Jahon | 19:54
881
8 daqiqa o‘qiladi

Xo‘jand kelishuvi, “Markaziy Osiyo +” formatlari va Ozarboyjonning sammitga qo‘shilishi – mintaqa yil ichida

Kun.uz Markaziy Osiyo mintaqasida 1 yil ichida eng muhim deb bilgan besh voqeani jamladi. Tahririyat nigohiga ko‘ra, 31 mart kungi Xo‘jand uchrashuvi mintaqada ko‘p yillik tinchlikka asos bo‘ladi, hududiy kelishmovchiliklarga nuqta qo‘yadi. Bundan tashqari, gigant davlatlar bilan “Markaziy Osiyo +” formatlari o‘tgan 1 yil ichida sezilarli kengaydi. Ozarboyjonning maslahat uchrashuvlariga tortilishi ham yilning muhim voqeasi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Xo‘janddagi uchrashuv

Markaziy Osiyo 2016-2017 yillarda bir-biridan ayro davlatlarning mintaqasi edi. Yilning eng asosiy mintaqaviy voqeasi O‘zbekiston-Tojikiston-Qirg‘izistonning chegara masalalariga yaxshilik bilan nuqta qo‘ygani bo‘ldi. Uch tomonlama uchrashuv shu yilning 31 martida, uchala davlat chegaralari tutashgan nuqtada bo‘lib o‘tgandi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev, Emomali Rahmon va Sadir Japarov davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan. So‘ng uch mamlakat chegaralari tutashgan hududda Do‘stlik stelasi tantanali ravishda ochildi.

Xo‘sh, nega buni mintaqa uchun yil voqeasi deb atayapmiz? Sababi aniq, Markaziy Osiyo davlatlarining bir-biridan uzilishi, yagona zamin odamlarining bir-biridan yuz o‘girishiga sabablardan, balki eng kattasi hududiy kelishmovchiliklar edi. Tarixan bitta davlat bo‘lgan bu xalqlar uzoq yillik mustamlaka siyosati sabab beshga bo‘lib yuborildi, keyingi mojarolarning richagi bo‘lishi uchun xuddi shunday hududiy janjallar sun’iy yaratib ketilgandi. Hozirgi ma’muriyatlar jahondagi geosiyosiy voqealardan ustalik bilan foydalandi va o‘z muammolarini hal qilib oldi.

Tadbirning mart oyiga belgilanishi, Navro‘z bilan bog‘lanishi ham aslida mintaqaning madaniy bir ekanini ko‘rsatish uchun kerak edi. Menimcha, chegara bo‘yicha mintaqaning eng kelisholmagan davlatlari Qirg‘iziston va Tojikiston edi. Yaqin tarixda deyarli har yili qonli to‘qnashuvlarga guvoh bo‘ldi. 31 martdagi kelishuvdan keyin O‘zbekiston rahbari ikkala davlat xalqini eski tarix yopilgani bilan tabriklagan. Demak, bizning yil voqealari ro‘yxatimizda Xo‘jand uchrashuvi birinchi o‘rinda.

Markaziy Osiyo +” formatlari eng yaxshi bosqichda

Bundan 21 yil avval, 2004 yilda Yaponiyaning tashabbusi bilan bu format ilk bor tuzilganida bu respublikalar mustaqil bo‘lganiga endi 13 yil to‘lgandi. Dunyoda birinchi bo‘lib Yaponiya mintaqaga bitta ko‘z bilan qarash tashabbusi bilan chiqqan. To‘g‘risi, bu yapon diplomatiyasining ham yutug‘i. Chunki bu geosiyosiy to‘g‘ri qaror edi. Bugun deyarli barcha katta davlatlar bilan mintaqaviy dialoglar mavjud. Eng oxirgisi Rossiya bilan ham, chunki Moskva hammadan keyin 2022 yilda Markaziy Osiyo + o‘z formatini tuzdi.

Yil davomida Yevropa ittifoqi, AQSh va Yaponiya o‘tkazgan mintaqaviy muloqotlarni alohida ko‘rsatib o‘tgan bo‘lardim. Masalan, AQSh prezidenti mintaqa liderlarini birinchi marta Oq uyda qabul qildi. Markaziy Osiyo prezidentlari mamlakatining salkam 35 yillik tarixida bir marta bo‘lsa ham AQSh prezidenti bilan Oq uyda birgalikda yuzma-yuz bo‘lmagandi. To‘g‘ri, sobiq prezident Bayden ularni qabul qilgan, lekin sammit Nyu-Yorkda, BMT ofisida o‘tgan edi.

Yaponiya esa o‘zi boshlagan dialogni mutlaqo yuqori darajaga ko‘tardi. Tokiodagi sammitda Yaponiya tomoni mintaqaviy loyihalar uchun salkam 20 mlrd dollar va’da qildi. Bu juda katta miqdor. Tokio mintaqada inson kapitaliga, ya’ni odamlar, ularning bilimi va kasbiy sifatiga alohida urg‘u bermoqda.

