Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentga viloyatlardan avtomobil kirishi cheklanmaydi - hokimlik
Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt transport tizimida rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar hokimligi rasmiy tushuntirish berib, viloyatlardan Toshkentga avtomobillar kirishiga hech qanday cheklov yoki taqiq joriy etilmayotganini ma’lum qildi.
Foto: Kun.uz
Tushuntirishda aytilishicha, muhokama qilinayotgan tashabbuslar “kirishni taqiqlash” emas, balki nazorat-o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish va ular negizida zamonaviy transport tugunlarini tashkil etishga qaratilgan. Bunda nazorat-o‘tkazish punktlarining bir qismi shahar tashqarisiga ko‘chirilishi, yana bir qismi qayta qurilishi rejalashtirilgan.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur hududlarda yirik avtoturargohlar, kempinglar va dam olish joylari, eng muhimi, shaharga tez va qulay yetib kelish imkonini beruvchi jamoat transporti infratuzilmasi barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Rasmiy tushuntirishda ta’kidlanishicha, bu qaror haydovchilar uchun majburiyat emas, balki qo‘shimcha imkoniyat hisoblanadi. Ya’ni haydovchi xohishiga ko‘ra avtomobilni avtoturargohda qoldirib, yo‘lni jamoat transportida davom ettirishi yoki avvalgidek shaxsiy avtomashinada Toshkentga kirishi mumkin.
Hokimlik bunday yondashuv dunyo megapolislarida qo‘llanadigan Park & Ride modeliga mos ekanini ham qayd etgan.
Izohda keltirilishicha, rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar transport yuklamasini qisqartirish, tirbandliklarni kamaytirish, ekologik holatni yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda. Shuningdek, poytaxt mehmonlari uchun markaziy hududlarda to‘xtash joyi qidirish muammosini kamaytirib, harakatlanishning qulay usulini tanlash imkonini kengaytirishi aytilgan.
Hokimlik xulosasida, gap taqiqlar haqida emas, balki shahar harakatini yanada qulay va zamonaviy tashkil etish orqali fuqarolar uchun tanlov imkoniyatlarini kengaytirish haqida ketayotgani aytiladi.
Mavzuga oid
12:08
102 ga qo‘ng‘iroq qilib, “Trampga chora ko‘rishni” so‘ragan fuqaro ma’muriy jazoga tortildi
15:29 / 13.01.2026
Qoraqalpog‘iston va Toshkentda qalbaki dollar o‘tkazmoqchi bo‘lganlar ushlandi
19:50 / 12.01.2026
Farg‘onada “prava”siz ayol uch odamni urib yubordi, bir kishi to‘shakka mixlandi: jabrlanuvchilar sud hukmidan norozi
23:15 / 11.01.2026