O‘zbekiston | 19:21 / 05.01.2026
52109
3 daqiqa o‘qiladi

Boysundagi kondan nafaqat gaz, balki neft ham yer yuzasiga chiqmoqda

Boysun tumanida yer qa’ridan qora suyuqlik sizib chiqdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalar aholi xavotirini uyg‘otgan. Lavhalarda suyuqlik kanal va ariqlarga oqib ketayotganini ko‘rish mumkin. Energetika vazirligi ushbu suyuqlik haqiqatan ham neft ekanini tasdiqladi va tarqalish oldi olinganini ma’lum qildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Vazirlikka ko‘ra haqiqatan ham 2025 yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida «M-25» konida tarkibida neft saqlovchi suyuqlik yer yuzasiga chiqish holati kuzatilgan. Holat tezkor ravishda tegishli idoralar tomonidan nazoratga olingani aytilmoqda.

Neft suyuqligi atrof-muhitga tarqalishining oldini olish maqsadida kon hududi atrofida hamda yaqindagi soy o‘zani bo‘ylab qo‘shimcha himoya hovuzlari barpo etildi. Bu choralar suyuqlikning keng maydonga yoyilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.

Neft uzluksiz ravishda maxsus maydonga olib chiqilmoqda. U yerda har biri 5 000 kub metr hajmga ega, maxsus izolyatsiyalangan ikkita shlam hovuzi mavjud. Mazkur infratuzilma neft suyuqligini xavfsiz saqlash va kelgusida samarali foydalanish imkonini ta’minlashi ma’lum qilingan.

Neft suyuqligi namunasi bo‘yicha tahlil ishlari olib borilmoqda. Natijalar asosida qayta ishlash imkoniyatlari o‘rganiladi, geologik tadqiqotlar esa davom etmoqda. Hozirgi kunda vaziyat doimiy monitoringda va neft suyuqligi jilovlangan. Dastlabki kunlarda chiqib kanallarga oqqan suyuqliklar tozalanmoqda, deyiladi vazirlik munosabatida.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, 2025 yil noyabr oyida ham «M-25» konida geologik jarayonlar kuzatilgan. 2-3 noyabr kunlari konning 202-son gaz qudug‘ida avvaldan yoqib qo‘yilgan olov vaqtincha so‘ngan edi. Mutaxassislar bu holatni kondagi tabiiy geologik jarayonlar natijasi deb baho bergan va tezkor ravishda gaz yana yoqib qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, Boysun tumanida yer ostidan gaz sizib chiqishi aholini bir yarim yildan buyon bezovta qilib kelmoqda. Mutaxassislar esa bu holat tabiiy geologik jarayon ekani, konni jilovlash harakatlari olib borilayotgani bilan bog‘lab kelishadi. Biroq bu turdagi suyuqlik chiqishi atrof-muhit va mahalliy aholi uchun qanday ta’sir qilishi, qanday choralar bilan bu muammo butunlay bartaraf etilishi mumkinligi hali ham savol ostida qolmoqda.

Mavzuga oid