Yevropa ittifoqiga kelsak, “Global darvoza” kabi loyihalar mintaqa bilan tarixda umuman bo‘lmagan. Yevroittifoq Samarqanddagi aprel oyida o‘tgan sammitda besh Respublika uchun 12 mlrd yevro va’da qildi. Ushbu investitsion paket avvalo savdo yo‘llari, so‘ngra energetika, yashil rivojlanish, internet va ekologiya uchun sarflanishi e’lon qilingan. O‘zbekiston prezidentiga ko‘ra, masalan birgina bizning davlatga chetdan investitsiya 1 yilda 43 mlrd dollar investitsiya kiritilgan.

Temiryo‘l qurilishi boshlandi, moliyalashtirish masalasi hal bo‘ldi

Aslida bu bo‘yicha asosiy kelishuvga 2022 yildayoq erishilgan. Biroq, uchala tomon moliyalashtirish masalasida kelishib olishi kerak bo‘lgan. Shu yilning bahorida temiryo‘l tunneli qurilishi boshlandi. Ayni dam uch davlat qanchadan mablag‘ berishi aniq bo‘lgan, kelishuv yakunlangan. Qirg‘iziston transport vaziri bu temiryo‘l 5 yilda bitishini, O‘zbekiston tomoni esa bundan ham avvalroq bitib qolishi mumkinligini aytadi. Masalan, yaqinda Kun.uz bilan gaplashgan Qirg‘iziston vaziri ishlar davom etayotgani, 2030 yilda loyiha bitishini gapirgan.

Ozarboyjon maslahat uchrashuvlariga qo‘shildi

Bilasiz, 2018 yilda O‘zbekistonning tashabbusi bilan ushbu format tuzilgan. Bu mantiqan tarixda bo‘lgan, lekin muvaffaqiyatsiz tugagan MOHTning yangi versiyasi. Birinchi ma’muriyat davrida xuddi shunday dialog bor edi, lekin keyinchalik boshqa davlatlarning va xususan Rossiyaning qo‘shilishi sabab tashkilot umri uzoqqa bormagan. Bu galgi konsultativ uchrashuvlar ancha muvaffaqiyatli chiqdi. 7 yillik tajribadan so‘ng Toshkentdagi sammitda Ozarboyjon maslahat uchrashuvlariga rasman qo‘shildi. Bu esa yangi taxminlarni keltirib chiqardi, kimdir buni “Katta Markaziy Osiyo” strategiyasi bilan bog‘lasa, yana kimdir geosiyosatga uladi.

Masalan, O‘zbekiston rasmiylari Ozarboyjonning qo‘shilishini yangi geosiyosiy mintaqa, deb baholagan.

Ammo-lekin so‘nggi kunlarda Rossiya ham bu formatga qo‘shilish istagida ekani borasida gap-so‘zlar tarqagan. Bu esa jiddiy signal, chunki aslida maslahat uchrashuvlarining asosiy maqsadi faqat mintaqaviy yig‘ilish va mintaqa kelajagi uchun xavflarga hozirdan tayyor bo‘lish strategiyasi edi.

Afg‘oniston: tan olishdan darak yo‘q, «Tolibon» kutmoqda

Oradan bir yil o‘tdi, Afg‘oniston bilan bog‘liq siyosat o‘zgargani yo‘q. Lekin Afg‘onistonning «Tolibon» hukumati yil davomida o‘ta qaltis bo‘lgan qator cheklovli qarorlarini e’lon qilib keldi. Toliblarning G‘anidan qolgan davlat va hukumatni egallaganiga 4 yil bo‘ldi. Lekin ana shu 4 yil ichida Rossiyadan tashqari, biror bir rasman bu hukumatni tan olgani yo‘q. To‘g‘ri, fakt jihatdan Xitoy, BAA va O‘zbekiston toliblar bilan juda yaqin ishlamoqda, elchilar tayinlangan. Biroq, rasmiy ravishda hozirgi hukumatdagilar tan olingani yo‘q. Buning uchun shartlar aniq, inklyuziv hukumat, inson huquqlari, narkokontrabandaga chek qo‘yish va boshqalar.

Biroq, «Tolibon»ning o‘zi Afg‘onistondagi hayotni tinchlantirganini, iqtisodni ko‘targanini aytadi. Yil davomida Afg‘oniston uchun eng katta tortishuv Pokiston bilan bo‘ldi. Avvaliga Pokiston deyarli barcha afg‘onlarni davlatdan quvishga kirishdi. So‘ngra ikki davlatning muloqoti mutlaq yomonlashib, qurolli to‘qnashuv darajasiga yetdi. Bunda Hindistonning gijgijlash rolini ham ko‘rsatib o‘tmasa bo‘lmaydi. Lekin, «Tolibon» dunyodan tan olishlarini istaydi. Masalan, «Tolibon» tashqi ishlar vazirligidan Strategik tadqiqotlar Markazi direktori Abdul Hay Qanit hukumat keyingi davlat sifatida O‘zbekistonning ularni tan olishini kutayotganini aytgan.

Mavzuga oid