Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy Kupyanskka keldi. Putinga bu shahar olingani haqida ikki bor hisobot berilgandi
Ukrain harbiylari esa bu hududdagi rossiyalik harbiylar qurshovda qolganini aytmoqda.
Foto: Videodan kadr
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xarkiv oblastining Kupyansk shahriga kirish joyida o‘rnatilgan stela oldida turib videomurojaat yo‘lladi. Holbuki yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ushbu shahar egallangani to‘g‘risida hisobot berilgandi. Shu kunlarda ukrain harbiylari Kupyansk hududida muvaffaqiyatli qarshi hujum uyushtirilgani va rossiyaliklarning bu yerdagi guruhi qurshab olingani haqida xabar berishdi.
Rossiya qo‘mondonligi Kupyansk yo‘nalishida muvaffaqiyatga erishayotganini ta’kidlashda davom etmoqda.
«Bugun – Kupyansk yo‘nalishi, qaysiki bizning jangchilar Ukraina uchun natijalarga erishayotgan joy. Kupyansk haqida rossiyaliklar ko‘p gapirishdi – biz esa ko‘rib turibmiz. Men yigitlarni tabrikladim», – degan Zelenskiy o‘z murojaatida, prezidentning so‘zlari fonida kamida bir marta portlash ovozi eshitilgan.
Ukrainaning «Xartiya» korpusi xabariiga ko‘ra, sentabr oyida Kupyanskda vaziyat og‘irlashganidan keyin, Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy «Xartiya» qidiruv-zarbdor guruhini tuzgan.
Uning tarkibidan «Xartiya» brigadasi, Ukraina qurolli kuchlarining 92-shturm brigadasidan 475-shturm polki, Bosh razvedka boshqarmasi tarkibidagi Xorijiy legion hamda 144-mexanizatsiyalashgan brigada o‘rin olgan, bu guruh vazifasi Rossiyaning Kupyanskka yorib kirgan guruhini yo‘q qilish bo‘lgan.
«Xartiya»dagilarning 12 dekabr kuni bergan ma’lumotiga ko‘ra, guruh Oskol daryosi bo‘ylariga yetib borib, daryoning o‘ng sohilidagi rossiyaliklarni ta’minotdan uzib qo‘ygan.
«Xartiya» 2-korpusi qo‘mondoni Igor Obolenskiy «Ukrainskaya pravda» nashri bilan suhbatda bir necha oy muqaddam rossiyaliklar Oskol daryosidan o‘tib, Kupyansk ichkarisiga 6 km masofaga ilgarilagani, natijada shaharda va atrofdagi qishloqlardagi vaziyat o‘ta tang holatga tushganini aytib bergan.
Rossiyaliklar qurshovda qolgani to‘g‘risidagi bayonot
Korpus ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina kuchlari Kupyanskdan shimolda joylashgan Kondrashovka qishlog‘ini, uning atrofidagi hududlar va o‘rmonzorni to‘liq ozod qilgan. «Xartiya» guruhining 13-brigadasi esa Radkovka qishlog‘i va uning atrofidagi hududlar ozod etilgani, shuningdek, rossiyaliklar Kupyansk shimolidagi kvartallardan ham siqib chiqarilgani haqida xabar bergan.
Bundan tashqari, «Ukrainskaya pravda»ga ko‘ra, ukrain qo‘shini rossiyaliklar Kupyanskka kirishda foydalangan gaz quvuridan chiqish joylarini nazorat ostiga olgan. Hozirda rossiyaliklarda ilg‘or bo‘linmalariga faqat dronlar orqali ta’minot yetkazib berish imkoniyati qolgan.
Anadolu/Getty Images
«Shaharga kirish va uni ruslardan tozalash vazifasi qo‘yildi. Biz bir vaqtning o‘zida 2-3 yo‘nalishda ish olib borib, ularni logistikadan mahrum etdik. Bugungi kunda ishonch bilan ayta olamizki, shahardagi rossiyaliklar asosiy kuchlaridan to‘liq uzilib qolgan. Ular ancha vaqtgacha nimalar bo‘layotganini tushuna olmay turishdi. Ammo hozirga kelib qurshovda qolishganini bilishadi», – deya «Xartiya» qo‘mondoni so‘zlarini keltiradi «Ukrainskaya pravda».
