Jahon | 18:54 / 07.01.2026
10616
10 daqiqa o‘qiladi

«AQSh uchun ustuvor vazifa» – Tramp nega Grenlandiya ustidan nazoratni xohlayapti?

Venesueladagi «operatsiya» ortidan Donald Tramp Grenlandiyani qo‘lga kiritish uchun harbiy kuchni ham o‘z ichiga olgan «qator variantlar»ni muhokama qilmoqda. Oq uy ma’muriyatida dunyodagi eng yirik orolni to‘liq sotib olish rejasi ham bor. Xo‘sh, Grenlandiya nega AQSh uchun bunchalik muhim?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Oq uy ma’muriyati NATO a’zosi bo‘lgan Daniyaning yarim avtonom hududi – Grenlandiyani qo‘lga kiritish AQSh «milliy xavfsizligi ustuvor vazifa» ekanini aytdi.

«Prezident va uning jamoasi ushbu muhim tashqi siyosiy maqsadga erishish uchun bir qator variantlarni muhokama qilmoqda. Albatta, AQSh harbiy kuchidan foydalanish — Oliy bosh qo‘mondon ixtiyoridagi variantlardan biridir», deya Oq uy vakilining so‘zlarini keltirmoqda BBC nashri.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham dushanba kuni Kapitoliyda yopiq brifingda qonunchilarga Grenlandiyani bosib olishni rejalashtirilmayotganini aytdi. AQSh OAVlariga ko‘ra, biroq u Tramp ma’muriyati Daniyadan orolni sotib olish masalasini ko‘rib chiqayotganini aytgan.

Karakasdagi operatsiyani kuzatayotgan Ratklif, Tramp va Rubio / Foto: Oq uy

Shundan so‘ng Davlat departamenti vakili seshanba kuni BBC'ga AQSh «amerikaliklar va Grenlandiya aholisi uchun foydali bo‘ladigan barqaror tijoriy aloqalarni qurishga intilayotganini» aytgan.

«Bizning umumiy raqiblarimiz Arktikada tobora faol bo‘lib bormoqda. Bu AQSh, Daniya qirolligi va NATO ittifoqchilari uchun umumiy tashvishdir», degan u.

Uning aytishicha, Grenlandiya va Daniya bu masala bo‘yicha Rubio bilan tezroq uchrashishni so‘ragan. Xususan, Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Rasmussen AQSh bosh diplomati bilan gaplashib, «ayrim tushunmovchiliklarni» bartaraf etmoqchi.

Reutersʼga, ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan yuqori martabali AQSh rasmiysi variantlar orasida Grenlandiyani to‘liq sotib olish yoki u bilan «Erkin assotsiatsiya shartnomasi»ni (Compact of Free Association) tuzish ham borligini aytdi.

Grenlandiya masalasi AQSh Venesuela prezidenti Nikolas Maduro saroyiga hujum qilib, uni o‘g‘irlab ketganidan so‘ng yana kun tartibiga chiqdi. O‘sha operatsiyadan bir kun o‘tib, Tramp maslahatchisi Stiven Millerning rafiqasi Keti Miller Grenlandiya xaritasini AQSh bayrog‘i ranglarida bo‘yab, yoniga «SOON» («Tez orada») deb yozib ijtimoiy tarmoqqa joyladi.

Dushanba kuni maslahatchi Stiven Millerning o‘zi «AQSh hukumatining rasmiy pozitsiyasi — Grenlandiya AQSh tarkibiga kirishi kerak», dedi. CNNga bergan intervyusida undan AQSh kuch ishlatmaslikka kafolat bera oladimi, deb so‘ralganda, u: «Hech kim Grenlandiyaning kelajagi uchun AQSh bilan urishmaydi», deb javob berdi.

Bir necha hafta oldin — 21 dekabr kuni Donald Tramp Luiziana shtati gubernatori Jyeff Lendriyni Grenlandiya bo‘yicha maxsus elchi etib tayinlagandi. O‘shanda Tramp AQShga «Grenlandiya – mineral resurslar uchun emas, milliy xavfsizlik uchun kerak» degan.

«Agar Grenlandiyaga qarasangiz, butun qirg‘oq bo‘ylab rus va Xitoy kemalarini ko‘rasiz. Bizga u milliy xavfsizlik uchun zarur. Biz uni olishimiz kerak», — degandi Tramp Floridadagi chiqishida. U o‘shanda maxsus elchisi jarayonga «bosh-qosh bo‘lishini» bildirgan.

Grenlandiyani Daniyaga nima bog‘lab turadi?

2,1 million kilometr kvadratdan ortiq maydonga ega Grenlandiyaning qariyb 80 foizini muzliklar egallagan. Aholisi 56 ming kishidan ko‘proq. Daniyaning sobiq mustamlakasi bo‘lgan Grenlandiya 1979 yildan beri o‘zini-o‘zi boshqaruv huquqiga ega. Biroq mudofaa va tashqi siyosat Daniya qo‘lida qolgan.

2009 yilgi kelishuvga ko‘ra, mustaqillik e’lon qilish huquqiga ham ega. Biroq hozircha baliqchilik va Daniya subsidiyalariga katta darajada bog‘liq. Aslida ko‘pchilik grenlandiyaliklar kelajakda Daniyadan ham mustaqil bo‘lishni istaydi, biroq so‘rovlar AQSh tarkibiga kirishga keskin qarshi ekanini ko‘rsatmoqda.

