Jahon | 16:01 / 12.12.2025
3232
5 daqiqa o‘qiladi

Duma “chet elda yashirinib yurganlar” uchun cheklovlar tayyorlamoqda

Davlat dumasining chet davlatlar aralashuvini tergov qilish bo‘yicha komissiyasi “chet el agenti” va boshqa moddalar bo‘yicha ta’qib qilinayotgan, chet elda yashayotgan rossiyaliklar uchun bir qator cheklovlar ishlab chiqdi. 

Foto: Vedomosti

RF Davlat dumasining chet davlatlar aralashuvi faktlarini tergov qilish bo‘yicha komissiyasi Rossiyada jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilgan, biroq hozir chet elda bo‘lgan rossiyaliklar uchun cheklovlar nazarda tutilgan qonun loyihalari paketini tayyorladi. Bu haqda komissiyaning Telegram-kanalida 11 dekabr, payshanba kuni xabar berildi.

U yerda aytilishicha, tayyorlanayotgan choralar RF fuqarolariga — jinoiy moddalar bo‘yicha yoki Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksdagi olti toifa bo‘yicha aybdor deb topilganlarga nisbatan tatbiq etiladi. Aniqrog‘i, gap quyidagilar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqida ketmoqda: Adliya vazirligining “chet el agentlari” haqidagi qonun buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarini bajarmaslik; “chet el agenti” faoliyati tartibini buzish; RF hududiy yaxlitligini buzishga da’vatlar; RFga qarshi sanksiyalar joriy etishga da’vatlar; RF Qurolli kuchlarini “obro‘sizlantirish” va “nomaqbul” tashkilot faoliyatida ishtirok etish.

Deputatlar, jumladan, bunday vaziyatga tushib qolgan rossiyaliklarga yakka tartibdagi tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishni taqiqlashni taklif qilmoqda, ularning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini “to‘xtatib turish” (ya’ni amalda uni sotish huquqini cheklash) hamda haydovchilik guvohnomasining amal qilishini to‘xtatishni ko‘zlamoqda. Shuningdek, ularga transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqlash, kredit shartnomasi tuzishni, davlat va munitsipal xizmatlarni onlayn olishni rad etish taklif qilingan.

Bundan tashqari, bunday “qoidabuzarlar”ning litsenziyalari to‘xtatib turilishi, Rossiyada masofaviy bank xizmatlaridan foydalanishi taqiqlanishi kerak. Ushbu cheklovlar doirasiga tushgan rossiyaliklarning pul mablag‘lari muzlatib qo‘yiladi, ishonchnoma orqali ular manfaati uchun bitimlar tuzish imkoni bo‘lmaydi. Komissiya rahbari Vasiliy Piskaryov bayonotiga ko‘ra, ularga ayrim konsullik xizmatlari ham rad etiladi.

Cheklovlar RF bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari qarori bilan joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. “Bundan tashqari, Bosh prokuratura internetda joylashtiriladigan ommaviy reyestr — ‘Vaqtinchalik cheklov choralari qo‘llanayotgan shaxslar ro‘yxati’ni yuritadi”, deb qayd etilgan xabarda.

Rossiyalik muhojirlarga yordam beradigan “Kovcheg” loyihasi rahbari, yurist Anastasiya Burakova fikricha, agar tegishli qonun qabul qilinsa, ma’muriy huquqbuzarlikda aybdor deb topilganlar amalda jinoiy ishlar bo‘yicha hukm qilinganlarga qo‘llanadigan cheklovlar bilan to‘qnash keladi. U “eng xavfli narsa” sifatida “ayrim konsullik xizmatlarini berishni rad etish”ni ko‘rsatdi.

“Urushga qarshi, Kremlga qarshi fikr bildirgan odamlar zarba ostida qoladi”, — deya taxmin qildi u DW bilan suhbatda.

Burakova eslatishicha, amaldagi Rossiya qonunchiligiga ko‘ra “har qanday jinoiy ish avtomatik ravishda chet elga chiqish pasportini berishni taqiqlashga olib keladi”. Shu bilan birga, Rossiya hokimiyati jinoiy ishlarni hatto ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘p yillar oldingi postlar uchun ham qo‘zg‘atishi mumkin.

Yurist ta’kidlashicha, ma’muriy moddalar bo‘yicha javobgarlikka tortilganlarga ham chet elga chiqish pasportini olish va Rossiyada biror harakat uchun ishonchnomalar rasmiylashtirish borasida rad javoblari berilayotgan holatlar bor. Agar cheklovlar haqidagi qonun qabul qilinsa, “bu amalda tezlashgan fuqarosizlik holatini yanada kuchaytiradi”, deb hisoblaydi ekspert. Uning fikricha, keyingi yillarda rossiyalik relokantlar eng xavfsiz deb hisoblagan Yevropa va boshqa davlatlarda ham haqiqiy shaxsni tasdiqlovchi hujjati yo‘q muayyan sondagi odamlar paydo bo‘lishi mumkin.

Shunga qaramasdan, huquq himoyachisi “parovozdan oldin yugurmaslik”ka, ya’ni hujjatning yakuniy matni tayyor bo‘lmaguncha hech qanday xulosa qilmaslikka chaqirmoqda. “Komissiya ko‘p propagandistik, qo‘rqitishga qaratilgan takliflarni kiritadi. Piskaryov bugun aytgan tashabbuslar ham hali ko‘p marta o‘zgaradi”, — deya tushuntirdi Anastasiya Burakova. — “Lekin, albatta, yaxshilanmaydi — ‘gaykalar’ yanada qattiqroq qotiriladi”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid