Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Ukrainada egallangan hududlarda uy-joyni olib qo‘yishni qonuniylashtirdi
Vladimir Putin Ukrainada Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallangan hududlarda bo‘sh turgan uy-joylarni milliylashtirish (davlat tasarrufiga o‘tkazish) haqidagi qonunni imzoladi. Bu hujjatga ko‘ra, ular yangi mahalliy hokimiyatlar qo‘liga o‘tadi. Yuz minglab ukrain qochqinlari uylari va kvartiralaridan ayrilib qolishi mumkin.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina hududida Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallangan yerlarda foydalanilmayotgan uy-joylarni milliylashtirishga imkon beruvchi qonunni imzoladi. Kremlda 15 dekabr, dushanba kuni imzolangan hujjatga muvofiq, okkupatsiya qilingan hududlarda joylashgan “egasiz mulk alomatlari” mavjud bo‘lgan turar joy uylari, kvartiralar va xonalar mintaqalar hamda munitsipalitetlar mulki deb e’tirof etiladi.
O‘tgan hafta bu qonun RF Davlat Dumasi va Federatsiya Kengashi tomonidan ma’qullangan edi. O‘shanda Ukrainaning Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi hujjatda uy-joyni “egasiz” deb tan olish uchun aniq mezonlar belgilanmaganini qayd etgan. Bu mezonlarni okkupatsiya ma’muriyatlarining o‘zi belgilaydi, bu esa ko‘chmas mulkni ommaviy o‘zlashtirib olishga yo‘l ochadi. Amalda bu, urush sabab Donetsk, Luxansk, Zaporijjya va Xerson viloyatlaridan chiqib ketgan yuz minglab ukrainlarning istalgan uy-joyi “hech kimniki” deb e’lon qilinishi mumkinligini anglatadi.
Qonunda uy-joyni keyinchalik qayta xususiylashtirish (reprivatizatsiya) imkoniyati ham nazarda tutilgan. Masalan, urush oqibatida uyidan ayrilgan boshqa odamlarga berilishi mumkin. Bundan tashqari, mahalliy hokimiyatlar uni Rossiya mansabdorlari uchun xizmat uy-joyi sifatida ham ishlatishi mumkin.
“Musodara qilingan uy-joy Rossiya harbiylariga, xavfsizlik kuchlariga, mansabdorlarga hamda davlat sektorining Rossiyadan olib kelingan xodimlariga beriladi. Demak, mahalliy aholi o‘rniga loyal aholi qatlamini maqsadli ravishda joylashtirish amalga oshirilmoqda”, — deyiladi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi izohida.
Shu bilan birga, qonun matnida mulk huquqini yo‘qotgan kvartira va uylarning sobiq egalari da’vo qilishi mumkin bo‘lgan kompensatsiyalar ham tilga olingan. Biroq bu faqat Rossiya fuqaroligini olganlarga taalluqli. Kompensatsiya tartibini mahalliy okkupatsiya hokimiyatlari belgilashi kerak.
Mavzuga oid
17:21
Saida Mirziyoyeva Mixail Mishustin bilan iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildi
15:51
Rossiya ichkarisiga dron hujumlari bilan Ukraina nimaga erishyapti?
09:20
G7 sammiti: Rossiya nefti va gaziga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlanmoqda
22:31 / 16.06.2026