Jahon | 13:21
574
4 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq gibrid hujumlar uchun Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kengaytirdi

YeI Kengashi Yevroittifoq mamlakatlariga qarshi gibrid hujumlar uchun javobgar bo‘lgan Rossiyaning jismoniy shaxslari va tashkilotlariga, shuningdek Rossiyaning “soya floti” bilan bog‘liqligi bor shaxslar hamda tuzilmalarga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etilganini ma’lum qildi.

Foto: AP

YeI Kengashi Yevroittifoq mamlakatlariga qarshi gibrid hujumlar uchun javobgar bo‘lgan Rossiyaning jismoniy shaxslari va tashkilotlariga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qilmoqda. Mazkur qaror 15 dekabr, dushanba kuni e’lon qilindi.

YeI Kengashining bildirishicha, choralar, jumladan, Rossiya harbiy razvedkasining 29155-bo‘linmasiga — RF QQ Bosh shtabi Bosh boshqarmasi (ilgari GRU deb tanilgan) tarkibidagi tuzilmaga — hamda Cadet Blizzard hakerlar guruhiga qarshi qaratilgan. Ular Chexiya va Ukrainadagi kiberhujumlar va gibrid operatsiyalar ortida turgan tuzilmalar sifatida ko‘rsatilgan.

Yevroittifoq Kengashi matbuot reliziga ko‘ra, sanksiyalar Kreml bilan yaqin aloqador yoki unga tegishli tashqi siyosat tahlilchilari, tahliliy markazlar va universitet xodimlari, shuningdek “rossiyaparast targ‘ibotni, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi haqidagi konspirologik nazariyalarni yoki antiukrain va NATOga qarshi pozitsiyalarni ilgari surayotgan” deb hisoblangan 12 nafar jismoniy shaxsga nisbatan ham joriy etilgan. Matbuot relizida ularning ayrimlari G‘arbiy Yevropaning sobiq harbiy xizmatchilari yoki politsiya xodimlari ekani qayd etilgan.

Ma’lum qilinishicha, 2022–2023 yillarda Cadet Blizzard Chexiya Respublikasida muhim ahamiyatga ega infratuzilmaning bir elementiga hujum qilgan. Hujum mazmuni tizimlarga ruxsatsiz kirish va hujumga uchragan tashkilot tarmog‘i ichida harakatlanishdan iborat bo‘lib, natijada razvedka uchun qimmatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumot o‘g‘irlangan. Biroq mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hodisa tufayli aholi xavfsizligiga tahdid yuzaga kelmagan.

Bir necha kun oldin Germaniya hukumati Rossiyani 2024 yilda havo harakatini boshqarish tizimiga qilingan kiberhujumda va 2025 yil fevraldagi Bundestagga muddatidan oldin saylovlar oldidan dezinformatsiya kampaniyasida ayblagan edi. Berlin ma’lumotiga ko‘ra, bu harakatlar ortida GRU turgan.

Shu kuni YeI Rossiyaning “soya floti” bilan bog‘liqligi uchun jismoniy shaxslar va tashkilotlarga qarshi ham yangi sanksiyalar joriy etdi. Ular doirasida ro‘yxatga yana 5 nafar jismoniy shaxs va 4 ta tashkilot kiritilgan. Ro‘yxatga “Rosneft” va “Lukoyl” kabi yirik Rossiya davlat neft kompaniyalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita bog‘liq bo‘lgan biznesmenlar ham qo‘shilgan.

YeI Kengashi matbuot relizida shunday deyiladi: “Ular Rossiya kelib chiqishiga ega xom neft yoki neft mahsulotlarini, yoxud Rossiyadan eksport qilinayotgan neftni tashuvchi kemalarni nazorat qiladi, neftning haqiqiy kelib chiqishini yashiradi va dengiz tashishida yo‘l-yo‘riqqa to‘g‘ri kelmaydigan hamda yuqori xavfli amaliyotlarni qo‘llaydi”.

Yangi jazo choralari Birlashgan Arab Amirliklari, Vetnam va Rossiyada joylashgan, sanksiya ostida bo‘lgan “soya” tankerlariga egalik qiluvchi yoki ularni boshqaruvchi dengiz kompaniyalariga ham taalluqli.

Hujjatda qayd etilishicha, sanksiyalar aktivlarni muzlatish, moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishni taqiqlash, shuningdek YeI mamlakatlariga kirishni (hatto tranzit tarzida ham) taqiqlash kabi choralarni o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid