Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bloomberg: AQSh tinchlikdan bosh tortgani uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
Vashington Moskva Ukraina bilan yangilangan (qayta ishlangan) tinchlik kelishuvini rad etgan taqdirda, bosimni kuchaytirish niyatida. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, yangi choralar “soya flot” kemalari va neft treyderlariga ta’sir qilishi mumkin.
Foto: Jim Watson/AFP
AQSh Rossiyaning energetika sektoriga qarshi yangi sanksiyalar paketi joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda — maqsad Moskvaga, agar u Ukraina bilan qayta ishlangan tinchlik kelishuvini rad etsa, bosimni kuchaytirish. Bu haqda AQShning Bloomberg agentligi chorshanba, 17 dekabr kuni manbalarga tayanib xabar berdi.
Manbalarning aytishicha, Rossiyaning “soya floti” deb ataluvchi kemalariga, shuningdek bitimlar tuzilishiga ko‘maklashuvchi neft treyderlariga nisbatan cheklovlar muhokama qilinmoqda. Bloomberg qayd etishicha, AQSh moliya vaziri Skott Bessent haftaning boshida yevropalik elchilar guruhi bilan uchrashuvda aynan shu rejalarni muhokama qilgan.
Agentlik manbalariga ko‘ra, AQSh yangi sanksiyalar paketini joriy hafta taqdim etishi mumkin. Biroq, ularning ta’kidlashicha, yakuniy qaror AQSh prezidenti Donald Tramp ixtiyorida qoladi.
Shu orada, Ukrainaning AQShdagi elchisi Olga Stefanishina ma’lum qilishicha, Respublikachi va Demokratik partiyalarni ifodalovchi to‘rt nafar amerikalik senator Senatga ikki partiya hamkorligidagi (ikkipartiyaviy) qonun loyihasini kiritgan. Loyiha Rossiya nefti va neft mahsulotlarini sotib olish yoki ular importiga ko‘maklashish uchun sanksiyalar joriy etishni nazarda tutadi. Hujjat Decreasing Russian Oil Profits Act of 2025 (“RFning neftdan tushadigan daromadlarini kamaytirish to‘g‘risidagi 2025 yilgi qonun loyihasi”) deb nomlangan.
Stefanishina so‘zlariga ko‘ra, agar mazkur qonun loyihasi qabul qilinsa, AQSh prezidenti 90 kun ichida Rossiya nefti importiga ko‘maklashuvchi shaxslar va kompaniyalarga qarshi sanksiyalar kiritishi shart bo‘ladi. Sanksiyalar ro‘yxatini shakllantirish vazifasi AQSh davlat kotibi bilan maslahatlashuvlardan so‘ng moliya vaziri zimmasiga yuklanadi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva yangi sanksiyalar ishlab chiqish rejalaridan xabardor ekanini aytdi. “Vashingtondagi ayrim kabinetlarda shunday rejalar borligi — bu yaxshi ma’lum. Har qanday sanksiyalar munosabatlarni yo‘lga qo‘yish ishiga zarar yetkazadi. Bu aniq”, — dedi Peskov.
Oktyabr oyi oxirida AQSh Rossiyaning eng yirik ikki neft kompaniyasi — “Lukoyl” va “Rosneft”ga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan. Bu Trampning ikkinchi prezidentlik davrida Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritilgan ilk holat bo‘ldi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, “Lukoyl” sanksiyalar sabab xorijiy aktivlari uchun xaridor izlashni davom ettirmoqda, ularning qiymati 20 mlrd dollarga baholanadi.