Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Biz o‘z jamiyatimizni bilamizmi?
Bugun ukrainaliklarning qanchasi urush tugashini xohlayapti – bu savolga ukrain xalqining o‘zida ham, Kiyevdagi siyosatchilarda ham javob bor. Bu javob sub’yektiv yoki xayoliy emas, u – professional va reprezentativ sotsiologik tadqiqotlar mahsuli. Axborot asrida ijtimoiy kayfiyatdan boxabar bo‘lib turish – xoh demokratik bo‘lsin, xoh avtoritar – barcha davlatlar uchun birdek hayotiy ahamiyatga ega.
Rossiya-Ukraina urushi boshlangan 2022 yilda 90 foizdan ortiq ukrainaliklar “to‘liq g‘alabaga erishuncha urushishimiz kerak!” degan fikrda edi. Bugun 69 foiz ukrainaliklar muzokaralar orqali urushni tezroq tugatish tarafdori. Shunday bo‘lsa-da, 67 foiz ukrainalik agar masala davlat mustaqilligi haqida ketsa, urushni davom ettirishga rozi.
41 foiz fransuzlar esa Fransiyada avtoritar boshqaruv bo‘lishiga rozi: “Agar kimdir hokimiyatda uzoq qolib, tartib o‘rnatsa, mas’uliyatni bo‘yniga olsa – bunga rozimiz”. Bu bilan fransuzlar keyingi 2 yilda 6 marta bosh vazir almashishi va muttasil inqirozlardan charchaganini bildirishmoqda.
Bu misollar – Ukrainadagi va Fransiyadagi ijtimoiy fikr, jamiyat kayfiyatini ifodalovchi so‘rovnomalardan parchalar edi. Dunyo davlatlarida jamoatchilik fikrini o‘rganish – sanoatlashgan va institutlashgan tartibda amalga oshiriladi. Nafaqat demokratiyalarda, balki o‘zining barqarorligini va rivojlanishini to‘g‘ri modellashtirish harakatidagi avtoritar davlatlar ham o‘zlaridagi jamoatchilik fikrini tizimli o‘rganadi, kerakli xulosalar chiqaradi, o‘z siyosatlarini to‘g‘rilab boradi.
Jamoatchilik fikrini o‘rganish deyarli bir asrdan beri mavjud. Bugun dunyoda juda taniqli jamoatchilik fikrini o‘rganish markazlari mavjud. Pew Research, RAND Corporation, Gallup, Chatham House, Levada-sentr va boshqalar professional tadqiqot markazlari sifatida nom qozongan.
Oldinlari reprezentativ, ya’ni aholining fikrini xolis ifodalovchi sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish ancha qimmat turardi. Keyingi vaqtlarda informatsion texnologiyalar rivoji, Big Data, ijtimoiy tarmoqlar – bularning barchasi aralash va mukammal jamoatchilik fikrini o‘rganishga imkon bermoqda. Ijtimoiy fikr va kayfiyatni o‘rganish – tez va nisbatan arzon bo‘lib bormoqda.
Nima uchun dunyo davlatlari ijtimoiy fikrni o‘rganib borishadi? Nafaqat biznes uchun, mijozlar nimalarni xozlashini bilish uchun. Balki siyosiy hokimiyatlar uchun odamlarning fikri, qarashi, kayfiyatini bilish – juda katta bilim va imkoniyatlar beradi. Ijtimoiy fikrni bilmaslik yoki bilib, inobatga olmaslik – katta inqirozlarga olib keladi. Mukammal bilish va to‘g‘ri ishlarni qilishga tayyor turish – mustahkam va mustahkam hokimiyatlar poydevori, asosi hisoblanadi.
Sotsiologik so‘rovnomalar orqali, jamiyat nimalardan rozi va nimalardan norozi, nima uchun shunday, odamlarning konkret qarashlari qanday va o‘zgarishlar qay tomon ketmoqda, kabi har qanday savolga malakali javob olish mumkin. Misol uchun, hukumat ijtimoiy fikrda o‘zi uchun noqulay javoblarni olsa, vaziyatni to‘g‘rilash yoki jamoatchilikka sharh berish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
O‘zbekiston – katta jamiyatga aylanib bo‘ldi. Aholimiz 40 million ostonasida. Bugun biz Markaziy Osiyodagi eng katta jamiyatmiz, turkiy davlatlarda va post-sovet hududidagi ikkinchi yirik jamiyatmiz. Musulmon dunyosida ham salmoqli 15 o‘rindamiz. Biroq, haliga qadar ijtimoiy fikrni o‘rganish, shu orqali barqarorlik va rivojlanishni institutlashtirishga kirishganimiz yo‘q. Ijtimoiy fikrni o‘rganish va jamiyatning o‘ziga bu fikrni bildirish borasida yangi malaka shakllantira olmayapmiz. Inersiya, e’tiborsizlik...
Bu borada imkon qadar tezroq vaziyat o‘zgarishi kerak. Nima uchun? Axborot davri boshlandi. Odamlar, jamiyatlar endi axborotga borgan sari to‘yinib boradi. Odamlar mobillashadi. Davlatlar ham oldingi usullarda ijtimoiy barqarorlik va siyosiy legitimlikni ta’minlay olmaydi. Bundan keyin davlatlar uchun legitimlik – eng muhim ijtimoiy-siyosiy resurs hisoblanadi. Sababi, globallashgan davrda legitimlik defitsiti – odamlardagi anemiya, kamqonlik kabi ko‘plab noxushliklarga olib keladi. Ijtimoiy zo‘riqishlar, bo‘hronlar va siyosiy inqirozlarning oldini olish uchun davlat ijtimoiy kayfiyatni yaxshi bilishi, jamiyatning o‘ziga bildirib borishi va muammoli nuqtalar borasida jiddiy ishlashi kerak bo‘ladi.
O‘zbekistonda keyingi 8-9 yilda kolossal ishlar qilindi. Ijtimoiy fikrda ham katta ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi va bo‘lmoqda. Biroq, uzoq asrlar davomida shakllangan davlatga ishonchsizlik ruhiyati – O‘zbekiston ijtimoiy fikridagi o‘ziga xosliklardan biri. Mana shu nuqsonni o‘zgartirish – davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonch ruhiyatini kuchaytirish, natijada tarixiy-siyosiy loyihalar qilishga imkoniyat beradi.
Qisqa qilib aytganda, biz o‘zimizni, nimalar haqida qanday o‘ylayotganimizni jiddiy o‘rganishimiz, o‘zimizni jiddiy bilishimiz va kelajak uchun qanday o‘ylasak yaxshi bo‘lishi borasida aniq tasavvurga ega bo‘lishimiz kerak. Lekin hozircha, eng katta bo‘shliqlarimizdan biri ham shu.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
16:18 / 12.02.2025
Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi
15:05 / 21.02.2023
“O‘zbekistonliklarni tinglaymiz” - Jahon banki navbatdagi so‘rov natijalarini e’lon qildi
17:30 / 25.09.2022
Jamoatchilik g‘alabasi: omma fikri bilan hisoblashilayotgani rostmi?
17:01 / 29.01.2022