Tonirovka
Bu masala ham juda uzoq “chaynaldi”. Qiziq jihati – ma’lum onlarda hatto UzAuto Motors monopoliyasidan ham ko‘proq muhokama qilindi. Avtomobili borlar ham, yo‘qlar ham shu qadar norozilik bildirishdiki, “baxt mezoni qoraytirilgan oynada” deb o‘ylab qolish darajasiga yetildi.
Va nihoyat bu yerda ham muammo prezident darajasiga olib chiqildi va bir kunda, bir daqiqada yechim topdi. 1 iyuldan avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirish bepul bo‘ldi, old va orqa yon oynalarni to‘liq qoraytirish to‘lovlari 6 barobargacha arzonlashtirildi. O‘sha kunlari bir ajiotaj bo‘lgani rost. Ammo hozirga kelib tonirovka qilish ham, unga qiziqish ham ancha susaygan. Aslini olganda o‘sha taqiqlar va qimmat narxlargina katta e’tiborni jalb qilib turgani ayon bo‘lmoqda.
Maktab formasi
Har mavsumda takror bo‘ladigan bu muammo aslida tugal yechilmagan. Shunchaki tish og‘rig‘i qoldirildi, davolanmadi. Chunki maktab formasi bo‘yicha qaror amalda, unga ko‘ra ro‘mol masalasi ochiq turibdi. Har bir maktab rahbari vaqti kelsa antiqahramonga aylanib qolishi mumkin.
Maktab formasi, ayniqsa ro‘mol yoz bo‘yi muhokama markazida bo‘ldi va maktablar ochilishi oldidan yechim topildi. Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov milliy qadriyatlardan kelib chiqib, o‘quvchi-qizlarning maktabga ochiq rangdagi milliy ro‘molni boshning orqa tomonidan o‘ragan holda kelishi man etilmasligini bildirdi. Ammo tez orada bu bayonot hukumat qaroriga zidligi esga olindi.
Yana vazirning o‘zi bu masala ham yechilishini ma’lum qildi va joriy yil 8 avgust kuni hukumat qaroriga tegishli o‘zgarishlar albatta kiritilishi, bu faqat vaqt masalasi ekanini aytdi.
Ekologik faollik
Bu ko‘proq global muammoning lokal ko‘rinishlariga jamoatchilikning keskin reaksiyasi bilan namoyon bo‘lmoqda. Daraxtlar kesilishi, ularga zarar yetkazilishi hamon katta masshtablarda davom etayotgan bo‘lsa-da, holatlarga aholi noroziligi aks etishi, buning ortida turli choralar ko‘rilishi ham ko‘p ko‘zga tashlanyapti.















