Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mers: Ukraina ishtirokisiz tinchlik shartnomasini tasavvur qilib bo‘lmaydi
Rossiya tomonidan boshlangan Ukrainadagi urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorni Ukraina va uning yevropalik ittifoqchilari ishtirokisiz qabul qilishni "tasavvur qilib bo‘lmaydi", deb hisoblaydi GFR kansleri Fridrix Mers.
Foto: Lisi Niesner/REUTERS
2025 yil 9 dekabr, seshanba kuni Berlinda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashuvdan keyin jurnalistlar oldida so‘zlar ekan, u Kiyev manfaatlariga zid bo‘lgan "diktatorlik ruhidagi tinchlik"dan ogohlantirdi.
«Ukraina bo‘yicha qarorni Ukraina ishtirokisiz qabul qilishni qanday tasavvur qilib bo‘lmasa, Yevropa bo‘yicha qarorni yevropaliklar ishtirokisiz qabul qilishni ham xuddi shunday tasavvur qilib bo‘lmaydi», — dedi Mers DW muxbiri savoliga javob berib.
Uning eslatishicha, bundan bir kun oldin u Londonda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazgan. O‘sha muzokaralar chog‘ida Ukrainada tinchlikka erishishning ehtimoliy yo‘llari muhokama qilingan.
Fridrix Mersning so‘zlariga ko‘ra, hozirda shu masala bo‘yicha tegishli qo‘shma takliflar ishlab chiqilmoqda. «Ushbu takliflar yaqin kunlarda AQSh hukumati bilan ham muvofiqlashtiriladi. Shundan keyin Rossiya tomoni bilan keyingi muzokaralar bo‘lib o‘tadi», — dedi u.
Germaniya hukumatining rahbari ta’kidlashicha, bu urushni Ukraina emas, balki Rossiya olib bormoqda va aynan Rossiya ushbu urushni «bir necha soat ichida» tugatish imkoniyatiga ega.
«Biz barchamiz buning iloji boricha tezroq tugashidan juda manfaatdormiz. Buning uchun sharoitlar bor-yo‘qligi esa, ehtimol, yaqin kunlarda, balki haftalar davomida ma’lum bo‘ladi», — deb qo‘shimcha qildi Mers.
Mavzuga oid
22:48 / 17.02.2026
Ukrainadagi mehnat migrantlari orasida o‘zbekistonliklar ko‘pligi ma’lum bo‘ldi
17:31 / 17.02.2026
BMT: Rossiya zarbalari Ukrainadan qochqinlarning yangi to‘lqiniga sabab bo‘lishi mumkin
11:15 / 17.02.2026
Vengriya va Slovakiya Xorvatiyadan Rossiya neftini yetkazib berishni so‘ramoqda
09:33 / 17.02.2026