Jahon | 20:10
2253
8 daqiqa o‘qiladi

Trampning oltin kartasi sotuvi boshlandi. AQSh undan “milliardlab” pul ishlamoqchi

Donald Tramp ta’biri bilan aytganda, grin-kartadan farq qilmaydigan «Trump Gold Card»ga murojaat qilishning o‘zi – 15 ming dollar. Tekshiruvdan o‘tganlar 1 million dollar to‘lab, AQShda qonuniy maqom, keyinchalik fuqarolik olishi mumkin. Kartaning korporativ versiyasi esa ikki baravar qimmat.

Foto: Oltin kartaning rasmiy saytidan skrinshot

10 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp uzoq vaqtdan beri va’da qilib kelgan «Trump Gold Card» – «Oltin karta» viza dasturini rasman ishga tushirdi. Ushbu karta 1 million dollar to‘lagan shaxslarga va har bir chet ellik xodim uchun 2 million dollar to‘lagan korporatsiyalarga AQShda qonuniy maqom, keyinchalik fuqarolik olish yo‘lini taklif qiladi.

Donald Trampning fikricha, ushbu yangi viza – AQShga eng yaxshi iste’dodlarni jalb qilish, shu bilan birga federal g‘aznaga daromad keltiradi. U bir necha oydan beri oltin karta dasturini targ‘ib qilib kelmoqda. Hatto bir paytlar har bir karta 5 million dollarga tushishini aytgan edi. Keyinroq bu narxlarni 1 million dollarga tushirdi.

Foto2 Foto: AP

The Associated Press’ning AQSh rasmiylariga tayanib yozishicha, dastur doirasida tushadigan barcha mablag‘lar «AQSh hukumatiga boradi» va Moliya vazirligi boshqaradigan hisobga milliardlab dollar oqib kelishi kutilmoqda. Trampning aytishicha, yangi dastur aslida yashil karta (green card) bo‘lib, amalda doimiy yashash huquqini va keyinchalik fuqarolik olish imkonini beradi.

«Bu, asosan, Green card, lekin ancha yaxshiroq. Ancha kuchliroq va qudratliroq yo‘l», dedi Tramp Oq uyda jurnalistlarga.

Yana 15 ming dollarlik to‘lov

Ayni vaqtda kartaga ariza berish uchun AQSh hukumati Trumpcard.gov maxsus saytini ishga tushirdi. Saytga kartaning tasvirini ham joylashtirdi — unda prezident Trampning portreti, orqa fonda AQSh bayrog‘i va «Trump Gold Card» yozuvi ostida uning imzosi aks etgan.

Saytga ko‘ra, karta uchun murojaat qilishga arizachilar qaytarilmaydigan 15 ming dollarlik qayta ishlash (processing) to‘lovini to‘lashi kerak.

AQSh Savdo vaziri Xovard Lutnikning aytishicha, dastur arizachilarni puxta «background check» — kelib chiqish va xavfsizlik tekshiruvlaridan o‘tkazadi. Bu ularning «Amerikada bo‘lishga mutlaqo loyiq ekanini kafolatlaydi».

Arizachilar Ichki xavfsizlik departamenti tomonidan tekshirilgach va tasdiqlangach, ular 1 million dollar to‘lashi shart bo‘ladi. Shunda ular «rekord vaqt ichida AQSh rezidentligini oladi» va qonuniy doimiy yashovchi maqomiga ega bo‘ladi.

«Shaxs tekshiruv jarayoni yakunlanganidan so‘ng 1 million dollarlik hadya uning AQShga sezilarli foyda keltirishi isboti hisoblanadi. Shaxs har xil sharoitlarga qarab AQSh Davlat departamentiga qo‘shimcha kichik to‘lovlar ham to‘lashi mumkin», deyiladi rasmiy saytdagi tushuntirishda.

«Milliardlab dollar yig‘amiz»

Savdo vaziri Xovard Lutnikning aytishicha, dastur oldindan ro‘yxatdan o‘tish bosqichida 10 mingga yaqin kishini jalb qilgan va u bu son yanada ortishiga ishonadi. «Vaqt o‘tishi bilan biz minglab kartalarni sotamiz, bilasiz, milliardlab, milliardlab dollar yig‘amiz,» dedi Lutnik Reutersʼga bergan qisqa intervyusida.

