Jahon | 21:27 / 15.12.2025
4475
4 daqiqa o‘qiladi

Tinchlik muzokaralari: Ukraina Donbassdan qo‘shinlarini olib chiqishga rozi emas

Zelenskiy Berlinda amerikaliklar bilan «murakkab» muzokaralarni davom ettirmoqda.

Diego Fedele / Getty Images

Berlinda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning AQSh prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda Donald Trampning kuyovi Jared Kushner bilan muzokaralari davom etmoqda. Muzokaralarga Yevropa davlatlari vakillari, jumladan, Germaniya kansleri Fridrix Mers va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham qo‘shilishi kutilmoqda.

14 dekabr kuni Zelenskiyning amerikaliklar bilan muzokaralari besh soatdan ortiq davom etdi. Uitkoff uchrashuv yakunlari bo‘yicha tinchlik rejasi muhokamasida «sezilarli siljish» bo‘lganini ma’lum qildi.

Ammo, The Wall Street Journal nashri o‘z manbasiga tayanib yozishicha, muzokaralar «murakkab» kechgan, chunki AQSh vakillari «murosaga borishni xohlamayapti». Nashr xabarida qayd etilishicha, AQSh va Ukraina uchrashuvlari «Rossiya ishtirokisiz ham arqon tortishga aylandi»: Vashington tezroq qaror qabul qilishni talab qilmoqda, Zelenskiy va yevropaliklar esa hal qilinishi vaqt talab qiladigan «jiddiy kelishmovchiliklar» haqida gapirmoqda.

Hududiy masala eng murakkabi bo‘lib qolmoqda. Politico nashri Fransiyadagi manbasiga tayanib yozishicha, Ukraina AQShning Donbassda Amerika kompaniyalari ishlashi mumkin bo‘lgan qurolsizlantirilgan «erkin iqtisodiy zona» yaratish taklifini rad etgan. Germaniyaning Bild nashri ham Ukraina qo‘shinlari Donetsk oblastining o‘z nazoratidagi qismini tark etishi masalasi Kiyev uchun «qizil chiziq» ekanini yozmoqda – nashrga ko‘ra, Ukraina Rossiya bunga javoban o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishdan bosh tortishidan xavotirda.

Yevropa davlatlari vakillari ham Ukraina ishonchli xavfsizlik kafolatlarini olmaguncha, hududlar masalasida hech qanday oldinga siljish bo‘lmaydi, degan pozitsiyada.

Zelenskiy 14 dekabr kungi muzokaralardan oldin ham agar Ukraina AQSh va boshqa hamkorlardan NATO nizomining beshinchi moddasi bilan taqqoslanadigan ishonchli kafolatlar olsa (unga ko‘ra, Rossiya yana hujum qilgan taqdirda, kafil davlatlar Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini oladi), murosa sifatida NATOga qo‘shilishdan voz kechishga tayyorligini aytayotgandi.

Aholi kayfiyati

Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti tomonidan o‘tkazilgan yangi so‘rov natijalariga ko‘ra, ukrainlarning deyarli uchdan ikki qismi (63 foizi) «qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt» urushga chidashga tayyor.

Bu ko‘rsatkich so‘nggi yarim yil davomida deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda – may oyida respondentlarning 60 foizi, sentabr oyida esa 62 foizi shunday fikrda edi. Urushning dastlabki yillarida bu ko‘rsatkich muntazam ravishda 70 foizdan yuqori bo‘lgan, eng past ko‘rsatkich esa o‘tgan qishda kuzatilgandi: o‘shanda Ukraina aholisining 60 foizdan kamrog‘i urush davom etishiga tayyorligi haqida gapirgandi.

Yangi so‘rovda qatnashganlarning yana 15 foizi urushga yana bir necha oy chidashga tayyorligini bildirgan, 21 foizi savolga javob berishga qiynalgan (bu bunday tadqiqotlar boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich).

Shu bilan birga, Ukraina aholisining katta qismi tez orada yakunlanishiga ishonmaydi. Aholining atigi 9 foizi joriy yil oxirigacha, 14 foizi 2026 yilning birinchi yarmida, yana 11 foizi uning ikkinchi yarmida urush tugashiga umid qilmoqda. Respondentlarning uchdan bir qismi (32 foiz) urush kamida 2027 yilgacha davom etadi, deb hisoblaydi, yana taxminan shuncha kishi (33 foiz) savolga javob berishga qiynalgan.

Mavzuga oid