Bugun – 31 dekabr. 365 ta bekatni bosib ötgan 2025 yil poyezdi ötmiş qa’riga yöl oliş fursatini kutyapti. Kun.uz esa öz an’anasiga binoan, bu yil Özbekistonimiz solnomasida qanday iz qoldirganiga nazar taşlaydi.

Yilnoma mas’uliyatini his qilgan holda, biz unga eng salmoqli mavzularni tanlab oldik. Siyosiy sahnadagi özgarişlardan tortib, iqtisodiy şart-şaroitlargaça, eng şov-şuvli voqealardan tortib, erişilgan yutuqlar va yeçimini kutayotgan masalalargaça – qisqa va lönda qamrab olişga harakat qilamiz.

Siyosiy maydon

Yilnomani siyosiy sahnadagi özgarişlardan boşlasak. Bu yönalişdagi asosiy voqelik – Prezident administratsiyasiga rahbar tayinlangani böldi. Iyun oyida Administratsiya rahbari lavozimi qayta tiklanib, bu vazifaga Saida Mirziyoyeva tayinlandi. Siyosiy karerasini 2019 yilda boşlagan 41 yaşli Mirziyoyeva tayinlovga qadar ikki yil davomida prezident yordamçisi sifatida işlab kelayotgan edi.

Tayinlovdan keyin, Administratsiyada köplab kadr özgarişlari röy bera boşladi. Avvalo, 7 yildan beri prezident yordamçisi sifatida davlat rahbariga eng yaqin şaxslardan biri, ta’bir joiz bölsa Şavkat Mirziyoyevning “öng qöli” bölib kelgan Aziz Mağrupov lavozimini tark etdi. Şuningdek, iqtisodiy siyosat böyiça maslahatçi Ravşan Ğulomov, energetik siyosat böyiça maslahatçi Alişer Sultonovning iste’folari ham alohida ahamiyatga ega.