Hozirda shahardagi rossiyaliklar soni 200 dan ko‘p emas, degan Obolenskiy. Ammo shaharda hamon tinch aholi vakillaridan 500 ga yaqini qolayotgani Mudofaa kuchlarining ishini qiyinlashtiradi, rossiyaliklar ulardan «jonli qalqon» sifatida foydalanmoqda, deydi u.
Bu vaqtda esa Rossiya mudofaa vazirligi sakkizta aholi yashash manzili, jumladan, Donetsk oblastining Siversk hamda Xarkiv oblastining Kurilovka qishloqlari (Kupyansk yaqinida joylashgan) egallanganini xabar qilgan. Ammo ukrainlar Kupyansk shimolidagi qishloqlarni qaytarib olgani haqidagi xabar yuzasidan izoh berilmagan.
RF mudofaa vazirligi e’lon qilgan xartidada Kupyansk shimolidagi Kondrashovka va Radkovka qishloqlari xuddi Kupyansk shahrining o‘zi kabi Rossiya nazorati ostidagi hududlar sifatida ko‘rsatilgan.
Putin va ikki marta «ozod qilingan» shahar
Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Kupyansk Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallab olingani haqida kamida ikki marta hisobot berilgan (oxirgi marta noyabr oyi oxirida).
Foto: Reuters
«„Zapad“ guruhi bo‘linmalari Kupyansk shahrini ozod qildi va Oskol daryosining chap qirg‘og‘ida qurshab olingan Ukraina qurolli kuchlari tuzilmalarini yo‘q qilishda davom etmoqda», – degandi Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov 20 noyabr kuni.
Keyingi kuni Ukraina qurolli kuchlari Birlashgan kuchlar guruhi uning bayonotiga izoh berdi va Kupyansk Rossiya nazoratiga o‘tgani rad etildi.
«O‘z yolg‘onlarining asiriga aylangan Rossiya rahbarlari uning darajasini oshirishga majbur bo‘lmoqda. Kupyansk shahri shimolida tarqoq joylashgan va ovoz chiqarib turgan rossiyaliklar soni 40 ga yaqin kishini tashkil etadi. Kupyansk-Uzlovoy posyolkasi Ukraina mudofaa kuchlari nazorati ostida», – deyilgandi bayonotda.
Gerasimovning Kupyansk nazorat ostiga olingani haqidagi bayonotlari ukrainalik harbiylar tomonidan rad etilishidan tashqari, rossiyalik Z-blogerlar ham bunga shubha bilan qarashgandi.
«Gerasimovning Kupyansk to‘liq ozod qilingani haqidagi bayonoti hozircha obektiv nazorat kadrlari bilan tasdiqlanmagan», – deb yozgandi «Dva mayora» harbiy telegram-kanali (bu boshqalarnikiga qaraganda ancha bosiq izoh edi).
«Voyennyy osvedomitel» Gerasimovning Putin oldida qilgan dokladini «parovozdan oldinda yurish» deb atadi, «Kanal vizionera» esa «NGSh (Bosh shtab boshlig‘i) ning Kupyanskni to‘liq ozod qilish haqidagi bayonotlari [...] yumshoq qilib aytganda, shokka tushirdi» deb yozdi.
Rossiya mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan Rybar kanali Kupyanskning olinishi haqidagi da’volarni «ko‘zbo‘yamachilik» deb atagan.
Bu Rossiya harbiy qo‘mondonligining xabarlari joylardan olingan xabarlar bilan tasdiqlanmagan birinchi holat emas va bunaqasi Kupyansk bo‘yicha ham kuzatilgan.
Avgust oyi oxirida Gerasimov bahor-yoz kampaniyasini sarhisob qilar ekan, shaharning yarmi allaqachon bosib olinganini aytgandi.