2025 yil mart oyida mingga yaqin grenlandiyaliklar Trampning tahdidlariga qarshi namoyish ham o‘tkazgan edi.

Grenlandiya bosh vaziri Fredirik Nilsen o‘tgan oyda bu mavzu yuzasidan alohida bayonot ham berdi. «Biz yana AQSh prezidentining yangi bayonoti bilan uyg‘ondik. Bu katta gapdek tuyulishi mumkin, ammo biz uchun hech narsani o‘zgartirmaydi. O‘z kelajagimizni o‘zimiz belgilaymiz», dedi u.

Grenlandiya nima uchun muhim?

Yevropa va Shimoliy Amerika o‘rtasidagi strategik joylashuvi Grenlandiyani – AQShning ballistik raketalarga qarshi mudofaa tizimi uchun muhim hududga aylantiradi. AQSh bu yerda sovuq urushdan beri raketadan erta ogohlantirish tizimlarini saqlaydi.

Shuningdek, orolning nazorati Rossiya va Xitoyni Arktikada jilovlab turish yo‘lidir. Arktika Rossiya uchun harbiy yo‘nalish, Xitoy uchun esa hozircha iqtisodiy yo‘nalish. Grenlandiya bu ikki yo‘nalishning geografik kaliti deyish mumkin.

Bundan tashqari, Grenlandiyada litiy, neodimium va kobalt kabi strategik nodir metallar bor. AQSh esa Xitoyga bo‘lgan texnologik xomashyo qaramligini kamaytirish uchun ularga muhtoj.

Shu sababli Tramp ilgari ham, ikkinchi muddati boshida ham AQSh yurisdiksiyasi Grenlandiyaga tatbiq etilishi kerakligini bir necha bor aytgan. U mineral resurslarga boy orolni nazoratga olish uchun harbiy kuch ishlatishni istisno qilmagandi.

Xususan, Tramp 2019 yilda, birinchi prezidentlik davrida Grenlandiyani AQSh uchun strategik markaz sifatida ko‘rib, «bu asosan yirik ko‘chmas mulk bitimi», degandi.

2025 yil mart oyida vitse-prezident J.D. Vens Grenlandiyadagi AQSh harbiy bazasiga tashrif buyurib, Daniyani bu hududga yetarli sarmoya kiritmayotganlikda ayblagan.

2025 yil yozida esa Kongress eshituvlarida mudofaa vaziri Pit Hegsetdan zarurat bo‘lsa, Grenlandiyani kuch bilan egallash rejasi bormi, deb so‘ralganda, u: «Har qanday holat uchun rejalarimiz bor», deb javob bergan.

«Grenlandiya – uning xalqiga tegishli» — Yevropa norozi

Oq uyning yuqoridagi bayonoti – Yevropa yetakchilari Daniyani qo‘llab-quvvatlab qo‘shma bayonot e’lon qilganidan bir necha soat o‘tib yangradi.

«Grenlandiya uning xalqiga tegishli va faqat Daniya hamda Grenlandiyaning o‘zi o‘zaro munosabatlariga oid masalalarni hal qilishi mumkin», deyiladi Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Ispaniya va Daniya yetakchilari 6 yanvar kuni e’lon qilgan qo‘shma bayonotda.

Ular Arktika xavfsizligiga AQSh kabi ahamiyat berishlarini ta’kidlab, bunga NATO doirasida «birgalikda» erishilishi kerakligini bildirgan. Shuningdek, ular «BMT nizomi tamoyillariga — suverenitet, hududiy yaxlitlik va chegaralarning daxlsizligiga rioya etishga» chaqirdi.

Foto: Raw Arctic

Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen bayonotni olqishlab, «hurmatga asoslangan muloqot»ga chaqirdi. «Muloqot Grenlandiyaning maqomi xalqaro huquq va hududiy yaxlitlik tamoyiliga asoslanganini hurmat qilgan holda olib borilishi kerak», dedi u.

Daniya esa Trampning Arktikadagi orolga bo‘lgan da’volariga qarshi chiqib kelmoqda. Xususan, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen AQSh tomonidan orolga har qanday hujum NATOning yakunlanishini anglatishini aytdi.

Shuningdek, Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro hafta oxirida Germaniya va Polshaning tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashishini aytdi. Uchrashuvda yevropaliklar AQSh Grenlandiyani egallash bo‘yicha tahdidiga qarshi qanday choralar ko‘rish bo‘yicha reja ishlab chiqishni muhokama qiladi.

«Biz choralar ko‘rmoqchimiz, lekin bu bizning Yevropa hamkorlarimiz bilan birga bo‘lishi kerak», - dedi Barro.

Shunday vaziyatda, so‘nggi bir yil davomida Daniya Tramp ma’muriyati bilan keskinlikni yumshatish uchun Arktika mudofaasiga sarmoya kiritib, AQSh tanqidlariga «javob berishga» harakat qilmoqda. Lekin hozircha buning foydasi bo‘lmayapti.

 

Mavzuga oid