AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qilishicha, yangi hujumlar to‘g‘risidagi buyruqni shaxsan prezident Donald Tramp bergan. Harbiylar operatsiyaning aniq nishonlari haqida ma’lumot bermagan, ammo uning maqsadi Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi harbiy imkoniyatlarini
ekanini ta’kidlagan.
Bundan bir kun avval CENTCOM Eron hududidagi 80 dan ortiq obektga zarba berilganini ma’lum qilgan edi. AQSh ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar Eronning havo mudofaasi tizimlari, qo‘mondonlik va aloqa tarmoqlari, qirg‘oqdagi radiolokatsiya stansiyalari, kemalarga qarshi raketa majmualari hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ga tegishli 60 dan ortiq tezyurar qayiqni nishonga olgan.
Vashington bu harakatlarni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida savdo kemalariga qilingan hujumlarga javob sifatida izohlamoqda.
AQSh Eron neftiga qarshi sanksiyalarni qayta tikladi
Yangi harbiy amaliyotlar boshlanishidan oldin AQSh ma’muriyati ikki hafta avval bekor qilingan Eron neftiga oid sanksiyalarni yana kuchga kiritdi. Bu qaror Vashingtonning Tehronga nisbatan bosimni yanada kuchaytirish siyosati davom etayotganini ko‘rsatadi.
Eron AQShni kelishuvni buzishda aybladi
Amerika zarbalaridan keyin Eron Tashqi ishlar vazirligi AQShni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida erkin kema qatnovini ta’minlash bo‘yicha memorandum shartlarini buzganlikda aybladi.
Vazirlik rasmiy vakili Ismoil Bag‘oiy Vashington bir tomonlama harbiy harakatlari bilan kelishuvni amalda bekor qilganini bildirib, Eron o‘z suvereniteti va milliy manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rishini ma’lum qildi.
Eron davlat ommaviy axborot vositalari mamlakat rahbariyati AQShning birinchi hujumlariga javob choralarini boshlaganini xabar qildi. Kuvayt va Bahrayn hukumatlari o‘z hududiga tomon Eron tomonidan raketa zarbalari berilganini ma’lum qildi.
Bu hujumlar uchun javobgarlikni Islom inqilobi muhofizlari korpusi o‘z zimmasiga oldi. IIMK bayonotiga ko‘ra, zarbalar AQShning Kuvayt va Bahrayndagi harbiy obektlariga qarshi amalga oshirilgan.
Tramp: Eron bilan ishlashni istamayman
NATO sammiti doirasida jurnalistlar savollariga javob bergan Donald Tramp Eron bilan tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi amalda tugaganini aytdi.







