambodja mudofaa vazirligiga ko‘ra, tay harbiylari tanklardan foydalanib ibodatxonalarni ham o‘qqa tutgan, shu bilan birga Kambodja javob o‘ti ochmagan.
Kambodja tomoni tunda ikki nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgani va mamlakatdagi qurbonlar soni oltitaga yetganini ma’lum qildi.
9 dekabrga kelib, Tailand armiyasi Kambodja harbiy kuchlarini o‘z hududidan chiqarib yuborish uchun choralar ko‘rayotganini bildirdi.
Joriy yil iyul oyida ham ikki davlat o‘rtasida besh kunlik raketa va og‘ir artilleriya almashuvi bo‘lgandi. O‘sha janglarda kamida 48 kishi halok bo‘lgan, 300 ming kishi esa uy-joyini tark etishga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng Tramp vositachiligida sulhga erishilgan edi.
Tailand va Kambodja bir asrdan ortiq vaqt davomida 817 kilometr uzunlikdagi quruqlik chegarasining aniq belgilanmagan nuqtalarda bahs qilib keladi. Ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi yangidan boshlangan to‘qnashuvlar chegara bo‘ylab yanada kengayib bormoqda.
Yaponiyada kuchli zilzila
Seshanba kuni Yaponiyaning shimoliy-sharqiy hududlarida 7,5 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Oqibatda kamida 30 kishi jarohat oldi, qariyb 90 ming nafar aholi esa o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi.
Zilzila markazi dengiz sohilidan tashqarida, 54 kilometr chuqurlikda sodir bo‘ldi. Shu sababli dastlab — balandligi 3 metrgacha bo‘lgan sunami urilishi haqida ogohlantirish berilgan edi. Bir nechta portlarda balandligi 70 santimetrgacha bo‘lgan to‘lqinlar kuzatildi.
Seshanba kuniga kelib, sunami ogohlantirishlari bekor qilindi. Jiddiy zararlar haqida xabarlar kelib tushmadi.
«Hozirgi holat bo‘yicha 30 kishi jarohatlangani va bitta yong‘in sodir bo‘lgani haqida ma’lumot oldim», - dedi Yaponiya bosh vaziri Sanaye Takaichi.
Shu bilan birga, yana kuchli zilzila sodir bo‘lish ehtimoli ma’lum qilindi. «Keyingi bir necha kun ichida yanada kuchli va yanada qudratli zilzilalar sodir bo‘lish ehtimoli mavjud», - degan rasmiylar.
Tramp H200 chiplarini Xitoyga sotishga ruxsat berdi
AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Nvidia kompaniyasining sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan ikkinchi eng kuchli chiplari — H200 protsessorlarini Xitoyga eksport qilishga ruxsat berishini aytdi.
Chiplar savdosidan AQSh hukumatiga to‘lanadigan yig‘im 25 foiz bo‘ladi, bu avgust oyida taklif qilingan 15 foizdan ancha yuqori.
«Biz milliy xavfsizlikni himoya qilamiz, ish o‘rinlarini yaratamiz va AQShning sun’iy intellektdagi yetakchiligini saqlab qolamiz», deb yozdi Tramp. Shu bilan birga Tramp H200 chiplaridan nechta jo‘natishga ruxsat berilishi yoki aniq qanday shartlar qo‘llanishini aytmadi.
Nvidia'ning eng ilg‘or Blackwell chiplarini esa Xitoyga yuborish umuman taqiqlangan.
Oq uy rasmiysining aytishicha, chiplar Xitoyga jo‘natilishidan oldin AQSh rasmiylari tomonidan xavfsizlik tekshiruvidan o‘tkaziladi.
Biroq Xitoy hukumati o‘z kompaniyalariga AQSh texnologiyalaridan foydalanmaslikni buyurgani hisobga olinsa, Trampning qarori real savdolarga olib keladimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum qolmoqda.
AQShning «qattiq pozitsiyadagi» ayrim siyosatchilari yanada ilg‘or sun’iy intellekt chiplarini Xitoyga sotishdan qaytarib kelgan. Chunki bu chiplar Pekinning harbiy salohiyatini keskin oshirib yuborishidan xavotirlar mavjud.
Mavzuga oid
14:17 / 10.12.2025
Saylovlarga tayyor Zelenskiy, Rossiyaning g‘alabasi haqida gapirgan Tramp va jurnalistlar uchun eng xavfli joy – kun dayjesti
15:07 / 06.12.2025
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025