O‘zbekiston | 16:12 / 12.01.2026
1497
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xususiy va meros fondlarini tashkil etish tartibi belgilanmoqda

“Xususiy fondlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan xususiy fondlarni tashkil etish, boshqarish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, mol-mulkdan foydalanish hamda tugatishga oid qoidalar belgilanmoqda. Loyihada, jumladan, fondni ta’sis etish uchun dastlabki mablag‘ BHMning 1500 baravaridan kam bo‘lmasligi nazarda tutilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, xususiy fond jismoniy shaxs tomonidan yoki uning vafotidan keyin vasiyatnoma ijrochisi tomonidan muayyan muddatga yoki muddatsiz ta’sis etiladigan, muassis topshirgan yoki meros qilib qoldirilgan mol-mulkni belgilangan shartlarda boshqaruvchi nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi. Fondlar, qoida tariqasida, xayriya, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy va boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni ko‘zlashi qayd etilgan.

Loyihada xususiy fondlar ikki turga — muassis hayotligida tashkil etiladigan fondlar hamda vasiyatnoma asosida tashkil etiladigan fondlarga (meros fondlari) ajratiladi. Shuningdek, xususiy fondlar O‘zbekiston hududida va boshqa davlatlarda vakolatxona ochishi yoki filial tashkil etishi mumkinligi belgilangan.

Muassislik masalasida ham qator cheklovlar nazarda tutilgan: hammuassislikka yo‘l qo‘yilmaydi (er-xotin umumiy mulki hisobidan tashkil etish istisno), muassisni almashtirish mumkin emas, keyinchalik xayriya yoki grant taqdim etgan shaxslar muassis maqomini olmaydi. Fond nomi tarkibida “xususiy fond”, vasiyatnoma asosida tashkil etilganda esa “xususiy fond” yoki “meros fondi” degan so‘zlar bo‘lishi shartligi ham ko‘rsatilgan.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshirilishi, taqdim etilgan hujjatlar bo‘yicha qaror o‘n ish kuni ichida qabul qilinishi belgilanmoqda. Ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari sifatida hujjatlarning to‘liq emasligi, qonun talablariga zid qoidalar, davlat boji to‘lanmagani yoki dastlabki mablag‘ talabi bajarilmagani keltirilgan.

Loyihada xususiy fond mol-mulkidan foydalanishda ham cheklovlar bor: fond mol-mulki garov sifatida qo‘llanilishi, majburiyatlar bajarilishini ta’minlashning boshqa usuli sifatida ishlatilishi yoki kreditlar berish uchun yo‘naltirilishi mumkin emas. Shuningdek, har yilgi ma’muriy xarajatlar umumiy xarajatlarning 30 foizidan oshmasligi belgilangan.

Bundan tashqari, loyihada benefitsiarlar tushunchasi, hisobdorlik, boshqaruv organlari tizimi va vasiyatnoma asosida tashkil etilgan fondlar faoliyatining o‘ziga xos qoidalari ham bayon qilingan. Xususan, bunday fondlar uchun vasiylik kengashi yoki oliy kollegial organ tuzilishi majburiy ekani ko‘rsatilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid