Jahon | 17:46 / 30.12.2025
1784
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Turkiyadagi «Akkuyu» AES qurilishini moliyalashtirish uchun 9 mlrd dollar ajratadi

«Akkuyu» Turkiyaning Mersin viloyatida joylashgan bo‘lib, 2010 yilda imzolangan shartnoma asosida «Rosatom» tomonidan qurilyapti. Loyihaning umumiy qiymati 20 mlrd dollarni tashkil etadi. Dastlab stansiyani 2025 yilda ishga tushirish rejalashtirilgandi, keyinchalik muddat uzaytirildi.

Rossiya Turkiyada qurilayotgan «Akkuyu» atom elektr stansiyasi (AES) loyihasini moliyalashtirish uchun 9 mlrd dollar ajratdi. Bu haqda Reuters Turkiya energetika vaziri Alparslan Bayraktarga tayanib xabar berdi.

AES Turkiyaning Mersin viloyatida joylashgan. Energetik majmua «Rosatom» kompaniyasi tomonidan qurilyapti. Loyiha 2010 yilda imzolangan shartnoma asosida amalga oshirilyapti, umumiy qiymati 20 mlrd dollarni tashkil etadi. Dastlab stansiyani 2025 yilda ishga tushirish rejalashtirilgandi, ammo keyinchalik muddatlar uzaytirildi.

«Bu mablag‘lar ehtimol, 2026–2027 yillarda o‘zlashtiriladi. Kamida 4-5 mlrd dollar 2026 yilda tashqi moliyalashtirish doirasida sarflanadi», - degan Bayraktar Istanbuldagi brifingda.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Turkiyaning Sinop viloyati va Frakiya mintaqasida yadroviy loyihalar bo‘yicha Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya va AQSh bilan muzokaralar olib boryapti. Rasmiy Anqara bu borada eng raqobatbardosh taklifni qabul qilishni maqsad qilgan.

Shuningdek, Turkiya Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi bilan 5 000 MVt quvvatga ega quyosh energetikasi loyihasi yuzasidan muzokaralar o‘tkazyapti.

Ma’lumot uchun, «Akkuyu» atom elektr stansiyasini ishga tushirish muddati bir necha bor o‘zgartirildi. Dastlab loyiha 2023 yil, keyin 2025 yilda foydalanishga topshirilishi aytilgan bo‘lsa, ayni paytda bu muddat 2026 yilga ko‘chirilgan.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid