Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp ma’muriyati Grenlandiyani 700 milliard dollarga sotib olmoqchi
Yana bir variantda Grenlandiyani referendum orqali Qo‘shma Shtatlarga qo‘shib olish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Foto: AFP/Getty Images
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan Grenlandiyani sotib olish bo‘yicha rasmiy taklif tayyorlashga ko‘rsatma oldi, deb xabar berdi Oq uydagi ismi oshkor etilmagan yuqori martabali amaldor NBC News telekanaliga.
Ta’kidlanishicha, bu hozir Donald Tramp uchun eng ustuvor reja hisoblanmoqda. Agar AQSh hukumati prezidentning maqsadiga erisha olsa, Daniyaning o‘zini o‘zi boshqaradigan hududi uchun 700 milliard dollargacha to‘lashi mumkin. Telekanalning uchta manbasiga ko‘ra, orolning qiymatini olimlar va AQSh ma’muriyatining sobiq amaldorlari aynan shunday baholagan.
Shu bilan birga, Tramp va uning eng yaqin maslahatchilari Grenlandiyani referendum orqali Qo‘shma Shtatlarga qo‘shib olishni afzal ko‘rmoqda. Bu haqda Politico nashri ikki manbaga tayanib yozdi.
14 yanvar kuni AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio Trampning niyatlari va takliflarini yaxshiroq tushuntirish uchun Vashingtonga maxsus borgan Grenlandiya va Daniya rasmiylari bilan uchrashuv o‘tkazadi, deb ta’kidlaydi NBC News.
Avvalroq, Tramp ijtimoiy tarmoqlarda Grenlandiya milliy xavfsizlikni ta’minlash va «Oltin gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimini qurish uchun kerakligini yozgan edi. Shu bilan birga, u Grenlandiyani bosib olish jarayoniga NATO boshchilik qilishi kerakligini qo‘shimcha qildi.
Tramp so‘nggi haftalarda AQSh Grenlandiyaga da’vogarligini bir necha bor ta’kidlagan. U orolni egallash zarurligini «Grenlandiya atrofida rus va xitoy kemalari borligi» bilan asosladi. Grenlandiya bosh vaziri orol aholisi AQSh va Daniyadan birini tanlashiga to‘g‘ri kelsa, ular Daniyani tanlashini aytgan edi. Bunga Tramp «bu ularning muammosi» deb javob berdi.
Reuters agentligi manbalarga tayanib yozishicha, AQSh rasmiylari Grenlandiya aholisini Daniyadan ajralib chiqib, AQShga qo‘shilishga ko‘ndirish uchun har biriga 10 mingdan 100 ming dollargacha bir martalik to‘lov ajratish imkoniyatini ham muhokama qilgan.