Lutnik, shuningdek, amaldagi grin-kart egalari o‘rtacha amerikalikdan kamroq daromad topishini, Tramp esa buni o‘zgartirmoqchi ekanini aytdi. Lekin, bu fikriga dalil keltirmadi.

«Xullas, vizalar o‘sha-o‘sha, lekin endi eng yaxshi odamlar bilan to‘ldiriladi,» dedi Lutnik.

New York Times'ning yozishicha, maxsus saytda «Platinum card» haqida ham dastlabki ma’lumot berilgan.

U boshqa davlat fuqarolariga har yili 270 kungacha AQShda yashashga va chet elda topilgan daromaddan soliq to‘lamaslikka ruxsat beradi. Platina karta oluvchilar 5 million dollar hamda 15 ming dollarlik qayta ishlash to‘lovi to‘lashi kerak bo‘ladi.

Kartaning korporativ versiyasi

Savdo vaziri Xovard Lutnikning ta’kidlashicha, Gold Card dasturining korporativ versiyasi ham mavjud bo‘lib, kompaniyalarga AQShda ishlashini istagan har bir xorijiy xodimlari uchun 2 million dollarlik badal evaziga olish imkonini beradi. Kompaniyalar bir nechta karta olishlari mumkin, ammo har bir karta faqat bitta shaxsga biriktiriladi.

Donald Tramp ariza berayotgan korporatsiyalar uchun ish o‘rinlari yaratish talablari yoki dastur bo‘yicha umumiy kvotalar haqida gapirmagan.

Tramp sentabr oyida Gold Card dasturi haqida farmon imzolagan edi. / Foto: New York Times

Trampga ko‘ra, biznes yetakchilari – «AQSh universitetlaridan eng yaxshi bitiruvchilarni yollashga uringan, ammo ularda qolishga ruxsatnomasi yo‘qligi sababli bunga erisha olmagan».

«Siz eng yaxshi universitet bitiruvchilarini yollay olmaysiz, chunki bu odamni ushlab qolish-qolmasligingizni bilmay qolasiz,» dedi Tramp.

Uning aytishicha, dastur AQShga «buyuk odamlar kelishini» anglatadi, chunki «ular zo‘r insonlar bo‘ladi». U AQShning yetakchi universitetlarida ta’lim olgan Xitoy, Hindiston va Fransiyadan bo‘lgan talabalarni oltin karta olishi mumkin bo‘lgan shaxslar qatorida tilga oldi. «Kompaniyalar juda xursand bo‘ladi,» dedi u.

«Boylarga imtiyoz»

Gold Card dasturi – Oq uy ma’muriyatining immigratsiya siyosatiga qarshi turuvchi Tramp versiyasi, deb yozmoqda Reuters. Prezident – bu jarayon o‘zining tariflar dasturi kabi muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’riflagan.

Ba’zi demokratlar va migrant huquqlari himoyachilari ushbu dasturni qoraladi, uni boy odamlarni adolatsiz tarzda ustuvor qo‘yishi bilan aybladi. Ayrimlar prezidentning bunday dastur yaratish vakolati bor-yo‘qligini ham savol ostiga olmoqda.

Tramp o‘zining siyosiy faoliyatini AQSh-Meksika chegarasini kuchaytirish va qat’iy immigratsiya siyosatini targ‘ib qilish orqali qurdi. Uning ikkinchi ma’muriyati ham o‘n oydan ortiq vaqt mobaynida ommaviy deportatsiya va keng ko‘lamli immigratsiya reydlarini amalga oshirmoqda.

Foto: Reuters

O‘tgan oy Vashingtonda ikki milliy gvardiyachiga qarata o‘q uzilgan otishmadan so‘ng – AQShning qonuniy immigratsiya tizimida ham keng ko‘lamli o‘zgarishlar kiritildi.

Federal rasmiylar 19 mamlakat fuqarolari topshirgan immigratsiya arizalarini vaqtincha to‘xtatdi. Shuningdek, ular boshpana arizalari bo‘yicha qarorlarni ham muzlatdi va Bayden ma’muriyati davrida tasdiqlangan 50 mingdan ortiq boshpana arizasini qayta ko‘rib chiqishga va’da berdi.

Mavzuga oid