Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gulistonda sud qarorisiz buzilayotgan do‘konlar va taksichilardan pul undirgan jinoiy guruh – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Toshkentda taksichilardan pul undirgan jinoiy guruh qo‘lga olindi
Toshkent shahri – Yashnobod tumani yo‘nalishida taksi xizmati ko‘rsatuvchi haydovchilarga bosim o‘tkazib, tahdid qilish orqali noqonuniy daromad orttirish maqsadida o‘zboshimchalik bilan oylik o‘lpon joriy etgan guruh a’zolari qo‘lga olindi.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, guruh yetakchisi sifatida Alimqulov Sherzod Umaraliyevich jinoiy sheriklari bilan birgalikda haydovchiga kuch ishlatib, tan jarohati yetkazgan. Arzchining hayoti va sog‘lig‘iga ziyon yetkazish bilan qo‘rqitib, Yashnobod tumani hududida qatnovni davom ettirishi evaziga oldindan 2 oylik to‘lov sifatida 810 AQSh dollari olgan.
Holat yuzasidan jinoiy guruh yetakchisi va uning sheriklariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sirdaryoda tadbirkorlar mulki sud qarorisiz buzilmoqda
Sirdaryo viloyati, Guliston shahri, Navoiy shohko‘chasida joylashgan yengil tipdagi savdo do‘konlarini 8 yanvar kuni majburiy tartibda buzish boshlandi. Murojaatchilarga ko‘ra, buzish ishlari sud qarorisiz, kompensatsiyasiz, tezkorlik bilan amalga oshirilgan. Arzchilar IIBga olib ketilayotgani aytilmoqda.
Bu hudud 2007 yilda Guliston shahar hokimligining qarori bilan yengil tipdagi savdo do‘konlari qurish uchun ajratilgan. Shu yerda 30 dan ortiq tadbirkor qariyb 18 yil davomida rasman faoliyat yuritib kelgan. Ularning aytishicha, shu yillar mobaynida soliqlar to‘langan, faoliyatga hech qanday e’tiroz bildirilmagan.
Tadbirkorlar so‘zlariga ko‘ra, shahar hokimligi vakillari do‘kon egalaridan qisqa vaqt ichida savdo obektlarini o‘zlari buzib tashlashni talab qilgan. Aks holda, og‘ir texnika yordamida buzib tashlanishi aytilgan. Ayrim mulkdorlar sud qarori taqdim etilishini so‘rab, buzishga qarshi chiqqan.
Uchtepa tumani hokimligi xodimi 3 ming dollar bilan ushlandi
Toshkent shahrining Uchtepa tumani hokimligi vakilining noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi. Hokimlikning Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi noqonuniy ravishda tadbirkordan 3 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
U go‘yoki 2026 yilda tuman hududida buzilishi lozim bo‘lgan savdo do‘konlari va boshqa manzillar ro‘yxati tuzilayotganini aytib, tadbirkorga tegishli do‘konni tuman hokimligida yuqori lavozimda ishlovchi yaqin aloqalari orqali mazkur ro‘yxatga kiritmaslik hamda buzdirmaslik evaziga pul talab qilgan.
Bosh mutaxassisga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Davlat stipendiyalarini tayinlash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan magistratura mutaxassisligi hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun O‘zbekiston prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash tartibiga qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Qarorga muvofiq, prezident va nomli davlat stipendiyalariga talabgorlarning axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalari Bilim va malakalarni baholash agentligida (hududlar bo‘yicha) maxsus test sinovlari orqali baholanishi belgilandi.
Bundan tashqari, nomli davlat stipendiyalari sovrindori bo‘lgan talabalarga muayyan ta’lim bosqichida nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida qayta ishtirok etishga ruxsat etilmasligi belgilandi.