Jahon | 20:38 / 11.12.2025
2147
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda 52 kishi poyezdda is gazidan zaharlandi

Hodisa Olmaota-2 vokzaliga kelgan poyezdda sodir bo‘lgan, uni 13 ta tez yordam brigadasi kutib olgan. Jabrlanganlar shifoxonalarga yetkazilgan.

Foto: Qozog‘iston temir yo‘llari

Olmaotada is gazidan zaharlanish oqibatida 52 kishi, jumladan, bolalar jabrlandi, deb xabar berdi Qozog‘istonning Orda nashri.

Hodisa Olmaota-2 vokzaliga kelgan poyezdda sodir bo‘lgan, uni 13 ta tez yordam brigadasi kutib olgan. Jabrlanganlar shifoxonalarga yetkazilgan.

«10 nafar bola shifoxonaga yotqizildi, ikki nafari jonlantirish bo‘limiga joylashtirildi. Qolganlarga tekshiruvdan so‘ng, yashash joyida ambulator davolanish tavsiya etildi», deb izoh berdi Olmaota jamoat salomatligi boshqarmasi.

«Qozog‘iston temir yo‘llari» kompaniyasining ma’lum qilishicha, zaharlanish sodir bo‘lgan poyezd xususiy tashuvchiga tegishli va u suratga olish jarayoni uchun kinostudiyaga berilgan. Hodisaning boshqa tafsilotlariga aniqlik kiritilmagan.

Guvohlardan birining aytishicha, jabrlanganlar Janubiy Koreya serialini suratga olish jarayonida ishtirok etgan. Kastingga kelgan odamlar «uzoq dashtga» olib borilgan.

«Avvaliga biz isitiladigan chodirlarda kutdik va bizga suratga olish ishlari issiq poyezdda olib borilishini va’da qilishdi. Ammo hamma narsa tayyor bo‘lgach, koreyalik suratga olish guruhi so‘nggi lahzada issiq vagonni egalladi, biz - ayollar, bolalar, hammamizni «muzxonaga» tiqib qo‘yishdi», dedi u.

Erkakning so‘zlariga ko‘ra, suratga olish ishlari taxminan uch soat davom etgan, namoyish ishtirokchilari juda sovqotgan. Odamlar issiqlik talab qila boshlagach, tashkilotchilar gaz gorelkasini o‘rnatgan. Biroz vaqt o‘tgach, odamlar hushidan keta boshlagan. Erkakning ta’kidlashicha, shundan so‘ng odamlar suratga olish guruhi joylashgan vagonga evakuatsiya qilingan. Poyezdda vrach yo‘q bo‘lgan, ularni vokzalda politsiya va tibbiy xodimlar kutib olgan.

Transport politsiyasi departamentining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 156-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid